01:20 / 19.03.2020
35844
Andijon viloyatida 50dan ortiq kishi karantinda – viloyat bosh shifokori

Andijon viloyati Oltinko‘l tuman tibbiyot birlashmasida 32 kishi izolyatsiyada saqlanmoqda. Ular koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemor bilan bitta reysda uchib kelishgan.

Viloyatda jami 50dan ortiq kishi karantinga olingan.

Bu haqda Kun.uz muxbiriga Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmonov ma'lum qildi.

Avazbek Abdurahmonov

«Bugungi kun holatiga Andijon viloyati hududida koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar yo‘q. Lekin xorijiy davlatlardan kelayotgan andijonlik fuqarolarni ehtiyot chorasi sifatida karantinga olib, ular bilan tushuntirish ishlarini olib boryapmiz.

Oltinko‘l va Xo‘jaobod tumanidagi yuqumli kasalliklar bo‘limlarida so‘nggi to‘rt kunda Turkiyadan kelgan 14 nafar, Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridan uchib kelgan 10 nafar va turli davlatlardan kelgan 27 fuqarolarimiz karantin nazoratiga olindi.

Mazkur fuqarolarimiz o‘z uylariga kelib, oila a'zolari bilan muloqotda bo‘lgani uchun ularning xonadonlarini ham karantin nazoratiga oldik.

Bu borada ishlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi, ichki ishlar bo‘limi va mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda olib borilyapti. Undan tashqari, patronaj xizmati vakillari ham uyma-uy yurib, mahallalarda chet davlatlardan qaytib kelgan fuqarolarni aniqlamoqda.

Xorijiy davlatlardan kelgan fuqarolarimizni karantin statsionar sharoitga olish uchun Xo‘jaobod va Oltinko‘l tumanlaridagi yuqumli kasalliklar bo‘limlarida karantin muassasalarini tashkil etganmiz. Mazkur muassasalarda karantinga olingan shaxslar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Izolyatsiyaga olingan fuqarolarni nazoratga olish va qo‘riqlashda Ichki ishlar va Milliy gvardiya qo‘riqlash boshqarmalari yordam beryapti. Karantinga olingan fuqarolarda 14 kun davomida bu koronavirus infeksiyasi belgilari aniqlanmasa, uylariga ketishlari uchun ruxsat beriladi.

Ta'kidlab aytamiz, shu kungacha Andijon viloyatida koronavirus infeksiyasi yuqtirgan bemorlar aniqlanmadi», dedi Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmonov.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda O‘zbekistonda koronavirus bemorlari soni 18 nafarni tashkil etmoqda.

17 mart kuni 7900 nafardan ko‘proq fuqaro karantinda bo‘lgani, ulardan 5700 nafari karantin talablarini o‘tab, uylariga qaytgani ma'lum qilingandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top