22:25 / 17.03.2020
18633
Imtihon. Virusga xizmatkor bo‘lish haqida
Foto: Anna Yolkina

Sinov dunyo. Virus ham sinov. Qanday sinov, deysizmi?

Shunday sinovki, u nafaqat kishilarni, balki butun xalqni sinaydi.

Yo‘q, men Sizga aytsam, gap yanada jiddiyroq – virus xalqning qay darajada XALQ bo‘la olganini ko‘rsatadi.

Qanday qilib?

2020 yil, 15 mart, peshindan oldin. Jiyanim bilan dorixona oldidan o‘tayotgandik. U: «Amaki, antiseptik gel olaylik, maktabda ishlataman» deb qoldi (hali maktablar «yopilishi» haqida xabar tarqalmagan edi).

Jiyanim dorixonaga kirib, ikki dona gel olib chiqqach, ajablangan holda menga bir manzarani chizib berdi. Gap shundaki, u gel sotib olayotgan paytda dorixonaga bir kishi kirib, sotuvda qolgan gellarning hammasini sotib olib ketibdi...

«Janob Koronavirus»

Jiyanim chizib bergan manzara boshqa bir manzarani ko‘z oldimga keltirdi.

Deylik, virus bu – ongli mavjudot. Va uning maqsadi – xalqlarni zabt etish. Ongli mavjudotning esa xursand qiladigan va uni xafa qiladigan narsalari bo‘ladi. Bunda virusning yo‘lini to‘suvchi narsa uni ranjitadi, unga yo‘l ochuvchi omil esa – xursand qiladi.

Endi virusga qarshi turuvchi xalqni ham ongli bir shaxs sifatida tasavvur etamiz. Unda bu «shaxs»ning virusga qarshi qiladigan harakatlari, tabiiyki, mantiqli-tizimli bo‘lishi kerak. Chunki harakatlarida mantiq bo‘lmasa, virusga qarshi turuvchini biz ongli mavjudot deb atay olmaymiz.

Yagona organizm

Inson organizmi bu – aqlli, ichida kechadigan o‘zgarishlarga tezkor ravishda chora ko‘radigan tizim. Tanada viruslarga qarshi doimiy va muntazam kurash kechib turadi. Doimiy! Bu satrlarni o‘qib turgan paytingizda ham tanangizda bu kurash davom etyapti.

«Nega unda viruslar insoniyat tinchligiga ba'zida olamshumul raxna solib qoladi» dersiz? Gap shundaki, gohida dunyoning biron-bir nuqtasida shunday virus paydo bo‘ladiki, inson tanasidagi tizim uni «taniy olmaydi» – zararkunanda deb qabul qilmaydi. Natijada insoniyat uchun katta xavf paydo bo‘ladi va... bunday virus olamga mashhur bo‘lib ketadi.

«Jamiyat» va «organizm» – mohiyatan bir tushuncha – ikkisini ham «voqelikda yuzaga keladigan o‘zgarishlarga tezkor ravishda javob beruvchi tizim» deb ta'riflasa bo‘ladi. Endi savol: biz qanchalik jamiyatmiz?

Virusga xizmat qilish

Virusni ongli mavjudot, deb tasavvur qildik. Endi o‘ylab ko‘raylik, virus tarqalishining oldini olish uchun ommaviy choralar ko‘rilayotgan bir paytda dorixonadagi bor antiseptik gellar va boshqa vositalarni «urug‘i bilan» sotib oladigan «amaki» va «xola»larning ishi «qahramonimiz» – virusni ranjitadimi yoki xursand qiladimi?

Bunday harakatlarning oqibatini o‘ylab ko‘ramiz.

Shu tobda kerakli bo‘lib turgan vositalarning hammasini dorixonalardan «bir-ikki» kishi sotib oldi degani – bu minglab odamlar himoya vositalarisiz qoldi degani.

Bu degani esa virus oson tarqalishi uchun omil yaratildi, degani. Xudo ko‘rsatmasin, virus keng tarqalib ketsa o‘sha – dorixonalarni «tozalab qo‘ygan» kishilar va ularning oilalari, aslida, «elga kelgan to‘y»dan chetda qolmaydilar. Tokchalariga tizib qo‘ygan himoya vositalari ularga yordam bermaydi...

«Qaytar dunyo»

Dunyo – sinov. Virus ham sinov. «Bandalarim bir tan-u bir jon bo‘lib xatarga qarshi turadimi yoki yo‘qmi?» Sinovlar shu e'tibor bilan Yaratgan tomonidan yuborilsa, ne ajab?

Buni esdan chiqarib qo‘yib, xatar kelganda atay, fursatdan foydalanib qolish maqsadida mahsulotlarni qimmatiga sotish, xizmatlarni qimmatiga ko‘rsatish, bilib turib eng kerakli narsalarni ulgurji sotib olib, keyin qimmatlatib sotishga urinish ila vaziyatni yanada og‘irlashtirish – bu go‘yo ko‘zni yumib olib, o‘zni, o‘zi yashayotgan va ertaga bolalari yashashi kerak bo‘lgan maskanni xarob qilishga urinish go‘yo.

Bu – oddiy, aql taqozo qilgan haqiqat.

Keyingi avlodni jamiyat bo‘la oladigan avlod qilolmasak...

Insonlarning jamiyatga aylanmasligi – fojia. Nega? Chunki Insonga Yer sayyorasini har taraflama obod qilmoq vazifasi yuklatilgan, insonlar jamiyat bo‘lolmasa... bu vazifani bajara olishmaydi. Aksincha, yer yuzini abgor qilishadi va buning o‘zimiz guvohi bo‘lib turibmiz.

Ko‘rib turibmizki, bugunlikda yuzaga kelayotgan xatarlarning, xususan hammamizning qalbimizni junbishga keltirib turgan virus xatarining zamirida holatimizni o‘zimizga ko‘rsatuvchi ishoralar bor.

Bu ishoralarni uqib olmasak, uqib olib keyingi avlodni jamiyat bo‘la oladigan avlod qilolmasak, har qanday virusga xizmatkor bo‘lib, bir kun kelib ularning biriga o‘lja bo‘lib qolishimiz mumkin...

Muhammad Shakur

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top