19:16 / 19.03.2020
6488
Senat va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz: «Oliy sud fuqaroning mulkini qaytarishi kerak»

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Xolmatov uyi asossiz tortib olingan fuqaro R.Kamalovning qonunlarda kafolatlangan shaxsiy mulkiy huquqlarini Oliy suddan himoya qilinishida amaliy yordam so‘rab, Bosh prokuror nomiga xat kiritdi.

Xabaringiz bor, Kun.uz tahririyati fuqaro R.Kamalovning g‘ayriqonuniy ravishda tortib olingan kvartirasiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi egalik qilib kelayotgani, fuqaroning murojaatlari esa asossiz ravishda rad etib kelinayotgani haqida surishtiruv olib bormoqda.

Avvalgi maqolamizda tahririyat tomonidan mazkur masalaga o‘z pozitsiyalarini bildirishni so‘rab, Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazga so‘rovlar yuborilgani aytilgan edi.

Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Batir Matmuratovning tashabbusi bilan ushbu masala Toshkent davlat yuridik universiteti Fuqarolik huquqi kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan muhokama qilindi.

Ish hujjatlari bilan tanishib chiqqan kafedra katta o‘qituvchisi, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Qambariddin Mehmonov o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 15-moddasiga ko‘ra, Davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan hujjat qabul qilinishi, shuningdek ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan qoplanishi lozim.

Ushbu kodeksning 985-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, g‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar zararni yetkazgan shaxs tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasining «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdor huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunining 7-moddasiga ko‘ra, mulkdorning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida mulkdor huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qiladi. Unga muvofiq, qonun hujjatlaridagi xususiy mulk huquqini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar mulkdorning foydasiga talqin etiladi.

Modomiki, tergov va sud organlarining noqonuniy qarorlari (harakatlari) natijasida fuqaro R.Kamalovga zarar yetkazilgan ekan, bu yetkazilgan zarar to‘liq xajmda qoplanishi shart.

Bunda R.Kamalovga doir ish Jinoyat protsessual kodeksining 510-1-moddasi tartibida Oliy sudning Rayosatida ko‘rib chiqilishi va fuqaroga uning uyi asl holida qaytarilishi kerak. Chunki, agar budjetga tushgan pul mablag‘lari fuqaroga qaytariladigan bo‘lsa, u holda fuqaro o‘zining mulkiy yo‘qotishlarini qoplay olmaydi. Bunday mulkiy yo‘qotishlarda esa, uning aybi mavjud emas. Ko‘chmas mulkning bozor bahosi esa, tabiiyki, bundan qariyb 10 yildan ko‘proq muddat davomida bir necha marotaba oshgan.

Mulkdor huquqlarini ta'minlashning yana bir yo‘li bu – ushbu uyning bugungi kundagi bozor bahosiga teng miqdorda pul to‘lanishi haqida qaror chiqarilishidir. Ana shunda Fuqarolik kodeksining 985-moddasi mazmunida nazarda tutilgan fuqaroning mol-mulkiga yetkazilgan zararni to‘liq hajmda qoplash ta'minlanadi. Natijada esa, qonunan to‘g‘ri va adolatli qaror qabul qilingan bo‘ladi», deydi Q.Mehmonov.

Ish tafsilotlari bilan tanishib chiqqan Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi B.Matmuratov ham R.Kamalovga nisbatan Oliy sud tomonidan adolatsizlik qilinganini e'tirof etib, fuqaroning huquqlarini tiklashga qaratilgan zarur choralar ko‘rilishini ma'lum qildi.

Ushbu masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazining harakatlari esa tahsinga loyiq. Tahririyatga yo‘llangan javob xatida Markaz bu masala bilan ko‘pdan beri shug‘ullanib kelayotgani ma'lum qilingan. Muqaddam fuqaroning manfaatlarini ko‘zlab Oliy sud va boshqa idoralarga iltimosnomalar kiritilgan. Biroq ularga qoniqarli javob olinmagan.

Tahririyatning xatidan so‘ng mazkur masala Milliy markaz tomonidan yana bir bor chuqur o‘rganib chiqilgan. Natijada Oliy sud qator qonun normalari, jumladan Jinoyat protsessual kodeksining 211-moddasi 1-qismi birinchi va to‘rtinchi bandlari, Fuqarolik kodeksining 164 va 166-moddalari, Uy-joy kodeksining 11-moddasiga rioya qilmagani e'tirof etilgan.

Shunga ko‘ra, Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining 2018 yil 20 sentyabrdagi ajrimiga nisbatan protest keltirish orqali R.Kamalovning Konstitutsiya va qonunlarda kafolatlangan shaxsiy mulki huquqini himoya qilinishida, ish bo‘yicha qonuniy va odilona qaror qabul qilinishida amaliy yordam ko‘rsatishni so‘rab, Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev nomiga iltimosnoma kiritilgan.

Bosh prokuraturadan olingan ma'lumotga ko‘ra, mazkur iltimosnoma respublika prokuraturasining jinoyat sudlarida prokuror nazoratini ta'minlash boshqarmasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Qonun talabiga ko‘ra, Milliy markaz kiritgan iltimosnoma asosli va Oliy sud ajrimi qonunga zid deb topilsa, Bosh prokuratura tomonidan ishni Oliy sudning Rayosatida ko‘rib chiqish bo‘yicha protest kiritilishi lozim bo‘ladi.

Kun.uz mavzu yuzasidan surishtiruvlarini davom ettiradi.

Dilshod Abduqodirov

PS: Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi J.Shirinov imzosi bilan tahririyatga yo‘llangan javob xatida «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasiga muvofiq, sudlarning ish yurituvidagi muayyan ishlar va materiallarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq faoliyat parlament nazoratining obekti bo‘lishi mumkin emasligi bayon etilgan.

Top