13:26 / 16.03.2020
19886
Xorijda qolib ketgan o‘zbekistonliklar charter aviareyslar bilan vatanga qaytarilishi kutilyapti

Tashqi ishlar vazirligi xorijdagi O‘zbekiston fuqarolariga maxsus murojaat bilan chiqdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 16 martdan boshlab O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan barcha xalqaro avia, avto va temir yo‘l qatnovlarini vaqtincha bekor qilish to‘g‘risidagi qarori va buning natijasida yuzaga keluvchi muammolar munosabati bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, elchixonalar va konsullik muassasalarida O‘zbekistonning xorijdagi fuqarolari murojaatlariga tezkorlik bilan javob berish uchun Operativ shtablar tuzilganligi ma'lum qilindi.

O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari xorijda qolib ketgan vatandoshlarga charter aviareyslar bilan vatanga qaytishlarida ko‘maklashadi. Fuqarolar vatanga qaytishlari bilan 14 kun davomida karantinda bo‘lishlari shart.

2020 yil 16 martdan O‘zbekistonga chet el fuqarolarining kiritmaslik to‘g‘risidagi qarorning kuchga kirganligi munosabati bilan elektron ko‘rinishdagi vizalarni rasmiylashtirish va berish tizimi faoliyati, ularni xorijdagi diplomatik vakolatxonalarda berilishi to‘xtatildi.

Diplomatik vakolatxonalarga xorijlik sheriklarga o‘z fuqarolarini O‘zbekistondan vatanlariga olib chiqib ketishga ko‘maklashish uchun hukumat tomonidan barcha choralar ko‘rilishini yetkazish to‘g‘risida topshiriq berildi.

Shu bilan birga, respublika diplomatik vakolatxonalaridagi barcha bayram va boshqa ommaviy tadbirlar bekor qilindi, barcha xodimlarning xorijda uyushtiriladigan shu kabi tadbirlarda ishtiroki cheklandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi eslatib o‘tadi:

Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolariga vatanga qaytish uchun davlat chegarasidan o‘tish taqiqlanmaydi. O‘zbekiston hududiga kirish borasida 2020 yil 16 martdan joriy qilingan cheklovlar, avvalambor, boshqa davlatlarning fuqarolariga tegishli.

Shu bilan birga, davlatdan tashqariga chiqish bo‘yicha vaqtincha taqiq O‘zbekiston fuqarolariga tegishli bo‘lib, hozirda mamlakatda bo‘lib turgan xorijiy fuqarolarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Operativ shtabi
Operativ shtab telefonlari: +998 71 233 28 28, +998 97 136 51 51 (mobil)
Call center – 1164
Telegram: +99897 136 51 51
TIV elektron pochtasi: info@mfa.uz.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top