19:17 / 19.03.2020
13565

Bank of America AQShda iqtisodiy inqiroz boshlanganini e'lon qildi

Koronavirus epidemiyasi hamda neft narxlarining tushib ketishi jahon fond bozorlarining qulashiga sabab bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Amerikaning yirik investitsion banklaridan biri Bank of America (BofA) AQShda to‘liq miqyosdagi iqtisodiy inqiroz boshlanganini e'lon qildi. Bu haqda bankning yetakchi tahlilchisi Mishel Meyyerga tayanib CNBC xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika iqtisodiyoti retsessiyadan qochib qutula olmaydi, muammolarning asosiy sababi esa koronavirus tarqalishidir. 

«Biz Amerika iqtisodiyoti dunyoning qolgan qismiga qo‘shilib retsessiyaga tushganligini rasman e'lon qilamiz va bu juda chuqur sho‘ng‘ish», — deb yozadi tahlilchi.

Meyyerning prognoziga ko‘ra, AQShga ishsizlikning o‘sishi xavf solmoqda, iste'molchilar ishonchi yo‘qoldi, jamg‘armalar esa yo‘q bo‘ldi.  

BofA mehnat bozori istiqbollarini baholagan holda ana shunday prognoz qildi. Meyyerning hisob-kitobicha, yaqin vaqt ichida AQShda ishsizlik darajasi ikki baravarga ortadi, ishsizlar soni esa ikkinchi chorak davomida oyiga bir million kishiga o‘sib boradi.

Shu bilan birga BofA inqiroz o‘ta kuchli bo‘lsa-da, qisqa muddatli bo‘lishini taxmin qilmoqda. 

Koronavirus epidemiyasi hamda neft narxlarining tushib ketishi jahon fond bozorlarining qulashiga sabab bo‘ldi. Keyingi bir yarim hafta ichida AQSh fond birjalari 30 foizga tushib ketdi, Brent neftining bir barreli 52,36 dollardan 25 dollarga tushdi. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top