21:30 / 18.03.2020
82588
O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 18 nafarga yetdi

Fransiyadan kelgan bemor yana uch qarindoshiga virus yuqtirgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda yana uch kishida koronavirus aniqlangani haqida xabar berdi.

«Bundan bir muddat oldin Fransiyada bo‘lib qaytgan O‘zbekiston fuqarosida koronavirus infeksiyasi aniqlanganligi haqida xabar bergan edik.

So‘nggi ma'lumotlarga qaraganda, uning onasi, kelini va birga ishlaydigan hamkasbida ham ushbu infeksiya borligi tasdiqlangan. Har uch fuqaro ham shu vaqtgacha tibbiy nazoratda bo‘lgan. Ayni paytga kelib, ushbu infeksiya aniqlangan bemorlar soni 18 nafarga yetdi. 

Eslatib o‘tamiz, infeksiya tarqalib ketishining oldini olish maqsadida olib borilayotgan epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

O‘zbekistonda 15 mart kuni koronavirusga chalingan ilk bemor qayd etildi. Fransiyadan kelgan ushbu ayol shu vaqtgacha 8 kishiga virus yuqtirgan.

O‘zbekistonga koronavirus to‘rtta reys orqali kirib keldi:

  • Birinchisi, 11 mart kuni Parij-Toshkent reysi. Bu reys orqali uchgan shifokor ayol O‘zbekistonda o‘g‘li, qizi, turmush o‘rtog‘i, nabirasi, onasi, kelini, hamkasbi va yana bir qarindoshiga virus yuqtirib ulgurdi (9 bemor).
  • Ikkinchisi, 15 mart kuni soat 05:15da Istanbul—Toshkent yo‘nalishidagi 274- reys (5 bemor).
  • Uchinchisi, 14 mart kuni London–Toshkent yo‘nalishidagi 201-reys (3 bemor). 
  • To‘rtinchisi, Dubay–Toshkent yo‘nalishidagi reys (1 bemor).
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top