00:03 / 18.03.2020
17522
Samarqand koronavirus tahdidida har qanday holatga shaymi? Hokim o‘rinbosari javob berdi

Koronavirus O‘zbekistonga kirib kelganiga uch kun bo‘ldi. Bu vaqt davomida odamlar vaziyatga biroz ko‘nikkandek. Samarqandda virusga qarshi qanday kurashishmoqda? Shahar favqulodda holatga tayyormi? Bu savollarga Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Qobilovdan javob oldik.

Asosiy vazifa virus kirib kelishining oldini olish

Viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilovning aytishicha, virus O‘zbekistonga kirib kelgani e'lon qilingach, Samarqandda yoppasiga dezinfeksiya ishlari boshlangan: «Virus kirib kelgani e'lon qilingach, viloyat hokimi boshchiligida favqulodda komissiya tuzildi. Virus bizga kirib kelgani yo‘q, shu bois asosiy vazifa u kirib kelishining oldini olish. Biz avvalo jamoat joylarini dezinfeksiya qilishni boshladik. Bugun boshqa viloyatdan kelgan oxirgi talabalarni uylariga javob berib, universitet yotoqxonalarini dezinfeksiyalab yopdik.

Dezinfeksiya bilan shug‘ullanuvchi sanitariya epidemologiya markazida xodimlar yetishmasligi sabab har bir tashkilotda dezinfeksiya bo‘yicha tushuntirish o‘tkazildi. Har bir tashkilot mustaqil tarzda dezinfeksiya ishlarini olib bormoqda. Masalan, Samarqandda mehmonxona ko‘p. Shaharda ularning soni 154 ta (uy mehmonxonalaridan tashqari). Ularda o‘z xodimlari tomonidan dezinfeksiya ishlari olib borilib, bu haqda ma'lumot uch tilda yozib qo‘yilgan.

Rustam Qobilov

Jamoat transporti, avtobuslar, yo‘nalishsiz taksilar ham dezinfeksiya qilinmoqda. Ayniqsa avtobuslar. Ular har reys oxirida maxsus suyuqlik bilan tozalanmoqda. Bilasizmi, Samarqand tibbiyot instituti talabalari ko‘ngilli tarzda dezinfeksiya ishlarida qatnashmoqda».

Samarqand favqulotda holatga tayyor

Virus hali Samarqandga kirib kelgani yo‘q, ammo Qobilov rahbariyat bunga tayyorligini aytdi: «Bizning asosiy maqsadimiz virus kirib kelishining oldini olish, lekin favqulotga holatga ham tayyormiz. Viloyat hokimi bugun «Do‘stlik» yozgi oromgohida tashkil qilingan boshqa mamlakatlardan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib kelgan fuqarolar karantinga olish uchun maxsus joyni borib ko‘rdi. Favqulotda holat uchun zaxiramiz yetarli, texnikalar bor.

To‘g‘ri, bunday holatga birinchi marta duch kelyapmiz, lekin ishlar odatdagidek davom etmoqda. Albatta, hamma rahbarlar koronavirusdan saqlanishni asosiy vazifa sifatida qaramoqda, biroq boshqa ishlar ham qolib ketayotgani yo‘q. To‘g‘risi, vaziyat vahima qiladigan darajada emas».

Rustam Qobilovning aytishicha, koronavirus vahimasi paydo bo‘lgach, boshqa yuqumli kasalliklar kamaydi: «Samarqandda koronavirus vahimasi paydo bo‘lganidan so‘ng boshqa yuqumli kasalliklarga chalinish 37% kamaydi, chunki odamlar gigiyenaga e'tibor berishni boshladi».

Hokim o‘rinbosari Samarqanddagi dorixonalarda tibbiyot niqoblarining yetishmovchiligi haqida ham gapirdi: «Ha, niqoblar yetishmayotgani rost. Hozirda 4 ta korxona niqob ishlab chiqarish bo‘yicha taklif berdi. Biz ularning mahsulotini ko‘rib, niqob sifatida foydalanish mumkin degan xulosaga keldik va ishlab chiqarishga ruxsat berdik. Umid qilaman, tez orada bu muammo hal bo‘ladi».

Qobilovning aytishicha, 7-10 kun ichida tadbirkorlik faoliyati o‘z o‘rniga tushadi: «Albatta, virus xavfi tadbirkorlik faoliyatiga to‘siq bo‘ladi. Bu esa iqtisodiyotga ta'sir qilmay qo‘ymaydi. Menimcha, 7-10 kun ichida hammasi yana o‘z iziga tushadi».

O‘tkir JALOLXONOV suhbatlashdi
Tasvirchi va montajchi: Faxriddin HOTAMOV

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top