22:07 / 17.03.2020
128225

AQShda koronavirusga qarshi vaksina sinovdan o‘tkazildi

Foto: Getty Images

AQShda koronavirusga qarshi vaksinaning dastlabki klinik sinovlari o‘tkazildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Sietldagi Kaiser Permanente tadqiqot markazi mutaxassislari to‘rt nafar ko‘ngilliga eksperimental tarzda vaksinani emlashdi. 

Vaksinada virusdan olingan xavfsiz genetik kod bor va u insonni COVID-19ni yuqtirib olishiga imkon bermasligi kutilmoqda.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bu vaksinaning qanchalik samarali ekanini aniqlash uchun bir necha oy muxlat talab qilinadi.

Birinchi emlangan inson 43 yoshli Jyennifer Xoller bo‘ldi. «Bu juda foydali ish qilish uchun ajoyib imkoniyat», - dedi u AP agentligiga.

Ayni paytda dunyo olimlari bu tadqiqotni diqqat bilan kuzatib borishmoqda. 

Klinik tadqiqotlar AQSh Milliy sog‘liqni saqlash instituti tomonidan moliyalashtirilgan. Qayd qilish joizki, olimlar vaksinani hayvonlarda sinab ko‘rish bosqichini chetlab o‘tib, insonlarga yuzlanishgan. Odatda, vaksina immunitet tizimini faollashtira olishiga ishonch hosil qilinganda shunday yo‘l tutiladi.

Vaksina ishlab chiqaruvchi Moderna Therapeutics kompaniyasi uning avvaldan sinalgan va tavsiya qilingan jarayon orqali yaratilganini ta'kidlamoqda.

London Imperiya kollejining yuqumli kasalliklar bo‘yicha eksperti Jon Tregoning bu vaksinada mavjud texnologiyalar qo‘llanganini tasdiqladi.

«Vaksina insonlarda sinab ko‘rish uchun xavfsiz bo‘lgan texnologiyalar yordamida juda yuqori andozalar bo‘yicha yaratildi. Ko‘ngillilarning barchasi diqqat bilan nazorat ostiga olinadi. Ha, bu ishlarning hammasi tezkor qilinmoqda. Ammo bu olim-hamkasblar bilan emas, balki virus bilan bo‘lgan raqobatdir. Barcha ishlar insoniyat uchun qilinyapti», - dedi Tregoning.

Qoidaga ko‘ra, vaksinalar (masalan qizamiqqa qarshi) zaif yoki o‘lik virusdan ishlab chiqiladi. Ammo mRNA-1273 nomini olgan bu vaksina COVID-19 xastaligini keltirib chiqaruvchi SARS-CoV-2 virusidan ishlab chiqilmagan. Laboratoriya sharoitida olimlar tomonidan yaratilgan bu vaksinada virusdan ko‘chirib olingan genetik kodning bir qismi bor.

Tadqiqotchilar uning yordamida insonning immunitet tizimini virusga qarshi kurashga yo‘naltirishga umid qilmoqdalar. 

Endi ko‘ngillilar eksperimental vaksinaning turli dozalarini olishadi. Ularning qo‘li har 28 kunda 2 marta emlanadi. 

Biroq, sinovlar muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda ham, vaksinaning ommaviy tarzda ishlab chiqilishi uchun 1,5 yil vaqt kerak bo‘ladi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top