08:11 / 18.03.2020
38445
Koronavirus ta'siri: Urganch shahri bozorlaridagi vaziyat

15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus aniqlangani rasman e'lon qilindi. Natijada, bu xabar keltirib chiqargan vahima ortidan birlamchi iste'mol tovarlariga bo‘lgan talab oshdi. Odamlar savdo-sotiq to‘xtatilishi mumkin, narxlar ko‘tarilib ketadi degan hadik bilan bozorlarga yopirilishdi. Bu esa narxlarga ham ta'sir ko‘rsatmasdan qolmadi.

15-16 mart kunlari Xorazm viloyati markazi Urganch shahri bozorlarida un, kartoshka va o‘simlik yog‘i kabi birinchi darajali mahsulotlarni ko‘p miqdorda sotib olish holatlari kuzatilgan. Oqibatda, ularning xarid narxlari biroz ko‘tarilgan.

Tabiiyki, dastlab mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan taklif qilingan arzon mahsulotlar sotilib ketgan. Misol uchun, ayni paytda ulgurji savdo shoxobchalarida faqat Qozog‘iston uni bor. 25 kilogrammli qopdagisi 80-90 ming so‘mdan, 50 kilogrammli qopdagisi 175-190 ming so‘mdan sotilmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar taklif qiladigan 125-130 ming so‘mli (50 kg) un savdoda yo‘q. Chakana savdoda mahalliy un 3000 – 3500 so‘mdan, Qozog‘iston uni 4000-4500 so‘mdan taklif qilinyapti.

Oziq-ovqat mahsulotlarining ulgurji savdo bazalarida kartoshkaning bozori chaqqon. Bu yerda savdogarlar bir kilo kartoshkani 3000-3200 so‘mdan sotishmoqda. Piyozning bir kilosi 2000 so‘mdan taklif qilinmoqda.

Narxlar ustidan qat'iy nazorat o‘rnatilgani ko‘rinib turibdi. Kartoshka va piyozning narxi qog‘ozga yozib osib qo‘yilgan. Ulgurji savdo bazalarida tadbirkorlar kartoshka va piyozni ko‘p miqdorda olib ketishayotganini ko‘rish mumkin.

Urganch markaziy dehqon bozorida xaridorlar ko‘p, ammo vahima qiladigan darajadagi navbatlar yo‘q. Kartoshka mayda yoki yirikligiga qarab 3500-4500 so‘mdan sotilmoqda. Piyoz ham sifati va turidan kelib chiqib 2500-3500 so‘mga sotilyapti.

O‘simlik yog‘i bilan bog‘liq vaziyat unniki bilan o‘xshash. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar taklif qiladigan paxta yog‘i savdoda qolmagan. Buxorodan keltirilayotgan paxta yog‘ining narxi 8100 so‘mdan, Namangandan keltirilayotgani 10000 so‘mdan boshlanadi. Xorijdan keltirilayotgan kungaboqar yog‘ining eng arzoni 10000 so‘m.

Non rastalaridagi narxlar o‘zgarmagan. Qolipli non 1250-1500 so‘m atrofida sotilmoqda.

Urganch shahridagi markaziy dehqon bozori hududida arzonlashtirilgan tovar va mahsulotlarning yarmarkasini tashkil qilish maqsadida rastalar qurilmoqda.

Supermarket va gipermarketlarda vaziyat tinchib qolgan, uzun navbatlar yo‘q, rastalar mahsulotlarga to‘la. 15-16 mart kungi savdolarda asosan birinchi darajali gigiyenik vositalar, nam salfetkalar, mahalliy ishlab chiqaruvchilar taklif qilayotgan arzon narxdagi sovunlar va boshqa tovarlar sotilib ketgan. Qimmatroq bo‘lsa-da, rastalarda ularning xorijdan keltirilgan muqobillari bor.

Koronavirus bilan bog‘liq sharoitda niqob, antiseptik gel va isiriqqa bo‘lgan talab keskin oshib ketgan. Urganch shahridagi ko‘plab dorixonalarda zavodda chiqarilgan tibbiy niqoblar, antiseptik gellar tugab qolgan. Ba'zi dorixonalar qo‘lda dokadan (marlya) tikilgan niqoblarni 2500-3500 so‘mdan sotishmoqda. Ular ham savdoga chiqishi bilan tezda tugab qolyapti. Isiriq zaxiralari yo‘q yoki juda oz qolgan.

Shahardagi tikuvchilik sexlari dokadan niqob tikib, dorixonalarga tarqatishmoqda. Agar tikuvchilik biznesingiz bo‘lsa, bu ish bilan shug‘ullanishning ayni payti. Narxini qanday belgilash esa vijdoningizga havola.

Bundan tashqari, uy sharoitida ham oddiy dokadan to‘rt qavat qilib niqob tikib olsa bo‘ladi, qiyin emas. Faqat undan foydalanganda har ikki soatda almashtirib turish, ishlatilganini sovunli suvda yaxshilab yuvib, dazmollash talab qilinadi.

Virusologlar ma'lumotiga ko‘ra, isiriq hech qanday virusga, xususan koronavirusga ham ta'sir qilmaydi. Uning tarkibidagi fitonsid faqat bakteriya va mikroblarga qarshi samara beradi. Shu tufayli, isiriq tutatishning koronavirusga qarshi foydasi yo‘q. Vahimali vaziyatdan foydalanib, isiriq narxini osmonga chiqarib yuborganlarning komiga tushib qolmang

Bundan tashqari, turli antibiotik dorilarni g‘amlab olish ham shartmas. Ularning viruslarga, xususan koronavirusga qarshi hech qanday samarasi yo‘q.

Karantin davrida osoyishtalikni ta'minlash maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmasi, Davlat soliq boshqarmasi oziq-ovqat va birlamchi iste'mol mahsulotlari narxlarini qat'iy nazoratga olgani aytilmoqda. Ayrim tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan narxlarning asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Departamentning hududiy bo‘limlari, soliq inspeksiyalari, Departament viloyat boshqarmasi va viloyat Davlat soliq boshqarmasida narxlarning o‘zgarishi ustidan nazorat qilish bo‘yicha maxsus ishchi guruhlari tashkil etildi.

Agar siz oziq-ovqat va birlamchi iste'mol mahsulotlari narxlarining asossiz oshirilishiga duch kelsangiz,  Departamentning Xorazm viloyat  boshqarmasining 62- 228-50-20, viloyat  DSBning 62-223-10-10 «ishonch raqami» yoki qisqa 1198 raqamli Koll-markazga murojaat qilishingiz mumkin.

Koronavirusga qarshi e'lon qilingan karantin, bog‘chalar va maktablarning yopilishi – bu jiddiy chora-tadbirlar hisoblanadi. Bunday sharoitda shifokorlar va mutaxassislar ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilishni tavsiya etamiz. Eng muhimi vahimaga berilmang, buning oqibatlari koronavirusdan ham xavflidir.

Nurmuhammad Said

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top