19:51 / 19.03.2020
24231

Prezident tashrifidan keyin Xorazm viloyati hokimining ikki o‘rinbosari almashdi

Xorazm viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hamda qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari o‘zgardi.

Prezidentning 12-13 mart kunlari Xorazm viloyatiga amalga oshirgan tashrifi doirasida viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Adilbek Jumaniyazovich Kuryazov lavozimidan ozod etilgan. U bu lavozimda 2019 yil fevralida tayinlangandi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar berishicha, viloyat hokimi qarori bilan «O‘zshaharqurilishinvest» injinering kompaniyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Bahrom Sharipovich Qurbonov Xorazm viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Bahrom Qurbonov

Shuningdek, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan O‘ktamboy Qo‘chqorovich Qurbonov ishdan olingan. Uning o‘rniga Otabek Baltaboyevich Yusupov tayinlangan.

U 2018 yildan buyon Xorazm viloyati viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, prezident tashrifidan keyin Xorazm viloyatining uch tumanida - Yangibozor, Hazorasp va Yangiariq tumanlarida hokimlar o‘zgargandi.
 

Mavzuga oid
Top