08:08 / 17.03.2020
1682
BMT Xavfsizlik kengashi hafta oxirigacha barcha yig‘ilishlarni bekor qildi

BMT Xavfsizlik kengashi koronavirus epidemiyasi sababli joriy haftada yig‘ilish o‘tkazishni rejalashtirmayapti.

Foto: REUTERS

Bu haqda BMT bosh qarorgohidagi bir nechta manba xabar qilgan.   

BMT bosh qarorgohi koronavirusga chalinish bo‘yicha AQShdagi eng yuqori ko‘rsatkichlar qayd qilingan Nyu-York shtatida joylashgan.

16 mart kuniga ko‘ra, shtatda kasallanganlar soni 950 nafarga yetgan, 7 kishi undan vafot etgan.

Avvalroq BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish BMT kotibiyati xodimlari ish joyida bo‘lishlariga zarurat bo‘lmasa, 16 martdan 12 aprelgacha masofadan ishlashlarini ma'lum qilgandi.  

O‘tgan hafta Filippinning BMTdagi doimiy vakolatxonasi o‘z xodimalaridan biri koronavirusga chalinganini ma'lum qilgan. Shundan keyin diplomatik vakolatxona yopilib, xodimlar karantinga jo‘natilgan.

14 mart kuni BMTdagi 50 dan ko‘proq diplomatik missiya koronavirus tarqalishi sababli to‘liq yoki qisman masofadan ishlash tartibiga o‘tgani ma'lum qilingandi.

Top