12:31 / 19.03.2020
100321
Poytaxtdagi “16” va “1-gorbolnitsa” shifoxonalari yopilgani rostmi?

RShTYoIM shifokorlardan biri o‘zida koronavirus alomatlari borligidan shubha qilgani bois u ishlayotgan bo‘lim ma'lum muddat yopildi. 1-klinik shifoxona esa Turkiyaga borganini yashirgan bemorda virus tasdiqlangani uchun karantinga olindi.

Foto: policliniki.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtdagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RShTYoIM) va Toshkent shahar «Ibn Sino» nomli 1-son klinik shifoxonasi karantin tufayli yopilgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Kun.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Furqat Sanayevdan izoh so‘radi.

«Bu ma'lumotlarda faqat qisman asos bor. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining bir bo‘limidagi shifokor o‘zida koronavirus infeksiyasiga shubha qilganligi bois o‘sha bo‘lim ma'lum muddat ehtiyot chorasi sifatida karantinga olindi. Ammo ixtisoslashgan tahlillar natijasi shifokorda ushbu infeksiya yo‘qligini ko‘rsatgandan keyin markaz bo‘limidagi ushbu tartib bekor qilindi. Ayni paytda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi odatdagidek uzluksiz faoliyat ko‘rsatmoqda.

1-son shahar klinik shifoxonasiga kelsak, koronavirusga gumon qilinib, keyinchalik Respublika Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida ushbu tashxis tasdiqlangan fuqaro ma'lum vaqt shu shifoxonada bo‘lgan.

Ammo bir narsani ta'kidlashni istardimki, bu ayni o‘sha paytda koronavirus tarqatdi, degan yakuniy xulosa emas. Faqat Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talablariga muvofiq ravishda va qat'iy ehtiyot chorasi sifatida bu shifoxona ma'lum muddat karantinga olindi. Yaqin kunlarda davolash ishlari yana o‘z iziga tushiriladi. 

Imkoniyatdan foydalanib, yana bir bor eslatib o‘tamiz, vazirligimiz bu borada barcha rasmiy ma'lumotlarni ochiq, oshkora soatma-soat ommaviy axborot vositalarida e'lon qilib bormoqda. Shu bois, aholidan mish-mishlarga ishonmasliklarini so‘rab qolamiz», deydi vazirlik rasmiysi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top