13:00 / 18.03.2020
4567
«O‘zbekneftgaz»: Ta'mirdan keyin 5ta quduqdan kunlik 350 ming kub metrga yaqin tabiiy gaz olina boshlandi
Foto: O‘zbekneftgaz

«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi topshirig‘i bilan quduqlar faoliyati ko‘rib chiqildi.

Buning natijasida so‘nggi uch kunda ta'mirlash va burg‘ulash ishlaridan so‘ng, 5ta quduqdan kunlik 350 ming kub metrga yaqin tabiiy gaz olina boshlandi. Bu haqda jamiyat matbuot xizmati xabar bermoqda.

Jumladan, Muborak neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Jayron» gazkondensat konidagi 4-sonli quduqda suv yo‘llarini to‘sish ishlari bajarilib, mahsuldor qatlamda 1281-1279 metr intervallar oralig‘ida perforatsiya ishlari o‘tkazildi.

Quduqni o‘zlashtirish natijasida sanoat miqyosida kunlik 50 ming kub metr tabiiy gaz qazib olinishiga erishildi.

Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Shimoliy Berdaq» gazkondensat konidagi 71-sonli hamda 81-sonli quduqlarda ham burg‘ulash ishlari tugatildi.

Ushbu quduqlarda olib borilgan perforatsiya ishlari natijasida, kunlik 140 ming kub metr sanoat miqyosida tabiiy gaz qazib chiqarilishiga erishildi. 

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Janubiy Kemachi» konidagi 147-sonli quduqda ham kapital ta'mirlash ishlari olib borildi va bu ham o‘z samasini berib, sanoat miqyosida tabiiy gaz oqimi olina boshlandi. 

«O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati tomonidan olib borilgan ishlar natijasida Buxoro viloyati Olot tumanidagi yangi quduq burg‘ulanib, gaz va kondensat qazib olishga erishildi.

«Somontepa» konidagi 127-quduqda kunlik 96 ming 800 kub metr sanoat miqyosida foydalaniladigan tabiiy gaz va 58 tonna kondensat qazib olishga erishilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Top