11:00 / 17.03.2020
195252
«Qani, aytingchi...» - UzAuto Motorsʼga og‘ir savollar

Toki avtozavod bozor qonunlari bo‘yicha ishlamas ekan, u barcha islohotlarga ko‘lanka bo‘lib turaveradi.

Chorak asrki «milliy g‘ururimiz», «milliy brendimiz» degan nom ostida xalqning «qonini ichib» kelgan avtosanoatimizni xonadonlarimiz eshiklarini taqillatib, «arzongina mashinalar bor aka, iltimos, olinglar boshlang‘ich 10 foizini to‘lasangiz bo‘ldi, qolganini 5 yilda foizsiz bo‘lib to‘laysiz», deydigan darajaga tushirish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.

Buning uchun butun xalq, qonunshunoslarimiz yeng shimarib ishga kirishsa, hukumat bu «chirigan og‘riq tish»dan voz kechishga qaror qilsa bo‘lgani.

Yillar davomida «milliy brendimiz»ning saqlab turish uchun adog‘i yo‘q subsidiyalar, sanoqsiz imtiyozlar bugungi kunga kelib abas ketganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Odamlar bitta avtomobil olish uchun yillab, misqollab pul yig‘ishadi. «Damas» olib yuk tashib tirikchilik qilaman, ro‘zg‘or tebrataman, deya xorijda ishlayotganlar qanchadan qancha! Bu axir odamlarni ochiq-oydin xo‘rlash emasmi?

O‘zi ne maqsadlarda ochilgan edi bu avtozavod? Xalqimizni arzon mashinalar bilan ta'minlash, millionlab insonlarning orzusini ushaltirish, qolaversa xorijga valuta chiqib ketishining oldini olish uchun emasmidi?

Lekin amalda nimani ko‘rmoqdamiz? Bir guruh odam avtosanoatni millat boshiga kulfat darajasiga keltirib bo‘lishmadimi?

Xalq uchun barcha tanlov eshiklarini berkitgan, mutlaq monopolist bo‘lgan zavodning hech qachon oshkor qilinmaydigan yashirin oldi-berdilarini amalga oshirayotganlarni kim deb atash mumkin?

O‘zingiz o‘ylang: zavod to‘liq davlatniki bo‘lsa, u xorijdan yoki o‘zimizdan amalga oshirayotgan xaridlar davlat xaridlari maqomida bo‘lsa, nega boshqa davlat xaridlari shaffof, ochiq-oshkor bo‘lar ekan-da, bularniki yashirin? Xo‘sh, kimdan nimani yashiryapti bular?

Millat nomidan gapiradiganlar: ochiqlanglar, qani ko‘raylik, qaysi ehtiyot qismlarni qayerdan necha pulga olib kelyapsizlar? Hisob-kitob qilaylik. Telefonimizning kalkulyatoriga solib…

Men nohaq bo‘lib, bularning butun tutumi happa-halol bo‘lsa, kimdan va nimadan qo‘rqishadi? Oshing halol bo‘lsa — ko‘chada ich, deganlar!

Bilamiz, qimmatbaho ehtiyot qismlarning aksariyati Janubiy Koreyadan keltiriladi. Qani aytingchi, o‘sha «zapchast»larni necha puldan olyapsizlar? Transportirovkasi qanchaga tushyapti? Narxlarini ham bilaylik, axir. Koreyalik hamkasblarimizni ham surishtiruvga qo‘shaylik. Qani, bularning o‘sha koreys hamtovoqlarining «somonxona»si qayergacha ekan?

Kuzov yasaladigan «Severstal» po‘lat listlari Rossiyadan qanchaga xarid qilinmoqda? 2018 yilda futbol bo‘yicha Rossiya milliy terma jamoasining o‘rtoqlik uchrashuvlaridagi reklama va homiylik uchun nechchi million dollar mablag‘ ajratilgan? U mablag‘lar Rossiyadagi sotuvlar (o‘zi qancha mashina sotildi) hisobidan qoplandimi-qoplanmadimi? Yoki uning to‘lovini ham o‘zbek xalqi cho‘ntagidan to‘lab berdimi? A labbay?!

Javob berish juda og‘ir bo‘lgan savollar ko‘p, xullas.

Juda ko‘pchilik «xorijiy avtomobillarga boj stavkasini kamaytirish kerak, shunda bular raqobat qilishga majbur bo‘lyapti», deb yozmoqda. Bir tarafdan to‘g‘ri, qo‘shilaman. U haqida pastroqda fikr bildiraman.

