11:47 / 17.03.2020
34565
Toshkentdan qaytadigan 80 ming o‘quvchi-talaba, ishlashda davom etadigan o‘qituvchilar va qimmatlagan taksilar – Inom Majidov bilan suhbat

O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida ta'lim muassasalarining karantinga yopilishi ortidan Toshkent shahrida o‘qiyotgan talabalar doimiy yashash joylariga yuborilmoqda.

Ta'til hozircha ikki hafta davom etishi belgilangan.

Talabalarni karantin ta'tiliga yuborish – kamdan-kam kuzatiladigan holat. Xo‘sh, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bunday tadbirlarga qay darajada tayyor? O‘quvchi-talabalar uchun qanday imkoniyatlar tayyorlandi? Ta'til muddati uzaytirilishi borasidagi gaplar asosga egami? Viloyatlarga qatnovchilar taksilarda narxning sun'iy oshirilishiga qarshi qanday choralar ko‘riladi?

Kun.uz muxbiri shu va boshqa mavzular bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inom Majidov bilan suhbatlashdi.

«Talabalarni karantin doirasida viloyatlarga yuborish yozgi va qishki ta'til shaklida tashkil qilinadi»

O‘quvchi va talabalarni ta'tilga yuborish ishlari qanday tashkil qilinmoqda va bu jarayonda qaysi jihatlarga alohida e'tibor qaratiladi? Vazir Majidovdan dastlab shu haqda so‘radik.

«Oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalarining o‘quvchi va talabalarini ta'tilga chiqarish ishlarini boshladik.

Aytganingizdek, kecha Bosh vazir tomonidan o‘tkazilgan alohida yig‘ilishda bu haqda topshiriq berildi. Ta'tilga barcha o‘quvchi va talabalar yuboriladi. Bunda ta'lim shakliga ko‘ra, ham kunduzgi, ham kechki o‘qiydiganlarning dars va tabiiyki, imtihon jarayonlari ham suriladi.

Bugun ertalabdan oliy o‘quv yurtlari talabalari tashkillashtirilgan holda viloyatda yashaydiganlari viloyatlarga chiqa boshlashdi. Bugundan barcha dars mashg‘ulotlari to‘xtatilgan», – dedi vazir.

Majidovga ko‘ra, bugungi kunda ta'limning barcha shakllari bo‘yicha (akademik litsey, kollej, oliy ta'lim muassasalari – tahr) Toshkent shahrida viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan 80 mingga yaqin o‘quvchi-talaba tahsil oladi.

«Bu qanday tashkil qilinadi, dedingiz. Bu xuddiki yozgi va qishki ta'til shaklida tashkil qilinadi. Bu jarayonda asosan 3 kun ichida talabalarning katta massasi chiqib ketishi reja qilinmoqda. Masalan, 15 martning o‘zida «Talabalar shaharchasi»ni 900ga yaqin talaba tark etdi. Bizda buning tashkiliy formalari bor.

Toshkentdagi «Talabalar shaharchasi»da 8 mingga yaqin talaba istiqomat qiladi. Biz ular uchun alohida kassalar tashkil qilyapmiz.

Talabalarning chiqib ketishi uchun 4 xil transport vositalari tayyorlangan. Talabalarga esa bu transport vositalari uchun chiptalarga chegirmalar beriladi. Bugun ertalabdan chiptalar sotilishi boshlandi.

Bundan tashqari, Toshkent irrigatsiya instituti, Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida qo‘shimcha kassalar tashkil qilinmoqda», – dedi Majidov.

«Karantin muddati sifatida 2-3 hafta yoki uzog‘i bilan 1 oyni mo‘ljal qilmoqdamiz»

Tasavvur qilaylik, karantin vaqti cho‘zilib ketdi. Xo‘sh, ana shunday holatda ta'til muddati qanchagacha uzaytirilishi mumkin?

Majidovning aytishicha, vazirlik karantin muddati sifatida 2-3 hafta yoki uzog‘i bilan 1 oyni mo‘ljal qilmoqda.

«Baribir yaxshi niyat qilishimiz kerak. Bu unchalik keng tarqalishi kerak emas. Bu, albatta, odamlarni tinchlantirib, jiddiylik darajasini kamaytirish degani emas. Bu – juda jiddiy masala. Shundan kelib chiqib bizga hozircha 2 hafta muddat aytildi», – deydi suhbatdoshimiz.

Vazirga ko‘ra, bu ta'til qolgan ta'tillarga qo‘shimcha sifatida berilayotgani yo‘q. Ya'ni, dastur bo‘yicha uning muddati qancha bo‘lishidan qat'i nazar yozgi ta'til hisobidan bo‘ladi.

«Bizda yozgi ta'tilga chiqish iyun oyining o‘rtalaridan boshlanib, uchinchi oyining o‘rtalarida tugaydi. Ta'til mana shu kunlar hisobidan bo‘ladi. Ya'ni, tasavvur qiling o‘sha paytdagi bir oylik ta'til hozirgi vaqtga ko‘chirildi», – dedi u.

Ma'lum qilinishicha, vazirlik tomonidan talabalarni masofaviy ta'lim shaklida o‘qitish bo‘yicha tayyorgarlik ham qilib qo‘yilgan. Ya'ni, birinchi navbatda sirtqi va malaka oshirishdagi ta'lim hech qanday talafotsiz 1-2 kun ichida masofaviy ta'lim shakliga o‘tkazib yuboriladi.

Bu borada vazirning o‘zi quyidagicha fikr bildirdi: «Chunki bizda dasturiy platformalar bor. Bu esa hatto ma'lum yo‘nalishlarda ishlatib kelinayotgan edi. Metodik ishlarning tashkiliy jihatlarini kelishib oldik. Hozir kafedralarda ish davom etadi».

