19:32 / 19.03.2020
3101
Olimpiya mash'alasi Tokiodagi o‘yinlar tashkiliy qo‘mitasiga topshirildi

Gretsiyada Olimpiya mash'alasining Tokiodagi Olimpiada tashkiliy qo‘mitasiga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Keystone Press Agency

 
Tantanali marosim Afinadagi “Panatinaikos” stadionida bo‘lib o‘tdi. Bu stadionda 1896 yilda zamonaviy tarixdagi ilk Olimpiada o‘tkazilgan. 

Biroq koronavirus pandemiyasi sababli mash'alani topshirish marosimi tomoshabinlar va jurnalistlarsiz o‘tgan.

Gretsiyalik sportchilar, 2016 yilgi Olimpiada g‘oliblari - langarcho‘p bilan balandlikka sakrovchi Yekaterini Stefanidi va gimnast Elefterios Petrunis estafeta mash'alasini arenadagi mehrobdan yoqishgan.

Estafetani yaponiyalik sportchilar – kurash bo‘yicha 3 karra Olimpiya chempioni Yosida Saori va dzyudo bo‘yicha 3 karra Olimpiya chempioni Nomura Tadaxiro  qabul qilib olishlari kerak edi. Biroq ular koronavirus epidemiyasi sababli Gretsiyaga borishdan bosh tortishgan.

Marosimda Gretsiya Olimpiya qo‘mitasi rahbari Spiros Kapralos ishtirok etgan “Tokio-2020” tashkiliy qo‘mitasi raisi, Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Yosiro Mori marosim ishtirokchilariga videomurojaat yo‘llagan.  

Mash'ala 20 mart kuni Yaponiyaga keltirilishi kutilmoqda. Uning Yaponiya bo‘ylab estafetasi 26 mart kuni Fukusima prefekturasidan boshlanadi.

O‘tgan hafta Gretsiyadagi Qadimgi Olimpiyada XXXII yozgi Olimpiada mash'alasini yoqish marosimi bo‘lib o‘tgandi. Ushbu marosim ham tomoshabinlarsiz o‘tgandi. Keyinroq estafeta tashkilotchilari mash'alaning Gretsiya bo‘ylab olib yurilishini bekor qilishgan. 

Avvalroq Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi koronavirus pandemiyasiga qaramay 2020 yilgi Olimpiadani belgilangan muddatda o‘tkazmoqchiligini ma'lum qildi. Biroq Tokio gubernatori Yuriko Koike Olimpiadaning tomoshabinlarsiz o‘tishi variantini istisno qilgan.

Tokio Olimpiadasi 24 iyuldan 9 avgustgacha o‘tkazilishi belgilangan. Ushbu o‘yinlarda 339 ta medallar shodasi o‘ynalishi kutilmoqda. Bu esa 2016 yilgi Olimpiadadagidan 33 ta medallar to‘plamiga ko‘proqni tashkil qiladi. 

 

Top