22:53 / 19.03.2020
51533
Neft «suv tekin» bo‘lmoqda. Xuddi 1986 yildagi kabi...

18 mart kuni o‘tkazilgan birja savdolarida Brent markali neft narxi 1 barrel uchun 25 dollardan ham tushib ketdi. Bu so‘nggi 20 yildagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu ketishda neft narxi 20 dollardan ham arzonlashishi mumkin.

Foto: Finance

Brent - jahon bozorida sotilayotgan ikki xil neft turidan biri. Bu nom Shimoliy dengizdagi Broom, Rannoch, Etive, Ness va Tarbert neft konlarining nomidagi bosh harflardan tashkil topgan qisqartma.

WTIjahon bozorida sotilayotgan neftning ikkinchi turi. Bu West Texas Intermediate so‘zlaridan olingan qisqartma. Nomidan ko‘rinib turibdiki, bunday turdagi neft ilk marta AQShning Texas shtatida qazib olingan. WTI turidagi neft asosan benzin olish uchun ishlatiladi.

Keling, avvalo dunyodagi eng katta neft zaxirasiga ega va eng ko‘p neft eksport qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga nazar tashlaymiz.

Neft zaxirasi eng ko‘p mamlakatlar (2018 yil ma'lumotlariga ko‘ra):

1. Venesuela – 300,3 milliard barrel;

2. Saudiya Arabistoni – 297,7 milliard barrel;

3. Kanada – 167,8 milliard barrel;

4. Eron – 155,6 milliard barrel;

5. Iroq – 147,2 milliard barrel;

6. Rossiya – 106,2 milliard barrel;

7. Kuvayt – 101,5 milliard barrel;

8. BAA – 97,8 milliard barrel;

9. AQSh – 61,2 milliard barrel;

10. Liviya – 48,4 milliard barrel;

...

12. Qozog‘iston – 30 milliard barrel;

19. Ozarboyjon – 7 milliard barrel.

Dunyo neft zaxirasining mintaqalar bo‘yicha taqsimi:

1. Fors ko‘rfazi 48.3 foiz;

2. Markaziy va Janubiy Amerika 18.8 foiz;

3. Shimoliy Amerika 13.7 foiz;

4. Rossiya va MDH davlatlari 8.4 foiz;

5. Afrika 7.2 foiz;

6. Osiyo va Tinch okeani mintaqasi 2.8 foiz;

7. Yevropa 0.8 foiz.

Manba: BP Plc, BP Statistical Review of World Energy 2019.

Yillik eng ko‘p neft qazib oladigan davlatlar reytingi (2018 yil):

1. AQSh – 571 million tonna;

2. Saudiya Arabistoni – 561 million tonna;

3. Rossiya 554 – million tonna;

4. Kanada – 235 million tonna;

5. Eron – 234 million tonna;

6. Iroq – 221 million tonna;

7. Xitoy – 190 million tonna;

8. BAA – 175 million tonna;

9. Kuvayt – 145 million tonna;

10. Venesuela – 109 million tonna.

OPEC

Dunyo neftini hech bir davlat nazorat qila olmaydi. Tabiiyki, nazorat bo‘lmagan xomashyo narxi ko‘tarilib ketaveradi. Aynan kutilmagan narx o‘zgarishlarining qaysidir ma'noda oldini olish maqsadida OPEC tashkiloti tuzilgan.

Neft qazib oluvchi davlatlarning bir qismi neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti OPEC (The Organization of the Petroleum Exporting Countries)ga a'zo. Ular Jazoir, Angola, Venesuela, Gabon, Iroq, Eron, Kongo, Kuvayt, Liviya, BAA, Nigeriya, Saudiya Arabistoni va Ekvatorial Gvineya. MDH hududidagi Rossiya, Qozog‘iston va Ozarboyjon garchi neft qazib oluvchi davlatlar orasida yetakchi o‘rinlarda bo‘lsa ham, bu tashkilotga a'zo bo‘lishni xohlamagan. Shuningdek, bu tashkilotga ikki iqtisodiy gigant Xitoy va AQSh ham a'zo emas. Tashkilot shtab-kvartirasi Avstriya poytaxti Vena shahrida joylashgan. Bugun dunyo neft zaxirasining uchdan ikki qismi, uni qazib olish va sotishning 33 foizi aynan OPEC mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

OPEC 1960 yil 10-14 sentyabrda Bog‘dodda bo‘lib o‘tgan konferensiyasida Eron, Iroq, Kuvayt, Saudiya Arabistoni va Venesuela vakillari tomonidan tuzilgan. Boshqa a'zolar keyinchalik qo‘shilgan. Tashkilot shtab-kvartirasi 1965 yilda Shveytsariyaning Jyeneva shahridan Venaga ko‘chgan.

OPEC’ga a'zo davlatlar har doim jahonda yuz beradigan voqea-hodisalar tufayli maslahatlashib neft qazib chiqarishni ko‘paytirish yoki kamaytirish haqida qaror qabul qiladi. Neft narxi qimmatlashganda qazib olishni ko‘paytiradi, arzonlashganda esa aksincha kamaytiradi. Shu yo‘l bilan neft narxini ma'lum darajada nazorat qiladi.

Ayrim vaqtlarda tashkilotga a'zo davlatlar orasida ham neft qazib olishni ko‘paytirish yoki kamaytirish bo‘yicha kelishmovchilik bo‘lib turadi. Shuningdek, OPEC tashkilotga a'zo bo‘lmagan boshqa davlatlar bilan ham neft qazib olish hajmi bo‘yicha muzokaraga kirishadi.