«Talabalar ta'tilga chiqdi, ammo o‘qituvchilarga ish jarayoni davom etadi»

Karantin tadbirlari doirasida barcha ta'lim muassasalarida o‘qish jarayonlarining bekor bo‘lishi, shuningdek, ommaviy tadbirlarning to‘xtatilishi ortidan saytimizga o‘qituvchilardan ko‘plab murojaatlar yetib keldi.

Unga ko‘ra, o‘qituvchilarda karantin sabab o‘qishlar to‘xtatilgan bo‘lsa-da, ish jarayonlari davom ettirilayotgani borasida turli savollar yuzaga kelmoqda. «Biz dars bermasak, ishga borib nima qilamiz, axir ishimiz dars berish bo‘lsa», demoqda ular.

Vazir Inom Majidov bu haqda shunday deydi:

«OTM o‘qituvchisi haqida gapiradigan bo‘lsak, uning kafedrada qiladigan ishi judayam ko‘p. Birinchidan, o‘zi odatda aprel oyidan boshlab o‘qituvchi keyingi o‘quv yili uchun materiallarini tayyorlashi kerak. Shuning uchun aprel oylaridan oliy o‘quv yurti keyingi o‘quv yilini rejalashtirishni boshlaydi.

Bunda keyingi o‘quv yilida qaysi o‘qituvchining qaysi fanlardan dars berishini aniqlash boshlanadi. Bu aniq bo‘lgach, o‘qituvchi uning dasturini ishlab chiqishi kerak. Bundan tashqari, ishchi o‘quv dasturi, o‘zi dars beradigan fani bo‘yicha materiallarni to‘plashi kerak.

Oliy ta'limda bir xil materialni har yili berib bo‘lmaydi».

– Fikrlaringiz tushunarli, lekin bu mantiq bilan yondashsak talaba tomonidan o‘zlashtiriladigan bilimlar, mavzular juda ko‘p. Men barcha ta'lim muassasalari karantinga olinayotgan bir paytda nega o‘qituvchilarni saqlab qolayotganlaringiz haqida gapiryapman. Ularni ehtiyot qilish kerak emasmi?

Vazir bu savolga javoban OTMlar yopilgani bilan ish jarayoni to‘xtamasligini aytdi.

«Biz to‘liq karantin qildik, hamma joy yopiq deganimiz yo‘q. Biz faqat talabalarni ta'tilga chiqardik. Agar professor, o‘qituvchilar qaysi biri ta'tilga chiqmoqchi bo‘lsa, bungayam qarshilik bo‘lmaydi.

Qonunchilikda ko‘rsatilgan tartibda ta'tilga chiqadi. Ya'ni, mehnat ta'tili.

Bu masala kechagi yig‘ilishda ham gapirildi. Bilasiz, bugundan maktabgacha ta'lim muassasalari va maktablar ham yopildi. Agar qaysidir o‘qituvchi farzandlariga qaramoqchi bo‘lsa, ularga ruxsat beriladi.

Biz hozir o‘ylayapmizki, agar o‘qituvchi hozir ta'tilga chiqsa va o‘qish jarayonlari 3 haftadan keyin boshlansa, o‘qituvchi yana ishga chaqiriladi. Qolgan qismi esa yozda o‘talaveradi», dedi Inom Majidov.

Minglab talabalar uylariga qaytmoqda: taksi narxlari muammosi nima bo‘ladi?

Talabalar orasida yengil avtomobil orqali ko‘cha taksilarida uyiga ketadiganlar ko‘p. Afsuski, talabalar yo‘lga chiqishini eshitgan ko‘pchilik taksi haydovchilari xizmat narxini odatdagidan bir necha barobar oshirib yuborgan holatlar ham uchrayapti.

Bu holat hukumat tomonidan qanchalik o‘ylangan va nafsini o‘ylagan bu kabi haydovchilarga qanday choralar ko‘riladi?

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri bilan deyarli har ta'til mavsumida takrorlanadigan ushbu holat yuzasidan ham fikrlashdik.

U 15 mart kuni Abdulla Aripov boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda ham bu haqda so‘z borganini ma'lum qildi.

«Bunday haydovchilar qonun oldida javob beradi. Bizda qonunchilik bor va uning oldidagi javobgarlikni hamma sezishi kerak. Bunday nomaqbul ishlar uchun albatta jazo bor, lekin undan tashqari, yo‘llarda doimiy qatnaydigan taksilar bor. Ammo mana shunday vaziyatdan pul topish uchun foydalanadiganlar ham bor.

Men litsenziya masalalarini bilmayman, lekin o‘ylaymanki, Ichki ishlar organlarining Yo‘l harakati xavfsizligi organlari buni nazorat qiladi. Mana shu kunlarda nazorat kuchaytirilsa, yana ham yaxshi bo‘lardi.

Siz yuqorida bir masalani aytdingiz – millat jipsligi. Birinchidan, tartib bo‘lishi uchun tartibni nazorat qiluvchi organlarning yetarli darajada kuchi bo‘lishi kerak.

Bundan ham muhim masala esa millatning jipsligi. Bunday paytda kishilarimiz millat, xalq, vatan va farzandlar uchun mas'uliyatni sezishi kerak.

Odamlar shu davlat, xalq va millatga mansubligini sezishi kerak. Insof bo‘lishi kerak kishida. Hech kim aytolmaydiki, bugungi 6 zararlanish holatida yettinchi kishi kim bo‘lishini.

Men haydovchilarimizga murojaat qilgan bo‘lardimki, mana shunday og‘ir kunlarda xalqimizga xizmat qilayotganlar avval qanday narxda ishlagan bo‘lsa, shunday xizmat qilsin», dedi Inomjon Majidov.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomsha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top