01:40 / 18.03.2020
131256
Koronavirus masalasida brifing: asosiy yangiliklar

17 mart kuni koronovirus infeksiyasiyasining O‘zbekistonda keng tarqalishiga qarshi qilinayotgan karantin tadbirlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Videodan kadr

Ikki soatga yaqin davom etgan matbuot anjumanida ma'lum qilingan eng muhim yangiliklar:

Maktablarda karantin: o‘quvchi va o‘qituvchilarga ta'til, televideniyeda videodarslar

18 martdan boshlab umumta'lim maktablardagi barcha o‘qituvchilar muddatidan avval ta'tilga chiqariladi. Bu haqda Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov ma'lum qildi.

O‘qituvchilarga mehnat ta'tili davri uchun ish haqi to‘lanadi.

Shermatov ta'til paytida videodarslar qanday tashkil etilishi haqida ham ma'lumot berdi.

Masofadan turib o‘quv jarayonini tashkil etish hamda ta'lim muassasa va tashkilotlarning bino va inshootlarini saqlash maqsadida bir qator lavozim egalari faoliyatini ish joyida amalga oshiradi.

O‘quvchilarning ta'til paytida bilim olishi uchun kelgusi haftadan boshlab telekanallarda videodarslar efirga uzatila boshlaydi.

Videodarslar televideniye va Xalq ta'limi vazirligining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari (@uzedu) va rasmiy veb-saytlarida (www.uzedu.uz), elektron axborot portallari (online maktab) orqali ham namoyish etiladi.

Oliy ta'limdagi 50 foiz o‘qituvchi ta'tilga chiqmoqda

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inom Majidov ham Toshkentda tahsil olayotgan o‘quvchi va talabalarni karantin doirasida viloyatlarga yuborish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra, o‘quvchi-talabalarni karantin doirasida viloyatlarga yuborish yozgi va qishki ta'til shaklida hamda yozgi ta'til hisobidan tashkil qilinadi.

Ta'lim shakliga ko‘ra, ham kunduzgi, ham kechki o‘qiydiganlarning dars va imtihon jarayonlari ham suriladi.

3 kun ichida talabalarning katta massasi chiqib ketishi reja qilingan.

Talabalarning chiqib ketishi uchun 4 xil transport vositalari xizmat ko‘rsatadi.

Birinchi navbatda sirtqi va malaka oshirishdagi ta'lim 1-2 kun ichida masofaviy ta'lim shakliga o‘tkaziladi.

Karantin tadbirlari doirasida OTMlarning 50 foiz o‘qituvchilari ta'tilga chiqariladi.

«Hozirda OTMlardagi kafedralarga 50 foiz o‘qituvchilari ta'tilga chiqarib yuborish bo‘yicha tavsiya xatlari yuborilgan», – dedi Majidov.

Karantin tadbirlari uzaytirilishiga qarab o‘qituvchilarning keyingi qismi ham ta'tilga chiqarilishi mumkin.

OTMlarda bir qator lavozim egalari ta'lim muassasasida ish faoliyatini davom ettiradi.

Karantin choralari kuchaytirilmoqda

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov va Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi rahbari Nurmat Otabekov koronavirus atrofida bo‘layotgan yangilik va tavsiyalarni ma'lum qilishdi.

Karantin davrida epidemiyaga qarshi ishlarga jalb qilinayotgan tibbiyot xodimlariga qo‘shimcha ish haqi ajratish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusga qarshi kurashda volontyorlar yordamiga ehtiyoj yo‘q.

Shu paytgacha O‘zbekiston fuqarolarining 7900 nafardan ko‘prog‘i karantinda bo‘ldi. Ulardan 5700 nafari karantin talablarini o‘tab, uylariga qaytdi.

17 mart holatiga ko‘ra, 2100 kishi karantinda turibdi.

Koronavirus bilan kasallanganlar davlat budjeti hisobidan bepul davolanadi.

Profilaktikada e'tibor berish kerak bo‘lgan jihatlar

Yuqumli kasalliklardan profilaktika qilish uchun antibiotik va antivirusli vositalarni qabul qilish umuman tavsiya etilmaydi.

Immun tizimini ko‘taradigan dorilar ham mumkin emas, ular virusga qarshi hech qanday ta'sir kuchiga ega emas.

Og‘izni chayadigan suvga uksus qo‘shish og‘iz bo‘shlig‘i badtar yallig‘lanishi mumkin.

Bir kunda 5 bosh sarimsoq piyoz yesang, kasal bo‘lmaysan, degan gaplar ham tibbiy asoslanmagan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top