Bunday muzokaralar doim ham kelishuv bilan tugamaydi. Masalan, joriy yilning 6 mart kuni Venada OPEC va unga a'zo bo‘lmagan davlatlar o‘rtasida neft qazib olish hajmini qisqartirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Unda tashkilotga a'zo bo‘lmagan Rossiya OPEC vakili Saudiya Arabistonining jahon bozorida neft narxi tushib ketayotgani sabab uni qazib olishni kamaytirish haqidagi taklifiga ko‘nmadi va muzokaralar natijasiz yakunlandi.

Rossiya bilan kelisha olmagach, Saudiya Arabistoni neft qazib olish hajmini 2020 yilga belgilangan rejadan 26 foizga oshirdi va bu jahon bozorida neft narxining keskin pasayishiga sabab bo‘ldi. Hozirda Brent turidagi neftning bir barreli 25-26 dollar atrofida baholanmoqda. Taqqoslash uchun, Saudiya bilan muvaffaqiyatsiz muzokaralardan oldin narx 45-49 dollar atrofida edi.

Neft narxi tushib ketishidan kim ko‘proq zarar ko‘radi?

Neft qazib oluvchi va uni eksport qiluvchilar qatoriga rivojlangan, rivojlanayotgan, hatto qoloq davlatlar ham bor. Albatta, neft narxining keskin tushib ketishi hammaga ta'sir qiladi, lekin iqtisodiyoti «neftga qarab qolgan» davlatlarda zarar sezilarli bo‘ladi. Masalan, neft narxi arzonlab ketishi Fors ko‘rfazidagi davlatlar, AQSh, Kanada kabi davlatlarga keskin ta'sir ko‘rsatmasa, Rossiya, Venesuela, Eron va Qozog‘iston kabi davlatlar iqtisodiyoti jiddiy zarar ko‘radi.

So‘nggi bir necha hafta mobaynida jahon bozorida neft narxi keskin pastlashi Rossiya va Qozog‘istonda bu milliy valutalar keskin qadrsizlanishiga, neft sohasida faoliyat yuritadigan kompaniyalarning qimmatli qog‘ozlari narxi tushib ketishiga sabab bo‘ldi. Misol uchun, Rossiyada 65-67 rubl atrofida tebranib turgan dollar kursi neft arzonlashi fonida 82 rublgacha ko‘tarildi.

Iqtisodchilarning taxminicha, agar neft narxi 20 dollarga tushib, shu holatda biroz saqlanib tursa, Rossiyada dollar kursi 100 rubldan oshib ketishi ham mumkin. Yon qo‘shnimiz Qozog‘istonda ham bu borada ahvol chatoq. Bu davlatda yil boshida 1 dollar 360-370 tenge atrofida edi, neft arzonlab ketishi ortidan 19 mart holatida 1 dollar 446,41 tengeni tashkil etmoqda.

Tarix so‘zlaganda: SSSRni neft narxi pasayishi qulatganmidi?

Bugun Rossiya foydalanayotgan neft konlaridan o‘z vaqtida dunyoning ikkinchi qutbi maqomida bo‘lgan SSSR ham foydalangan. Tarixdan ma'lumki, 1979 yilda SSSR Afg‘onistonga qo‘shin kiritganidan so‘ng AQSh boshliq G‘arb davlatlari SSSRga qarshi iqtisodiy sanksiyalar joriy qiladi. Buning ortidan SSSR G‘arbga neft sotolmay qoladi. G‘arb davlatlari neftni boshqalardan olgani yetmaganday, qazib oluvchi davlatlardan «qora oltin» qazib olishni ko‘paytirishni so‘raydi.

Oqibatda 1979-1980 yillargacha 1 barrel neftning narxi 36-40 dollar bo‘lib turgan holda 1982 yilga kelib avvaliga 30 dollarga, so‘ng undan ham pastga tushadi. 1986 yilga kelib Saudiya Arabistoni OPEC’ga a'zo davlatlarning kunlik neft qazib olishni kamaytirishni taklif qiladi, ammo qolgan davlatlar qazib olishni ko‘paytirish kerak deb turib olishadi. Bu qarorga norozilik sifatida Saudiya kunlik neft qazib olish hajmini keskin oshiradi va jahon bozorida 1 barrel neftning narxi 10 (!) dollargacha tushib ketadi.

Neft narxining bunday pastlab ketishi SSSR iqtisodiga har kuni millionlab dollar zarar keltira boshlaydi. Oqibatda iqtisodiyot orqaga ketadi va aksariyat yirik qurilishlar to‘xtatiladi. Mamlakatda mahsulot taqchilligi yuzaga kela boshlaydi. 1987-1991 yillar oralig‘ida SSSR o‘z neftini 15 dollar atrofidagi narxda sotadi. O‘sha paytda mamlakat rahbari bo‘lgan Mixail Gorbachyov «Neft narxi hech bo‘lmasa 18 dollarga chiqsa, mamlakat bir yilda qo‘shimcha milliardlab dollar mablag‘ga ega bo‘lar edi» degandi afsus bilan.

Bugun Saudiya Arabistoni neft qazib olishni ko‘paytirishi ortidan ko‘pchilik SSSRning so‘nggi kunlarini eslamoqda. O‘shanda ham hammasi Saudiya tomonidan neft qazib olish ko‘paytirilishidan boshlangan edi...

G‘ayrat Yo‘ldosh

Top