15:44 / 17.03.2020
40216

Epidemiya chog‘ida musulmon odobi: narx-navoni sun'iy oshirish va vahima haqida. Nuriddin Xoliqnazarov bilan suhbat

Yuqumli kasalliklar paydo bo‘lganida unga qarshi kurashish borasida Islom dini ta'limoti qanday? Odamlar orasida vahimaga sabab bo‘lishning-chi? Narx-navoni asossiz ravishda oshirganlarni kim deb atash mumkin? Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin domla Xoliqnazarov bilan suhbatda shu va boshqa savollarga javob berildi.

Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida 2020 yil 16 martdan e'tiboran O‘zbekistonda karantin choralari e'lon qilindi.

Xo‘sh, mazkur epidemiyaga qarshi kurashishda Islom dini ta'limoti qanday? Savollarimizga javob olish uchun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin domla Xoliqnazarov bilan suhbatlashdik.

Assalomu alaykum, domla!

— Vaalaykum assalom va rohmatulloh, xush kelibsiz!

Domla, O‘zbekistonda karantin e'lon qilindi. Sir emas, Islom ta'limoti inson hayotidagi barcha jabhalarni qamrab oladi. Shu nuqtayi nazardan, karantin holatida musulmonlar o‘zlarini qanday tutishlari kerak bo‘ladi, ularning zimmasiga yuklanadigan mas'uliyat va vazifalar nimalardan iborat?

— Allohga hamd, payg‘ambarimizga salavot-u salomlar bo‘lsin. Afsuski, Allohning irodasi ekan, mazkur virus bizga ham kirib keldi. Garchi, hukumatimiz ehtiyot choralarini ko‘rib, mo‘min-musulmonlar duoi xayrlarda bo‘lib turdi, ammo Alloh irodasi ekan. Shunday ekan, ehtiyot choralarini ko‘rish barcha mo‘min-musulmonlarga zarur bo‘ladi.

Musulmon banda, avvalo, Islom dini qonun-qoidalariga muvofiq, har bir inson hayotini muhofaza qilish mas'uliyatiga ega. Shunday ekan, har birimiz yurtdoshlarimizni, dindoshlarimizning hayotini, salomatligini saqlashga mas'ulmiz. Shu bilan birga, o‘zimizning salomatligimizni ham saqlashga majburmiz.

Chunki, payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam aytganlarki, «Ikkita ne'mat bor, insonlar ularning qadriga hech yetmaydi, bular xotirjamlik va sihat-salomatlik». Bu hadisni ko‘p aytganmiz, ammo uning qay darajada ahamiyatli ekanini yaqinroq his qilib, tushunib turibsiz. Garchi, sanoqli kishilar virusni yuqtirgani aytilgan bo‘lsa ham, barchamizning xotirjamligimizga oz bo‘lsa-da ta'sir qildi. Shuning uchun, xotirjamligimizning qadriga yetishimiz, salomatligimizni asrashlik yo‘lida barchamiz birlashishimiz kerak.

Va Islomda musulmonlar o‘z rahbarlariga, bizning holatda tabiblar ko‘rsatmalariga ham itoat qiladi. Mana shuni unutmaslik darkor. Shunga muvofiq, ushbu kasallikning oldini olish bo‘yicha qanaqa ko‘rsatma bo‘lsa, unga amal qilishimiz lozim.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Allohning aytgani bo‘ladi», «Niqob taqsang ham, taqmasang ham, antiseptik vosita qo‘llasang ham taqdirda bori bo‘ladi», degan gaplar aytilmoqda. Lekin, bir hadis yodimga keldi. Shomda vabo tarqaganida, Hazrati Umar (roziallohu anhu) u yerni tark etgan. Shu hadisni izohlab bersangiz?

— Avvalo, musulmon sifatida Alloh Taoloning taqdiriga iymon keltirganmiz. Buni esdan chiqarmasligimiz kerak. Mana iymon shartlarimizda, Allohga, farishtalariga, payg‘ambarlariga, kitoblariga va taqdiriga ham ishonamiz. Yaxshilik va yomonlik ham, nimaiki bo‘lsa, Allohdan ekaniga ishonamiz. Lekin, taqdir ham Allohning bizlarga bergan bir ko‘rsatmasi ekanligi hozir siz aytgan hadisda o‘z ifodasini topadi.

