22:56 / 18.03.2020
33359
Koronavirus: Italiya qurbonlar soni bo‘yicha Xitoyga yaqinlashdi

COVID-19 koronavirusiga chalinganlar soni 200 mingdan oshib ketgan.

Foto: Reuters

18 mart ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda virus dunyoning 160dan ortiq davlatida tarqalgan, jami 212 ming 799 kishida kasallik qayd etilgan.

Ayni vaqtda virus qurbonlari soni 8787 nafarni tashkil qilmoqda.

JSST ma'lumotiga ko‘ra, 84 mingdan ortiq kishi tuzalgan.

So‘nggi bir kunda eng jiddiy o‘sish Italiyada kuzatildi - 4207 bemor va 475 o‘lim. Bu mamlakatda jami bemorlar soni 35713 nafarga yetgan, 2978 kishi halok bo‘lgan. 

Virusdan eng ko‘p jabr ko‘rgan davlat Xitoy bo‘lib turibdi - 80894 kishida virus aniqlangan, 3237 kishi vafot etgan. Ammo so‘nggi haftalarda bu mamlakatda virus ortga chekingan - so‘nggi bir kunda 13 bemor qayd etildi, 11 kishi vafot etdi.

Janubiy Koreya ham virus avj olishi davrini ortda qoldirgan - so‘nggi bir kunda 93 kishida virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi, 3 kishi olamdan o‘tdi.

Eron, Ispaniya, Germaniya, Fransiya va AQSh kabi davlatlarda esa virus shiddat bilan tarqalishda davom etmoqda.

Eronda so‘nggi bir kunda 1192 bemor ro‘yxatga olingan, 147 kishi vafot etgan - jami 17361 bemor va 1135 qurbon.

Ispaniyada so‘nggi bir kunda 2084 bemor ro‘yxatga olingan, 90 kishi vafot etgan - jami 13910 bemor va 623 qurbon.

Germaniyada so‘nggi bir kunda 1935 bemor ro‘yxatga olingan, 1 kishi vafot etgan - jami 11302 bemor, 27 qurbon.

AQShda so‘nggi bir kunda 1267 bemor ro‘yxatga olingan, 8 kishi vafot etgan - jami 7678 bemor, 117 qurbon.

Fransiyada 17 mart ma'lumotiga ko‘ra, virus yuqtirganlar soni 7730 nafar, 175 kishi vafot etgan.

Rossiyada 18 mart kuni yana 33 kishida virus aniqlandi va jami bemorlar soni 147 nafarga yetdi.

Markaziy Osiyo

Bu mintaqada virusdan eng jiddiy jabrlangan davlat Qozog‘iston bo‘lib turibdi. Qo‘shni davlatda ilk holat 13 mart kuni tasdiqlangandi, ayni vaqtda virus yuqtirganlar soni 36 nafarga yetdi.

Ayni vaqtda Qozog‘iston hukumati qat'iy choralar qo‘llamoqda. Koronavirus tarqalishi oldini olish maqsadida Olmaota shahri 22 martdan to‘liq yopiladi. Shahardan tashqarida yashovchilarga shaharni tark etish uchun 72 soat muhlat berilgan.

Shuningdek, shaharda 22 martdan aviaaloqa va temir yo‘l qatnovlari to‘xtatiladi. 

17 mart kuni shaharga harbiy texnika kiritilgandi.

Poytaxt Nur-Sultonda ham karantin choralari joriy etilgan, bu shaharga ham kirish va undan chiqishda cheklovlar o‘rnatiladi.

Bugun Qirg‘izistonda ham virusga chalinishning ilk holatlari qayd etildi. Saudiya Arabistonidan Umra ziyoratidan kelgan uch kishida virus aniqlangan. Shu munosabat bilan Jalolobod viloyatining Suzoq tumanida hamda O‘sh shahrida favqulodda holat joriy etilgan.

O‘zbekistonda 18 mart kuni yana 7 kishida virus aniqlandi va jami bemorlar soni 18 nafarga yetdi.

11 mart kuni Fransiyadan Toshkentga kelgan ayol shu vaqtgacha 8 kishiga - o‘g‘li, qizi, turmush o‘rtog‘i, nabirasi, onasi, kelini, hamkasbi va yana bir qarindoshiga virus yuqtirib ulgurdi (9 kishi).

- 15 mart kuni Istanbul–Toshkent yo‘nalishidagi 274-reys bilan kelgan O‘zbekiston fuqarosi  turmush o‘rtog‘iga virus yuqtirgan. Shu reysda kelgan yana ikki yo‘lovchida virus aniqlangan va ulardan biri o‘z turmush o‘rtog‘iga ham virus yuqtirgan (5 kishi).

- 14 mart kuni London–Toshkent yo‘nalishidagi 201-reys bilan kelgan o‘zbekistonda 16 mart kuni virus aniqlandi, keyinroq uning turmush o‘rtog‘iga ham virus yuqqani ma'lum bo‘ldi. Shu reysda uchgan yana bir kishida virus aniqlangan (3 kishi).

- Dubaydan kelgan bir o‘zbekistonlikda virus tasdiqlangan (1 kishi).

Hozircha Tojikiston va Turkmanistonda virus aniqlanmagan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top