11:40 / 19.03.2020
40162
Koronavirus qog‘oz pullar muomalasiga qanday ta'sir ko‘rsatmoqda?

Dunyo kun tartibidagi eng dolzarb masala, ya'ni koronavirusning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari tez-tez muhokama qilinmoqda. Epidemiya butun dunyoni qamrab olgan ayni bir vaziyatda mutaxassislar virus tarqalish xavfini kamaytirish uchun banknota-naqd pullardan foydalanmaslik kerakligini ta'kidlashmoqda va raqamli texnologiyalar – kontaksiz to‘lov usullaridan foydalanishni maslahat berishmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham kontaksiz to‘lov usullarini keng joriy qilishga undamoqda. O‘tgan hafta «Koronavirus pul orqali yuqishi mumkinmi?» degan savolga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti matbuot kotibi «Iloji boricha kontaksiz to‘lov usullaridan ko‘proq foydalanilgani yaxshi», deb javob berdi. Uning bu gapi OAVda katta aks-sado berdi. Shundan keyin «Qog‘oz pullar orqali virus yuqishi mumkinmi?», «Endi naqd pulsiz savdo qilish zamoni keldimi?» degan savollar o‘rtaga chiqdi.

Buning ortidan ba'zi davlatlar allaqachon banknotalarga nisbatan ehtiyot choralarini ko‘rishni boshlab yubordi.

Xususan, Xitoy davlat bankining sobiq raisi Lixui Li Xitoy milliy valutasi – yuanning raqamli muqobili sifatida tanilgan «Elektron valuta» DCEP (Digital Currency Electronic Payment) naqd pulning o‘rniga qo‘llanishini ta'kidladi. Shuningdek, Xitoy ma'murlari barcha moliya institutlariga barcha kelib tushgan to‘lovlarni zararsizlantirish, keyin esa bir hafta davomida quruq joyda saqlash bo‘yicha ko‘rsatmalar yubordi. Markaziy bank banknotlarga ultrabinafsha nurlari bilan ishlov beradi yoki ularni maxsus pechlarga joylashtiradi. Bundan tashqari, yangi banknotalar bosib chiqariladi va eskirgan pullar muomaladan chiqariladi.

GETTY IMAGES

Janubiy Koreya va Vengriya rasmiylari banklardan keladigan banknotalarni maxsus pechlarga joylashtiradilar, pullar 150 darajaga qadar haroratda bir necha soniya ushlab turiladi. Keyin harorat 42 darajaga tushiriladi. Pullar yig‘ilgach, yana dezinfeksiyalanadi.

Eron hukumati ham odamlarni banknotalardan saqlanishga chaqirmoqda.

AQShda esa Federal zaxira xizmati Osiyo mamlakatlaridan keladigan 7 yoki 10 kunlik hisob-kitoblarni karantinga qo‘ymoqda.

Armaniston Markaziy banki Covid-19 pandemiyasi tarqalishining oldini olish uchun eski banknotalar yangilariga almashtirib borilishi haqida e'lon qildi.

GETTY IMAGES

Germaniya Markaziy banki bunday yo‘l tutmoqchi emas.

«Chunki hozirgi paytda koronavirusning yevro banknotalari orqali tarqalishi haqida biror alomat yoki dalil yo‘q. Boshqa yuzalar bilan taqqoslaganda, buning ehtimoli minimal», deydi Bundesbank.

So‘nggi kunlarda kontaksiz to‘lov usullaridan foydalanish dunyo miqyosida keng ommalashdi. Kredit kartalari, bank o‘tkazmalari, elektron hamyonlar va raqamli qiymatlarni o‘tkazish usullari bilan mashhur bo‘lgan blok zanjiriga asoslangan kriptovalutalar shular jumlasidandir.

Tibbiyot mutaxassislarining ta'kidlashicha, qo‘llanish bo‘yicha qog‘oz pullardan keyingi o‘rinda turuvchi plastik kartalar ham qo‘ldan qo‘lga o‘tganda, shuningdek, panel orqali parol kiritilganda qog‘oz pullar singari viruslarni «tashishi» mumkin. Shuning uchun onlayn buyurtma kanallari orqali xarid qilish va internetga asoslangan xavfsiz kredit kartalar bilan to‘lovlarni amalga oshirish tobora ommalashib bormoqda.

Masalan, birgina Turkiyaning o‘zida mart oyining birinchi yarmida ichki plastik kartochkalar orqali amalga oshirilgan to‘lovlar o‘tgan oyning shu davriga nisbatan 9 foizga oshgan, naqd pul olish miqdori esa o‘zgarmay qolgan. Atigi 15 kun ichida kartochkalar orqali butun 2015 yildagiga nisbatan ko‘proq to‘lovlar amalga oshirilgan.

Texnologik jihatdan rivojlangan mamlakatlarda keng qo‘llanadigan yana bir usul Venmo, PayPal, Cash App, Android Pay veya Apple Pay kabi hamyon mobil ilovalar yordamida xaridlarni amalga oshirishdir. Hayotimizning ko‘plab sohalarida uchray boshlagan sun'iy intellekt texnologiyalaridan biri – yuzni aniqlashga asoslangan to‘lov usulidir. Yangi valuta turi sifatida baholanayotgan ma'lumotlarni chuqur o‘rganish usullariga tayanuvchi yuzni aniqlash texnologiyalari endi nafaqat mobil telefonimizning ekran qulfini ochish uchun, balki jamiyatdagi ehtimoliy jinoyatchilarni ta'qib qilish uchun ham ishlatilmoqda. Hatto texnologiya rivojlangan ba'zi mamlakatlarda xaridlarni kameraga tabassum qilish orqali ham amalga oshirish mumkin.

Tibbiyot mutaxassislari odamlar bilan munosabatlarni qisqartirish, qog‘oz pul va tanga kabi nopok sirtlarga qo‘l tekkizmaslik, qo‘llarni ko‘z, og‘iz va burundan uzoqroq tutish kasallikka chalinish ehtimolini kamaytirishini bot-bot ta'kidlashmoqda.

Demak, koronavirus keng tarqalayotgan ayni kunlarda raqamli valutalar va elektron to‘lov usullari amaliyotini keng joriy etish hayotiy zaruratga aylanib bormoqda. Bu esa o‘z navbatida banknot va moddiy pul birliklarining «umri» tugayotganiga ishora qilmoqda.

Ta'kidlash joizki, bir muncha vaqtdan beri raqamli to‘lov kompaniyalari, moliya dunyosi va davlat siyosati boshqaruvchilari banknot va naqd pullardan uzoqlashishga odamlarni da'vat qilib kelishayotgan edi. Kasallik tarqalish xavfini kamaytirish uchun ko‘rilayotgan choralar ularning ushbu chaqiriqlariga kuch bag‘ishladi. Shuning uchun mutaxassislar to‘lovlar naqd pul va plastik karta orqali amalga oshirilayotgan bugungi kunimizni o‘tish davri sifatida baholamoqda. Aftidan, koronavirus epidemiyasidan keyin dunyo ko‘p jihatdan biz bilgan eski dunyo bo‘lmay qoladi va ko‘p odatlar tarixga aylanadi …

Otabek Tillayev tayyorladi

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top