U kishi Shomda vabo tarqaganida u yerdan chiqib ketdilar. Allohning taqdiridan qochyapsizmi, deganlarida, Allohning taqdiridan Allohning taqdiriga qochyapman deganlar. Ya'ni, mana shu qochishligim ham aslida Allohning taqdiri, deganlar.

Shuning uchun, avvalo, har bir narsani Allohga omonat qilishimiz lozim. Lekin, payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalomdan bir hadisda shunday rivoyat qilinadi. U kishidan: «Otimizni bog‘lab Allohga omonat qilaylikmi, yoki bog‘lamasdan, deb so‘raganlarida, otingni bog‘lab, so‘ngra Allohga omonat qil, degan ekanlar».

Yana bir hadis bor. «Tomi tushib ketadigan uyning ichida o‘tirib olib, Robbim meni saqlagin, degan kishining duosi qabul bo‘lmaydi», deyiladi. Bunday hadislar ko‘p.

Shunday ekan, Alloh Taoloning bizga bergan har bir taqdiriga rozi bo‘lgan holda, ehtiyot chorasini ko‘rishimiz kerak. Mo‘min-musulmon sifatida, o‘sha kasallikning oldini olish uchun nimaiki choralar bo‘lsa qilamiz-u, iymonimizda Alloh Taoloning taqdirisiz, hech narsa bo‘lmaydi, deb turamiz.

Bitta misol keltiradigan bo‘lsam, boshimiz og‘risa, bir dori ichamiz, ammo Alloh shifo berdi, deymiz. Chunki, aqidamizda sababiyat qonuni bor. Bir narsaga ikkinchi narsa sabab bo‘ladi. Shuning uchun, o‘sha kasallikning oldini olishga niqoblar, antiseptik vositalar yoki boshqa ko‘rsatmalar sabab bo‘lib, Alloh bizni balolardan asraydi.

Ma'lumotlarni o‘qiganimizda, kasallik tarqatuvchi bu virus nopoklikdan kelib chiqadigandek taassurot uyg‘otmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalarida ham qo‘lni muntazam sovunlab yuvish ko‘p takrorlanmoqda. Islom – poklik dini deymiz. Musulmonlar hayot tarzida bu narsa shundoq ham bor, ammo buni yana qanday kuchaytirish mumkin?

— Agar, biz mana shu poklik borasida payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ko‘rsatmalariga muvofiq bo‘lsak, in shaa Alloh, bu kasallikdan qutulamiz.

Birinchisi, inson pok bo‘lib yurishi. Bizda poklik shunchalik e'tiborga olindiki, u ibodat darajasiga, hatto iymon darajasiga olib chiqildi. Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalom «Tahorat – iymonning yarmidir», dedilar-da. Yoki, «Poklik iymondandir», degan hikmatli so‘z bor.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning boshqa bir hadislari bor: «Alloh pokdir va poklikni yaxshi ko‘radi». Islomda poklikka juda katta e'tibor qaratilgan. Bir kunda besh mahal namoz o‘qiganimizda, besh mahal qo‘limizni yuvib tursak, yuzimizni yuvib tursak, bizda gard qolmaydi. Oyoqlargacha yuviladi, aslida.

Undan tashqari, diniy ko‘rsatma va odoblar bor. Shulardan biri, jamoat joylarda taomlanayotganda, yoki umuman, choy ichayotganimizda idishga puflama, deyiladi. Puflash – makruh. Ayniqsa, hozirgi kunda, shunga hamma amal qilinsa, virus tushishidan saqlaniladi.

Yana biri mo‘min-musulmonlarning ko‘rishish odoblari. Biz, avvalo, salom bilan ko‘rishishimiz, zarurat bo‘lganda, qo‘l bilan ko‘rishishimiz kerak. Musulmonlarning bir-birlari bilan ko‘rishish madaniyatida o‘pishib ko‘rishish yo‘q. Bu, ayniqsa, ayollarga taalluqli.

Agar, shundan ham saqlansak, ovqat yeyayotganda saqlansak, payg‘ambarimiz tavsiya qilganlaridek, ovqatdan oldin va keyin qo‘llarimizni yuvib tursak, bizga hech qachon bu virus yuqmaydi.

In shaa Alloh, karantin muddati ham qisqaradi...