Lekin, UzAuto Motors xaridlarini shaffof qilib ham maqsadga osongina erishish mumkin. Millat nomidan gapiradigan, xalqqa boshqa tanlov qoldirmagan monopolist albatta har bir tiyini uchun xalq oldida hisob berishi shart!

Chunki ular mashina uchun oldindan xalq pulini yig‘ib olib, o‘sha pulni tasarruf etib, keyin mashina yetkazib bermoqda.

Avvalgi yillardagi mashinani dollarga sotish, avtosalondagi «shapka»lar, sun'iy navbatlar kabi «qon so‘rishlar»ni eslashga ham hojat yo‘q. Shu kunlarni ham ko‘rdik, nachora... Aslida bularning allaqachon qilinishi kerak bo‘lgan hozirgi ishlarni pesh qilib, ruscha aytganda, «odoljyeniye» qilayotgani yanada kishini g‘azablantiradi.

Qiziq, nega deputatlarimiz, senatorlarimiz hukumatdan buni talab qilishmaydi? Nega partiyalar yetakchilari monopolist tomonga o‘tib gapiradi? Bu undaylar xalqdan oladiganini olib bo‘ldi, endi 5 yil xalqning zarariga ishlayversa bo‘ladi deganimi?

Bozor uchun kurashayotgan halol tadbirkorlik sub'yektidan farqli o‘laroq, xaridor uchun tanlovlarni cheklagan monopolist boyish uchun albatta tannarxni oshiruvchi noo‘rin xarajatlarni ko‘paytiradi. Bu esa o‘z-o‘zidan narxlar qimmat bo‘lishiga olib keladi.

Mashina zavodlari xuddi atay qilingandek transportirovka uchun o‘ta noqulay joylarda qurilgan: Asakada va Pitnakda. Masalan, «Damas»ni Xorazmda ishlab chiqarish uchun uning butlovchi qismlari Andijonda yasalib, mamlakatning narigi chekkasiga — Xorazmga eltiladi. U yerdan «Damas» yo «Labo» andijonlik xaridorga keltirib beriladi. Bularning barchasida noo‘rin va o‘zini oqlamagan transportirovka xarajatlari bor.

Albatta, zavodni yopib yuborish kerak emas. Lekin uni bozor qoidalariga mos ravishda ishlashga majburlash ham kerak. Axir yetar endi, chorak asr erkalanganlari.

O‘zbekiston avtobozorida raqobat muhitini yaratish haqida ikki og‘iz qisqacha fikrim.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda qo‘shni davlatlarning mashina bozorlaridagi narxlarni ham e'lon qila boshlashdi. Tan olish kerak, ko‘rsatilayotgan videodagi mashinalarning barchasi eski.

Bizda xorijiy mashinalar uchun chegara yoppasiga ochilsa — avtobozorimiz qo‘shnilarnikidek, eski-tuski mashinalarga to‘lib ketishi turgan gap.

Lekin, kamroq boj evaziga jahon brendlariga faqat yangi mashinalarni yurtimizdagi avtosalonlarda sotishga ruxsat berish kerak. Ko‘chalarimizdagi asosan amaldorlarni tashib yuradigan yakkam-dukkam qora «Captiva»-yu, «Malibu»lar hisobga olinmasa, asosan oq rangdagi 5-6 xil mashinalar, bir xillik hammaning ham joniga tekkandir?

Peshonasi sho‘r o‘zbek ham yap-yangi Toyota, Mercedes, BMW, Mitsubishi, Hyundai, Mazda, Skoda, Opel, Kia, Peugeot, Renault, Volkswagen, Citroën, Fiat va Ford kabi mashinalarni minib ko‘rsin endi!

Ana shunda anavi bir guruh ham aslida nima ishlab chiqarayotganini ko‘rgan, bilgan, sezgan va his qilgan bo‘lar edi.

Biz bozor iqtisodiyoti quryapmiz. Bozor qonunlarini inkor etuvchi, xalqni talash evaziga monopolistlarni boy qiluvchi muvaqqat va sog‘lom aqlga zid qoidalardan ikkilanmasdan voz kechish kerak. Avtozavod bozor iqtisodiyoti bo‘yicha ishlamas ekan, qilinayotgan barcha sa'y-harakatlar, barcha islohotlar bekor. Ko‘lanka tashlab turaveradi…

O‘ylaymanki, qonunshunoslarimizda ham, hukumatimizda ham bu ishni tez fursatlarda amalga oshirish uchun kuch va iroda topiladi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,

jurnalist

Top