11:55 / 19.03.2020
52764
Xitoyda koronavirus epidemiyasi boshlangandan beri kasallanishlar soni birinchi marta nolgacha tushdi

Xitoyda koronavirus epidemiyasi boshlangandan beri birinchi marta mamlakatda kasallikni yuqtirish holatlari qayd etilmadi, shifokorlar faqat tashqaridan olib kirilgan infeksiya bilan shug‘ullanmoqda. Bu haqda Bloomberg Xitoy sog‘liqni saqlash bo‘yicha davlat komissiyasi va mutaxassislarning ma'lumotlariga tayanib xabar berdi.

Foto: AP

O‘tgan kun davomida 34ta holat aniqlandi, ammo barcha holatlarda bu mamlakatga tashqaridan olib kirilgan infeksiyadir. Xubey provinsiyasining ma'muriy markazi, mart oyiga kelib pandemiyaga aylangan Covid-19’ning tarqalishi boshlangan Uhan shahrida bir kunda kasallanish darajasi nolga teng bo‘ldi. Agentlikning Xitoy rasmiylaridan olingan ma'lumotlarga tayanib ta'kidlashicha, Xitoy qolgan qismida yetti kun ichida kasallikning yangi holatlari qayd etilmagan.

London gigiyena va tropik tibbiyot maktabining yuqumli kasalliklar epidemiologiyasi professori Devid Xeymanning fikricha, 60 million aholiga ega bo‘lgan Xubey provinsiyasining o‘zidagi karantin choralari shunday natijaga olib keldi. Xitoy davlat sog‘liqni saqlash komissiyasi infeksiyaning tashqaridan olib kirilishiga qarshi kurashga bor e'tiborni qaratdi. Bir kunda aniqlangan 34ta holatdan 21tasi eng ko‘p odamlar kelgan Pekinda qayd etildi. «Agar virus yana paydo bo‘lsa, u tezda yo‘q qilinadi», - deya ta'kidlaydi Jorjtaun universiteti sog‘liqni saqlash va xavfsizlik bo‘yicha global markaz direktori Rebekka Kats.

XXR davlat sog‘liqni saqlash komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2019 yil dekabr oyi oxirida boshlangan epidemiyada kasallanishning tasdiqlangan holatlari soni Xitoyning materik qismida 80 928tani tashkil etdi. 19 mart kuniga kelib 3 245 kishi vafot etdi. Xubey provinsiyasida bir sutkada sakkiz kishi, ulardan olti nafari Uhanda hayotdan ko‘z yumdi.

Covid-19 koronavirus pandemiyasining yangi turi 160 mamlakatda tarqaldi. Virusdan qariyb 220 ming kishi kasallandi, 9 mingga yaqin kishi vafot etdi. 18 mart kuni Yevropada virus o‘chog‘i bo‘lgan Italiyada bemorlarning 475 nafari vafot etgan, bu mamlakatda rekord ko‘rsatkichdir. Italiyada virus tarqalishi boshlanganidan buyon 35713 kishi uni yuqtirib olgan, vafot etganlar soni 2978 nafarga yetgan, 4025 kishi tuzalib ketgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top