07:44 / 19.03.2020
10388

«Toshshahartransxizmat» jamoat transportidan foydalanganda to‘lovni naqd pulsiz shaklda amalga oshirishni tavsiya qildi

Jamoat transportlaridan foydalanganda to‘lovni elektron kartalar yoki oylik yo‘l chiptalari orqali amalga oshirish o‘zingiz va atrofingizdagilarning salomatligi va xavfsizligi uchun foydali ekani aytiladi

Foto: KUN.UZ

 “Toshshahartransxizmat” jamoat transportlaridan foydalanganda to‘lovni elektron kartalar yoki oylik yo‘l chiptalari orqali amalga oshirishni tavsiya qildi.

Qayd etilishicha, koronavirus infeksiyasining O‘zbekistonda ham qayd etilgani ushbu virusning keng tarqalishiga qarshi qat'iy choralar ko‘rishni taqozo qilmoqda. Jumladan, karantin vaqtida virus o‘choqlari keng yoyilishi mumkin bo‘lgan joy va vositalardan foydalanish vaqtincha cheklanmoqda.

“Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ayni vaziyatda virus infeksiyasining tarqalmasligi uchun zarurat bo‘lmaganda naqd puldan imkon qadar foydalanmaslikka, barcha to‘lovlarni elektron kartalar orqali amalga oshirishga chaqirdi.

Kuzatishlar shundan dalolat beradiki, aholi o‘rtasida muomala vositasiga aylangan naqd pullar turli sharoitlarda saqlanishi va foydalanilgani uchun ham viruslarning asosiy tashuvchisi hisoblanadi.

Ayniqsa, jamoat transportlarida bunga yaqqol guvoh bo‘lish mumkin”, - deyiladi “Toshshahartransxizmat” xabarida.

Ana shu jihatlarni inobatga olib, jamoat transportlaridan foydalanganda to‘lovni elektron kartalar yoki oylik yo‘l chiptalari orqali amalga oshirish o‘zingiz va atrofingizdagilarning salomatligi va xavfsizligi uchun foydali ekani aytiladi.
 
Bildirilishicha, joriy yilning yanvar oyidan muomalaga kiritilgan avtomatlashtirilgan tizim va yagona transport kartalarining bir muncha afzalliklari mavjud. 

Bu turdagi kartalarni metroning kassalari hamda oylik yo‘l chiptalari bilan savdo qiluvchi shoxobchalardan xarid qilish mumkin.

“Aziz yo‘lovchi, ushbu yangi va zamonaviy to‘lov tizimidan foydalaning. Bu bilan ayni vaziyatda o‘z salomatligingizni saqlash bilan birga tizimda innovatsion loyihalarning samarali va maromda ishlashiga hissa qo‘shgan bo‘lasiz”, - deyiladi ma'lumotda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top