— Biz bu narsani farzandlarimizga ham o‘rgatishimiz kerak. Mana, virusdan saqlanish uchun, niqobdan ham ko‘ra, qo‘lni yaxshilab, sovunlab yuvishga ko‘proq e'tibor qaratilmoqda. Inson o‘ziga qarab, poklikka e'tibor bersa, katta-katta jamoat joylarida boshqalarga ozor berishdan o‘zini saqlasa, Xudodan umidimiz bor, tez kunda, bu bartaraf bo‘ladi.

Hozirgi kunda, supermarketlarda, do‘konlarda odamlar o‘rtasida bir vahima. Islom ta'limotiga ko‘ra, ortiqcha mahsulotlarni jamlab qo‘yish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?

— Ayrimlar hamma narsani taqdirga yo‘yib, hech narsa qilmaslik kerak deyapti. Ikkinchi tomon qo‘rqqanidan, vahima bilan ish qilyapti. Bunday paytlarda, musulmon odam sabrli-qanoatli bo‘lishi kerak.

Birinchidan, yurtimizda ocharchilik bo‘lgani yo‘q, qahatchilik yoki urush bo‘lgani yo‘q. Sanoqli odam shu virusga yo‘liqqanini eshitdik. Bunday vahima chiqarish shaytonning vasvasasi. Shayton vasvasasi bilan odamlar bir-birida vahima uyg‘otmoqda. Ortiqcha narsalarni olib qo‘ymoqda, bu isrof. Keragini olsa, ertaga yana oladi. Ko‘p olish oqibatida boshqalarni benasib qilmoqda.

Xalqimiz bunaqa bo‘lmagan. Virusni yuqtirgan fuqaro chiqqani haqidagi xabardan so‘ng, odamlarning holatini kuzatdim. Nega bunaqa, nima uchun vahima paydo bo‘ldi? Bundan kattaroq imtihon boshimizga tushsa, nima qilamiz?!

Bitta mayizni qirq kishi bo‘lib yegan yurtmiz biz. Ocharchilik, qiyinchiliklarni ko‘rgan bobo-momolarimiz. Uyidagi bir burda nonini yarmini qo‘shnisiga bergan xalqmiz.

Qolaversa, bir-birlariga asoslanmagan xabarlar, yolg‘on tarqatish – bu eng katta gunoh. Asos yo‘q. Chunki, payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalom insonlar orasida, hatto hazillashib ham qo‘rquv uyg‘otishdan qaytarganlar.

Sahobalardan birlari, jang o‘rtasidagi dam olish vaqtida ozgina uxlab turganlarida, safdoshlari kamon o‘qlarini yashirib qo‘yishdi. Uyg‘onib qarasa, o‘qlari yo‘q, qo‘rqib ketdilar. Ular kulishdi. Payg‘ambarimiz bu holni ko‘rib, hazillashib qo‘rqitish ham durust emasligini aytdilar. Vahima qilish ham qo‘rqitish-da. Ijtimoiy tarmoqlarda u-bu deb yozib, qo‘rquv uyg‘otish o‘rniga, odamlarni osoyishtalikka chaqirishi, Allohga duo qilaylik, uning qadariga rozi bo‘laylik, o‘zimizni ehtiyot qilaylik, deyish musulmonning vazifasi.

Bozorda xaridor soni ko‘paydi. Savdoda ikkinchi taraf – sotuvchi bor. Ularning ayrimlari, xaridor ko‘pligidan foydalanib, narxlarni oshirdi. Islomda narx-navoni insof bilan belgilash qanday muolaja qilinadi?

— Aslini olganda, savdogarlik sharafli kasblardan biri hisoblanadi. Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalom «kasblarning ichida eng yaxshisi bu savdogarlik» deganlar. Ulug‘ sahobalardan birlari ikki holatda o‘lim topishni istardim, biri vatanimni, oilamni dushmandan himoya qilib, ikkinchisi tijorat mollarini olib kelayotganda, degan ekanlar. Tijoratchining vazifasi insof doirasida xalq ehtiyojlarini ta'minlash.

Lekin ayni insonlar boshiga sinovlar, qiyinchiliklar tushib vaqtda foydalanib, aldab, pulini topish, umuman, durust emas. Ularga aytar so‘zimiz shuki, bunday usulda pul topib bo‘lmaydi, Allohdan qo‘rqish kerak. Aksincha, bunday vaqtda yordam berishi kerak.

Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalomning bir hadislarida deganlarki, «kim bir musulmon birodarining dunyoviy qiyinchiligini ketkazishda yordam bersa, Alloh qiyomatda uning qiyinchiligini ketkazishda yordam beradi».

