10:40 / 17.03.2020
1818
Sport muassasalarida sanitariya-gigiyena me'yorlariga rioya etilishi kuchaytirildi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi tashkilot va muassasalarda sanitariya-gigiyena me'yorlariga rioya etilishi yanada kuchaytirildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirining “O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi tashkilot va muassasalarda sanitariya-gigiyena me'yorlariga rioya etilishini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi buyrug‘i qabul qilindi.

Hujjatda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan gripp va koronavirus infeksiyasi profilaktikasi bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar inobatga olinishi aytilgan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi barcha sport maktablari, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, futbol akademiyalari, respublika oliy sport mahorati maktablari, oliy ta'lim muassasalari, malaka oshirish va qayta tayyorlash markazlarida o‘quv hamda o‘quv-mashg‘ulot jarayonlari, to‘garaklar faoliyati, shuningdek, barcha turdagi sport tadbirlari, yig‘inlar o‘tkazilishi joriy yilning 16 mart kunidan boshlab vaqtincha to‘xtatildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shaharlarida yangi qurilgan va foydalanishga topshirishi rejalashtirilgan sport obektlarini tantanali ravishda ochilish marosimlarini o‘tkazish vaqtincha to‘xtatildi.

Vazirlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, hududiy bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalari hamda Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va uning Nukus filiali rahbarlariga:

ta'lim muassasalarida o‘quv jarayonlari va sport mashg‘ulotlari o‘tkazilishini rasmiy ko‘rsatma berilishiga qadar vaqtincha to‘xtatish hamda yozgi ta'til hisobidan o‘quvchilarga muddatidan oldin ta'til berish choralarini ko‘rish;

bir kun muddatda ta'lim muassasalari o‘quvchi va talabalarining har 20 nafariga bir nafar mas'ul biriktirgan holda ularning o‘z uylariga yetib borishlarini nazorat qilish;

o‘quvchilar turar joylari hamda oshxonalaridan vaqtincha foydalanishni to‘xtatish;

ta'til muddatiga aniqlik kiritilgandan so‘ng o‘quvchi va talabalarning o‘zlashtirilmay qolgan fanlarini o‘zlashtirish maqsadida qo‘shimcha dars mashg‘ulotlarini belgilash choralarini ko‘rish;

amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida vazirlikning Fan, sport va ta'lim muassasalarini ilmiy-metodik ta'minlash boshqarmasiga (+998712392428, +998712392429) kunlik axborot kiritib borish vazifalari yuklatildi.

Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta'minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi va uning Nukus, Samarqand hamda Farg‘ona filiallari rahbarlariga:

barcha turdagi malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari, shu jumladan pullik xizmat ko‘rsatish turlari vaqtinchalik to‘xtatilishi;

malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari reja-jadvallarini qayta ko‘rib chiqish hamda markaz va uning filiallari mehnat jamoasi o‘rtasida COV1D-19 koronavirusi yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish;

markaz va uning filiallari negizidagi ma'muriy va o‘quv binolar, qo‘shimcha inshootlar, yotoqxona va oshxonalarni dezinfeksiya qilish;

malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari tinglovchilarini masofaviy o‘qitish choralarini ko‘rish;

amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida vazirlikning Fan, sport va ta'lim muassasalarini ilmiy-metodik ta'minlash boshqarmasiga (+99871-239-24-28, +99871-239-24-29, elektron manzil: a.xasanov@minsport.uz) kunlik axborot kiritib borish vazifalari topshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari boshliqlari, vazirlik tizimidagi respublika tashkilot va muassasalari rahbarlariga:

bolalar-o‘smirlar sport maktablari, ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari, Respublika oliy sport mahorat maktablari hamda sport mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan barcha turdagi boshqa muassasalarda sport seksiyalari va to‘garaklari faoliyati vaqtinchalik to‘xtatish;

shug‘ullanuvchilarning ota-onalarini sport seksiyalarining faoliyati nomuayyan muddatga to‘xtatilganligi to‘g‘risida ogohlantirish;

barcha binolarni, unga qo‘shimcha inshootlar, yotoqxona, oshxona, sport zallarini dezinfeksiya qilish;

muassasalar o‘qituvchilari, xodimlari, trenerlar o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar boshlanguniga qadar, ilmiy salohiyatini oshirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va fan yutuqlari bilan yaqindan tanishish hamda idoraviy hujjatlarni tartibga keltirish;

muassasalarning barcha xodimlari maxsus tibbiy niqobda yurishlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan COVID-19 koronavirusi oldini olish, hushyorlikni oshirish kabi yo‘riqnomalar bilan tanishib chiqishlarini ta'minlash;

barcha muassasalarda mehnat jamoasi ishtirokida turli ma'naviy-ma'rifiy, sport tadbirlari, shu jumladan yig‘ilishlarni o‘tkazmaslik hamda xodimlarning bir joyga to‘planmaslik choralarini ko‘rish;

koronavirus sababli mehnat jamoasi o‘rtasida vahimaga olib keluvchi yolg‘on xabarlar, videomateriallar va boshqa noto‘g‘ri ma'lumotlar tarqalmasligining oldini olish;

COVID-19 koronavirusi alomati aniqlangan xodimlar to‘g‘risida Jismoniy tarbiya va sport vazirligini darhol ogohlantirish vazifalari topshirildi.

Top