23:40 / 20.03.2020
87091
Britaniya nafaqadagi shifokorlarni yordamga chaqirdi, O‘zbekistonda yangi choralar. So‘nggi ma'lumotlar

O‘zbekistonda 20 mart kuni yana 10 kishida virus aniqlandi - avvalgi bemorlar bilan aloqada bo‘lgan 9 kishi virus yuqtirgan, shuningdek, xorijdan kelgan bir o‘zbekistonlikda virus aniqlangan. Endilikda O‘zbekistonda virus bemorlari 33 nafarga yetdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, koronavirus kasaliga chalingani aniqlangan so‘nggi bemorlarning ahvoli o‘rta og‘ir va barqaror darajada. Shu bilan birgalikda, ushbu kasallikka chalingan ilk bemorlar sog‘ayib bormoqda.

Koronavirusga chalingan bemorlarga tun-u kun xizmat ko‘rsatayotganlar — Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi jamoasi

Bugun mamlakatdagi masjidlarda koronavirus tufayli juma va jamoat namozlari o‘qilmadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xitoylik mutaxassislarni maxsus reys bilan O‘zbekistonga olib kelib, profilaktika tadbirlari bo‘yicha maslahat va ko‘mak olib bo‘yicha topshiriq bergan.

Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining navbatdagi majlisi qaroriga muvofiq, barcha hududlarda 21 martdan boshlab, bir qator obektlar va xizmatlar faoliyati to‘xtatilmoqda. 

Xususan: 

  • ko‘ngilochar obektlar (shu jumladan, tungi klublar, diskoteka);
  • spa va massaj salonlar;
  • choyxona va oshxonalar (uyga eltib berish xizmati bundan mustasno);
  • karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) markazlari; 
  • kompyuter o‘yinlari xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik faoliyati turlari. 

Shuningdek, 23 martdan boshlab, to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosim singari ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi bekor qilinadi. Ushbu marosimlarni zarur bo‘lgan taqdirdagina ixcham holda, yaqinlari bilan birga 10-15 kishi ishtirokida o‘tkazish tavsiya etiladi.

Prezident Respublika maxsus komissiyasiga xorijdagi fuqarolarni mamlakatga qaytarish bo‘yicha aviareyslarni tashkillashtirishga ko‘rsatma berdi. 

Komissiya O‘zbekistonga parvoz qiladigan quyidagi charter reyslar jadvalini tuzib chiqdi:

  • 21 mart kuni Moskva shahridan (Rossiya) soat 03:30da; Dehli shahridan (Hindiston) soat 17:30da;
  • 22 mart kuni Kuala-Lumpur shahridan (Malayziya) soat 04.30da; Moskva shahridan (Rossiya) soat 05:00da; Istanbul shahridan (Turkiya) soat 06:00da va Novosibirsk shahridan (vaqti aniqlashtirilmoqda);
  • 23 mart kuni Seul shahridan (Koreya Respublikasi) soat 02:00da;
  • 24 mart kuni Djakarta shahridan (Indoneziya) soat 07:00da;
  • 26 mart kuni Bangkok shahridan (Tayland) soat 01:00da. 
  • Boshqa mamlakatlardan fuqarolarni qaytarish davom etadi.

O‘zbekistonga qaytgan fuqarolar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talablariga ko‘ra 14 kunlik karantinga joylashtiriladi.

Rossiyadagi vaziyat

Rossiyada bir kunda koronavirusdan zararlanishning zararlanish bilan bog‘liq 54ta yangi holat qayd etildi. Shu tariqa, mamlakatda koronavirusning jami bemorlari soni 253 nafarga yetdi.

Moskva oblasti hududida koronavirusga chalingan bemorlar uchun yangi infeksion shifoxona qurilishi ishlari davom etmoqda.
Shifoxona 500 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘ladi. Foto: Zuma/TASS

Yangi infeksiyaga qarshi kurash bo‘yicha operativ shtab ma'lumotlariga ko‘ra, Moskvada yana 33 kishi kasallangan, Yoqutistonda 6 kishida virus aniqlangan. Shuningdek, Sankt-Peterburg va Samara oblastlarida 4 nafar kishida, Kirov va Novosibirsk oblastlarida ikki nafar kishi virusdan zararlangan. Moskva, Ulyanov va Tyumen oblastlarida ham bittadan holat qayd etilgan.

Bemorlarning barchasi maxsus infeksion bokslarga joylashtirilgan.

Ma'lum qilinishicha, bemorlarning barchasi so‘nggi haftalarda xorijda bo‘lib qaytishgan. Moskvadagi shtab ma'lumotiga ko‘ra, ular 29 fevraldan 15 martga qadar Jyeneva, Milan, Nitssa, Verona, Boku, Myunxen va Frankfurtdan amalga oshirilgan reyslarda kelishgan.

