11:23 / 18.03.2020
65426

To‘ylar va boshqa marosimlar o‘tkazish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi

Prezident to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi

Foto: doca-tours.com

Shu yilning 17 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Qonunga muvofiq Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 192-1-modda, ya'ni to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya etmaslikda ifodalangan huquqbuzarlik bilan to‘ldirildi.

Unga ko‘ra, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazuvchi shaxs tomonidan mazkur tadbirlarni o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya etmaslik - fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

To‘yxonalar, kafe va restoranlarning mansabdor shaxsi tomonidan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarni o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya etmaslik - bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

To‘yxonalar, kafe va restoranlarning mansabdor shaxsi tomonidan huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa - bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qonunning mazkur qismi u rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran uch oy o‘tgach amalga kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining Qo‘shma qarori bilan qabul qilingan nizomga ko‘ra:

2020 yil 1 yanvardan boshlab:

to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida o‘tkaziladi.

Hududlarning sharoitlaridan kelib chiqib, xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan osh berish marosimining vaqti alohida belgilanadi.

Soat 23:00 dan keyin to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi.

Qo‘shaloq to‘ylarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin.

Dafn etish va motam marosimlari ko‘pi bilan uch kun mobaynida cheklanmagan miqdordagi fuqarolar ishtirokida o‘tkazilishi mumkin, osh berish marosimi bundan mustasno.

Top