08:49 / 17.03.2020
38604
Abdulla Aripov va Mixail Mishustin telefon orqali muloqot qildi

Muzokaralar davomida yangi koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq vaziyat muhokama qilindi 

Mixail Mishustin va Abdulla Aripov

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustin o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Rossiya hukumati saytida xabar berildi.

Muzokaralar davomida yangi koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq vaziyat muhokama qilindi. Mixail Mishustin davlat xavfsizligini ta'minlash, aholi salomatligini saqlash va koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida 2020 yil 18 mart soat 00:00 dan 2020 yil 1 may soat 00:00 gacha chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning Rossiyaga kirishi vaqtincha cheklanishi haqida ma'lumot berdi.

Ta'kidlanishicha, kirishga cheklov Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimlariga, xalqaro avtomobil transporti haydovchilariga, havo, dengiz va daryo kemalari ekipajlariga, xalqaro temir yo‘l qatnovidagi poyezd va lokomotiv brigadalariga, rasmiy delegatsiyalar a'zolari hamda diplomatik, rasmiy, yaqin qarindoshi vafoti munosabati bilan rasmiylashtirilgan oddiy shaxsiy vizalarga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi. 

Telefon orqali suhbat chog‘ida Mixail Mishustin Rossiya tomonidan ko‘rilayotgan choralar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalariga mos kelishini va bu vaqtinchalik ekanligini ta'kidladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top