10:58 / 17.03.2020
74101
Koronavirusdan himoyalanish: hammasi oddiy va biroz kulgili ham

O‘zbek xushchaqchaq millat. Ko‘cha kuyda koronavirus bilan bog‘liq ko‘plab hazillarni eshitishga ulgurdik. Shunday ekan, bu kasallikdan himoyalanish bo‘yicha maslahatlarda ham shu uslubdan foydalandik.

Foto: REUTERS / Soe Zeya Tun

• Qo‘l berib salomlashmang (to‘g‘ri tushunishadi);
• Qo‘llarni sovunlab yuving (kir sovunmi, atir sovunmi, farqi yo‘q);
• Vaqti-vaqti bilan qo‘lingizni antiseptik salfetka yoki gel bilan tozalang (ha, shunaqa narsalar ham bor, shunchaki biz ularni ishlatishga o‘rganmaganmiz);
• Zarurat bo‘lmaganda yuz-ko‘zingizni qo‘l bilan ushlashdan voz keching (bahonada yumshoq yuzimiz dag‘al qo‘llarimizdan dam olsin);
• Yo‘talayotgan, aksirayotgan odam bilan masofa saqlang (shartta qochib ketmang, ko‘ngliga keladi);
• Telefon, pult, kompyuter va shunga o‘xshash ko‘p ishlatiladigan buyumlaringizni tozalab turing (o‘zi bu qoidaga koronavirus kelmasidan oldin ham amal qilish kerak edi. Mayli, hechdan ko‘ra kech);
• Yo‘talganingizda yoki aksirganingizda og‘zingiz va burningizni to‘sing (bu ham azaliy qoida, koronavirus tufayli dolzarb bo‘lib qoldi xolos);
• Niqob taqing, ammo uni tez-tez almashtirib turing (dorixonalarda topilmagani bahona bo‘lmasin, oddiy vositalardan oddiy niqoblar tayyorlash bo‘yicha o‘nlab usullar ko‘rsatildi);
• Odam ko‘p joyga bormang (choyxona kutib turadi);
• Och qolmaslikka, yaxshi ovqatlanishga harakat qiling (baribir choyxonaga boriladi shekilli...);
• Muntazam qaynatilgan suv iching, gazli ichimliklarni cheklang (ha, kolani ham);
• Hayvonlar bilan munosabatda ehtiyot bo‘ling (albatta, Hindiston tajribasini qaytarmaysiz, lekin jonivorlarni parvarishlashda yuqish xavfi borligini unutmaslik lozim);
• Xonalarni tez-tez shamollating, tashqariga chiqishga qo‘rqmang, toza havoda sayr qiling, chekishni cheklang (tashlamaysiz, tashlolmaysiz baribir);
• Yo‘tal, harorat, nafas qisishi kabi belgilar kuzatilsa, sarosimaga tushmay, darhol shifokorga murojaat qiling va boshqalar bilan kontaktni cheklab turing (katta ehtimol bilan oddiygina tumov yoki grippga chalingansiz, lekin baribir koronavirus aybdor tuyilaveradi);
• Unutmang, ayni kunlarda Sizning koronavirusga chalinish ehtimolingiz milliondan bir ham emas, hatto bu kasallik ko‘payib, 100 000/1 nisbatga kelganda ham bir o‘ylab ko‘ring, vahimaga arziydimi?

Salomat bo‘ling! Bu virus Sizni va yaqinlaringizni chetlab o‘tsin!!!

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top