12:41 / 19.03.2020
74157
IIVda qator lavozimlar tugatildi

Agrar va oziq-ovqat sohalarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari qabul qilindi

Foto: KUN.UZ

Prezident “Agrar va oziq-ovqat sohalarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston ichki ishlar vazirining o‘rinbosari - Moliya va moddiy-texnika ta'minoti bosh boshqarmasi boshlig‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirining, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining o‘rinbosari - Moliya va moddiy-texnika ta'minoti boshqarmasi boshlig‘i lavozimlari tugatildi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Moliya va moddiy-texnika ta'minoti bosh boshqarmasi vazirlik Moliya va moddiy-texnika ta'minoti departamenti etib qayta tashkil etildi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:

Bosh vazir o‘rinbosariga budjet va budjetdan tashqari jamg‘armalar hisobidan qishloq va suv xo‘jaligi sohasiga ajratilib, ulardan foydalanishdan tejaladigan mablag‘larni qayta taqsimlash huquqi beriladi;

tuman va shahar hokimlariga o‘z hududida joylashgan qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridagi haqiqiy ahvolni o‘rganish maqsadida Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi yoki uning hududiy boshqarmalariga uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish bo‘yicha buyurtma berish vakolati beriladi.

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi:

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi yerlarining monitoringi samaradorligini oshirish, ularning o‘zboshimchalik bilan egallanishining oldini olish maqsadida kosmosuratlar bilan ishlash, ularni deshifrovka qilish va Milliy geoaxborot tizimi imkoniyatlaridan keng foydalanishni yo‘lga qo‘yadi;

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligiga oid ma'lumotlar bazasini Milliy geoaxborot tizimi bilan integratsiya qiladi hamda yer va suv resurslari bo‘yicha uzluksiz ma'lumotlar almashinuvini ta'minlaydi;

uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqaruvchi sertifikatlangan pilotlarni 2020 yil yakuniga kadar 100 nafarga, 2021 yil yakuniga qadar 200 nafarga yetkazish choralarini ko‘radi;

uchuvchisiz uchish apparatlari har bir tuman va shaharda ishlatilishini inobatga olgan holda, ularning samaradorligini oshiruvchi dasturiy ta'minotlarni joriy etish, shuningdek, uchish xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Top