Mana niqoblarni qarang. Bir necha kun avval qancha edi? Islomda «ihtikor» degan narsa bor, bu monopoliya qilib olish degani. Ayrim mahsulotlarning narxini sun'iylik bilan ko‘tarish. To‘plab olib, bir balo kelganida uni qimmat narxda chiqarib sotish harom. Bunday qilmaslik kerak. Aksincha, arzonlashtirib sotsa, Alloh qimmat sotgandagi 100 so‘midan arzon sotgandagi 1 so‘miga 1000 so‘mlik baraka beradi. Baraka insofda, afsuski, ichimizda shunday insonlar ham bor ekan.

Eshitib, meni ranjitgan yana bir narsa. Hukumatimiz tomonidan alohida qaror qabul qilindiki, karantin davrida talabalarga, yo‘lkiralarini 50 foizga arzonlashtirdi. Lekin, shunaqa paytda, ba'zi birlari yo‘lkira narxini keskin darajada ko‘tarib yuborib o‘z nafsi yo‘lida xiyonat qildi. Ularni xiyonatchi deyish xato bo‘lmaydi. Chunki, u mana shunday qiyinchilik davrida yurtdoshi, dindoshidan foydalanyapti.

Ijtimoiy tarmoqda o‘qib qoldim, qaysidir bir taksichi talabalarni tekinga olib borishini e'lon qilibdi. Mana shu insof. 5-6 bemor paydo bo‘lishi bilan kim asli kimligi bilinib qoldi. Kim vatanparvar, kim dinparvar, kim fidoyi ekanini musibatda, qiyinchilikda bilinadi.

Eskilarning gapi bor: kim nimadan foydalanib, pul qilsa, o‘sha topgan pulini shunga sarflaydi, deyiladi. Agar odamlarning musibatidan pul qilsa, topgan pulini bir kuni o‘z musibatiga sarflaydi. Bundan ehtiyot bo‘lish kerak. Bu gaplar, yillar davomida tajribadan o‘tgan gaplar.

Ammo, yana qaytaraman, ehson qiluvchilar ham chiqmoqda. Alloh yo‘lida nima bo‘lsa qilamiz, deyishmoqda, oziq-ovqat mahsulotlari borasida yordamlarini taklif qilayotganlar bor.

Bugundan boshlab, Musulmonlar idorasi ham fatvo chiqardi. Respublika masjidlarida jamoat namozi ibodatlari ado etilmasligi, juma namozi ham uyda o‘qilishi aytildi. Toshkent shahri misolida, bu qanday bo‘ladi, izohlab bersangiz.

— Bir narsani bilishimiz kerak, bu O‘zbekistonning o‘z tajribasi emas. Hatto Saudiya Arabistonida, Haram hududi ham Umra ziyorati uchun berkitildi. Butun dunyo Islom ulamolari kengashi bor, o‘sha kengash ham fatvo chiqarildi. Bu namozdan qaytarish emas, jamoat namozidan to‘xtatib turish deyiladi.

Payg‘ambarimizning jiyanlari Ibn Abbos o‘tirgan edilar, yomg‘ir kuchli yog‘ayotgan vaqtda, muazzin azon aytdi. Shunda Ibn Abbos muazzinga qarab «namozga kelinglar», deyish o‘rniga «uyingizda namoz o‘qing», degan so‘zni aytishni buyurdilar.

Atrofdagilarning ayrimlari ranjishdi. Shunda u kishi, bu ishni mendan ko‘ra, yaxshiroq inson qilganlar, dedilar. Yomg‘irda qolib, balchiqda qiynalmaslik maqsad qilingan edi. Yomg‘ir bilan virus o‘rtasida qanchalik farq bor. Sunnati muakkadani qilish bilan insonlarga zarar berishdan Islom qaytaradi.

Musulmon inson o‘z yurtining fatvosiga itoat qilishi vojib. Biz ham Toshkent shahrida bu fatvo e'lon qilindi. Musulmonlarimiz bu qarorni to‘g‘ri qabul qildilar, xursand bo‘ldi, demaymiz albatta, mahzun bo‘ldilar va bu balo tezroq daf bo‘lishini ko‘zlarida yosh bilan Allohdan so‘radilar.

In shaa Alloh, tez orada yana jamoat namozlarimizni birgalikda o‘qish nasib etadi.

Tolib Rahmatov suhbatlashdi

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top