00:54 / 19.03.2020
14975

Qibray IIB fuqaro arzini ko‘rib chiqmayapti. Murojaat yuborilganiga bir oydan oshdi

Qonunga ko‘ra, shikoyat 15 kun ichida ko‘rib chiqilishi kerak. Firibgardan jabr ko‘rib, najotni ichki ishlar idoralaridan kutayotgan fuqaroning murojaati esa mana bir oydan oshibdiki, Qibray tuman ichki ishlar bo‘limi kanselyariyasida o‘z ijrochisi olib ketishini kutib yotibdi.

Foto: TASS

Kun.uz tahririyatiga qibraylik fuqarodan murojaat kelib tushdi. Ma'lum bo‘lishicha, fuqaro jismoniy imkoniyati cheklangani sababli OLX.UZ sayti orqali uyini ta'mirlatish uchun usta topgan. Bajariladigan ish va uning haqini kelishib, ustaboshiga katta summadagi pulni bergan. Biroq kelishilgan ish to‘liq bajarilmagan, pul ham qaytarilmagan. Ustaboshi esa olgan pullari bilan bedarak ketganicha qaytib qorasini ko‘rsatmagan.

Bu hikoyamizda fuqaro va uni aldab ketgan «usta»lar bo‘yicha vaziyatga to‘xtalmoqchi emasmiz. Biz qalamga oladigan masala Qibray tuman IIB ayrim xodimlarning o‘z vazifalariga bee'tiborligi va inson taqdiriga befarqligi haqida bo‘ladi.

Xullas, puliga kuyib qolgan fuqaro joriy yilning 12 fevralida Qibray tuman IIB boshlig‘i nomiga pochta orqali yozma ravishda shikoyat yo‘llaydi. Biroq, oradan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, uning murojaati bo‘yicha biror kishi so‘rab kelmagan, hatto qo‘ng‘iroq qilib ham qo‘yishmagan.

Qisqasi, ariza suvga cho‘kkan toshdek yo‘q bo‘lib ketgan. IIBning idorasiga boray desa, nogironlar aravachasida biror joyga borib kelish ham oson emas...

Fuqaroning murojaatini tinglab, uning IIBga yo‘llagan shikoyati taqdiri bilan qiziqdik. «Yo‘q bo‘lib ketmagandir har holda...»

Murojaatning daragini topish unchalik qiyin kechmadi. Qibray tuman IIB navbatchilik qismi bilan telefon orqali bog‘landik. Navbatchilik qismidagi xodim yozma shaklda pochta orqali yuborilgan arizalar bo‘limning kanselyariyasiga kelib tushishini aytdi va Nigora ismli kanselyariya xodimining telefon raqamini berdi.

Ushbu xodimdan fuqaroning murojaati «Mayskiy POM» (eski nomi bo‘lsa kerak – tahr.) boshlig‘i Sardor Nabiyevga yo‘naltirilganini bildik. Yana qayta navbatchilik qismi bilan bog‘lanib, Sardor akaning raqamini olishga erishdik. U kishi bilan suxbatimiz uzoqqa cho‘zilmadi: «Men bu arizani hali olganim yo‘q, boyagina kanselyariyadan shu arizani olib ketishimni so‘rab telefon qilishdi. Bu ariza agar meni ish yurituvimga kelib tushganda, allaqachon hal qilib, muallifiga javob xatini ham yuborgan bo‘lar edim. O‘zi (kanselyariya xodimi nazarda tutilmoqda – tahr.) gospitalda yotgan bo‘lsa, qolib ketgandir-da», degan javobni oldik.

Shundan so‘ng IIBning kanselyariyasiga tushgan murojaatlar uchun mas'ul bo‘lgan o‘sha xodimga qayta bog‘lanishga va aniqroq ma'lumot olishga urindik. Biroq bu urinishlarimiz zoye ketdi.

Guvohi bo‘lganingizdek, fuqaroning umid bilan yozgan arizasi oradan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tibdiki, o‘z ijrochisiga yetib bormabdi.

Murojaat shuncha vaqt davomida ro‘yxatga olish kitobining ichida yoxud mas'ul xodimning tortmasida yotmaganida edi, barcha masalalar hal bo‘lgan, fuqaroning muammosi esa o‘z yechimini topgan bo‘larmidi?..

Darvoqe, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 43-moddasiga ko‘ra, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish mansabdor shaxslarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Umid qilamizki, vakolatli idoralar tomonidan Qibray tuman IIBning fuqaro murojaatiga bepisandlik qilgan xodimlari harakatlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda baho beriladi.

Dilshod Abduqodirov

Top