16:20 / 17.03.2020
115364
O‘zbekistonda koronavirus bemorlari soni 11 nafarga yetdi

Dubaydan aviareys orqali Toshkentga kelgan yo‘lovchida ham koronavirus tasdiqlandi. Ayni vaqtda O‘zbekistonda virus yuqtirganlar soni 11 nafarga yetdi.

O‘zbekistonning yana bir fuqarosida virus aniqlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov jonli efirda ma'lum qildi.

«Ayni vaqtga kelib O‘zbekistonda 11 kishida koronavirus tasdiqlangan. 

Olti kishi xorijda virus yuqtirgan holda O‘zbekistonga kelgan. Fransiyadan kelgan bir kishida, bu birinchi holat edi. Turkiyadan kelgan uch kishida, Londondan kelgan bir kishida virus aniqlangan. 

Bugun esa yana bir holat aniqlandi, u Toshkentga Dubaydan kelgandi. Unda kasallik belgilari aeroportdayoq ma'lum edi. Uning harorati yuqori bo‘lgan va tekshiruvlardan keyin virus tasdiqlangan», dedi u.

Ayni vaqtda barcha bemorlar va virus yuqtirishda gumon qilinganlar statsionarda joylashtirilgan. Ular bilan aloqada bo‘lganlar ham tibbiy kuzatuv ostida bo‘lib turibdi.

O‘zbekistonda 15 mart kuni koronavirusga chalingan ilk bemor qayd etildi. Ayni vaqtga kelib bunday bemorlar soni 11 nafarni tashkil qilmoqda.

O‘zbekistonga koronavirus to‘rtta reys orqali kirib keldi.

Birinchisi, 11 mart kuni Parij-Toshkent reysi. Bu reys orqali uchgan shifokor ayol O‘zbekistonda o‘g‘li, qizi, turmush o‘rtog‘i, nabirasi va qarindoshiga virus yuqtirib ulgurdi (6 bemor).

Ikkinchisi, 15 mart kuni soat 05:15da Istanbul—Toshkent yo‘nalishidagi 274- reys (3 bemor).

Uchinchisi, 14 mart kuni London–Toshkent yo‘nalishidagi 201-reys (1 bemor). 

To‘rtinchisi, Dubay–Toshkent yo‘nalishidagi reys (1 bemor).

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top