14:13 / 16.03.2020
26807
Xitoyda koronavirus bilan kasallanganlarning deyarli 84 foizi tuzaldi

Xitoyda yangi turdagi koronavirus bilan kasallangan bemorlar soni kundan kunga kamaymoqda, hozirgi paytda 9 898 kishi kasalxonalarda qolmoqda. Shu bilan birga, XXRning Sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha davlat qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, barcha kasallanganlarning 84 foizi tuzalib ketdi

Foto: REUTERS

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyning materik qismida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishning tasdiqlangan holatlari soni 80 860 kishiga yetdi, shundan 67 749 kishi davolandi va kasalxonadan chiqarildi, bu umumiy holatlarning 83,78 foizini tashkil etadi, deb xabar berdi RIA Novosti.

Epidemiya boshlangandan beri, Xubey provinsiyasidan tashqari, Xitoy bo‘ylab 13 622 kasallanish holati qayd etildi, ulardan 114tasi o‘lim bilan yakunlandi, o‘lim darajasi 0,87 foizga teng. Epidemiyaning markazi Xubey provinsiyasida 67 798ta kasallanish holati aniqlandi, 3 099 kishi vafot etdi, o‘lim darajasi 4,57 foizni tashkil qildi.

Shu bilan birga, Xubey provinsiyasining Uxan shahrida o‘lim darajasi 4,93 foizni tashkil etdi. Umuman olganda, epidemiya 3 213 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, mamlakatda o‘rtacha o‘lim darajasi 3,97 foizga teng bo‘ldi.

2019 yil 31 dekabr kuni Xitoy hukumati Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatning markaziy qismidagi (Xubey provinsiyasi) Uxan shahrida noma'lum pnevmoniya kasalligi avj olgani haqida xabardor qildi. Mutaxassislar kasallikning qo‘zg‘atuvchisi yangi koronavirus ekanini aniqladilar, keyinchalik kasallik rasmiy ravishda COVID-19 deb nomlandi.

JSST 11 mart kuni dunyoda yangi koronavirus pandemiyasini e'lon qildi. XXR Davlat sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha qo‘mitasi 12 mart kuni mamlakatda epidemiyaning eng yuqori cho‘qqisidan o‘tilganini bildirdi. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top