19:00 / 18.03.2020
17048
Koronavirus turli jismlar yuzasida 72 soatgacha yashashi mumkin

Olimlar yangi koronavirusni ko‘pchilik jismlarning yuzasida 72 soatgacha yashashini aniqlashdi. Britaniyalik mutaxassislarning bu haqdagi izlanishlari natijasini The New England Journal of Medicine e'lon qildi.

Foto: Reuters

Tadqiqotchilar pandemiya keltirib chiqargan SARS-CoV-2 virusi bilan uning o‘tmishdoshi SARS-CoV-1 virusini turli sharoitlarda qanday tarqalishini taqqoslab ko‘rishdi.

Aniqlanishicha, har ikkala virus deyarli bir xil xususiyatga ega. Ularning plastik va zanglamas po‘lat jismlar yuzasida yashash qobiliyati yaxshiroq, mis yoki karton ustida esa yomonroq.

Shuningdek, kasallik keltirib chiqaruvchi virus havoda uch soatgacha saqlanib turadi. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, bu uning havo-tomchi yo‘li bilan yuqish xususiyati borligini tasdiqlaydi.

O‘tgan haftada Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (BSST) koronavirus infeksiyasini pandemiya - juda katta hududlarga tarqalishga qodir kuchli epidemiya deb e'lon qilgan edi. 

So‘nggi ma'lumotlarga qaraganda, dunyoda 200 mingdan ortiq inson koronavirusni yuqtirib olgan. Ulardan 8 mingdan ortig‘i vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top