«Bemorlarning ikki nafari voyaga yetmagan bolalar, ulardan biri Rossiyaga kelgach maktabga bormagan; ikkinchisi 12 mart kunidan maktabga borishni to‘xtatgan, ayni vaqtda uning maktabi karantinga yopilgan», deya shtab bayonotini keltirmoqda «Interfaks» agentligi.

Bugundan Rossiyaning butun hududida - 85ta regionda yuqori shaylik holati rejimi amalga kirdi. Maktablar va oliy ta'lim muassasalari masofadan ta'lim berishga o‘tgan, barcha sport tadbirlari va boshqa ommaviy marosimlar bekor qilingan. Rossiyaliklarga xorij safarlaridan tiyilib turish tavsiya etilmoqda.

Rossiyaga xorijdan kelganlarning barchasi 19 mart kunidan 14 kunlik karantinga joylashtirilmoqda. Mamlakatga qaytuvchilarning barchasi o‘zining qaytishi to‘g‘risida tegishli joyni xabardor qilishi kerak.

18 mart kunidan mamlakat hududiga xorijliklar kirishi taqiqlandi, bu taqiq 1 mayga qadar amalda bo‘ladi. Shu kuni Rossiyadan Buyuk Britaniya, AQSh va BAAga parvozlar ham to‘xtatildi. Bungacha Yevropa Ittifoqi bilan aviaqatnovlarga chek qo‘yilgandi.

So‘nggi bir kunda Rossiyada bemorlarning 7 nafari tuzaldi: ularning to‘rt nafari Moskvada, uch nafari Lipetsk oblastida.

Italiya juda ko‘p qurbon bermoqda

EPA

20 mart kuni Italiyada koronavirusdan vafot etganlar soni yana 627 nafarga oshdi va jami qurbonlar soni 4032 nafarga yetdi. Bu Xitoy yoki boshqa har qanday davlatdagi o‘limlar sonidan ko‘proq. So‘nggi bir kunda yana 5986 kishida virus aniqlandi va jami bemorlar soni 47021 nafarga yetdi. Ayni vaqtda ularning 5129 nafari sog‘ayib, uyiga javob berilgan, qolgan bemorlarning 2655 nafari og‘ir ahvolda.

Virus ilk bor tarqalgan Xitoyda esa, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, shu vaqtgacha vafot etganlar soni 3248 nafarni tashkil qilmoqda, so‘nggi bir kunda 3 o‘lim qayd etildi. Bemorlar soni o‘sishi ham jiddiy pasaygan - bir kunda 39 bemor, virusdan zararlanganlar soni 80967 nafar, shundan 71150 kishi tuzalib ketgan. Ayni vaqtda butun mamlakat bo‘ylab 6569 bemor shifoxonalarda qolmoqda, shundan 282 nafari Xubeydan tashqaridagi viloyatlarda.

Lekin ayrim ekspertlar, Xitoydan berilayotgan rasmiy raqamlarga ishonchsizlik bilan qarashmoqda.

Ayni vaqtda Yevropa davlatlari koronavirus tarqalishi oldini olish maqsadida karantin muddatini uzaytirishni rejalashtirmoqda.

Italiyada 14 kunlik majburiy karantin 12 mart kuni boshlangandi, ammo hukumat 25 martdan keyin ham muddatni uzaytirmoqchi. Amalda barcha italyanlar uylarida qoladi.

15 kunlik karantinni uzaytirish haqida Fransiya hukumati ham aytmoqda. Fransiyada karantin choralarini buzganlarni qo‘lga olish va jazolash boshlandi - 15 ming yevrolik jarima. 

Fransiya virusdan eng ko‘p jabr chekkan davlatlardan biri bo‘lib turibdi - 10995 bemor, 372 qurbon.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson koronavirusni yengish uchun 12 hafta talab etilishi va iyun oyi oxiriga borib epidemiya susaya boshlashi mumkinligi, lekin bunga hech qanday kafolat yo‘qligini aytib o‘tgan.

Boris Jonson / REUTERS

Bugundan mamlakatdagi barcha restoranlar, pablar, kinoteatrlar va sport zallari yopildi. Hukumat 90dan ortiq turdagi dori vositalari eksportini taqiqladi. Nafaqaga chiqqan tibbiyot xodimlaridan ishga qaytish so‘raldi.

Britaniyada 20 mart kuni yana 40 kishi virus tufayli olamdan o‘tgan, jami qurbonlar soni 184 nafar. Mamlakatda virus yuqtirib olganlar soni 3269 nafarni tashkil etmoqda.

Yevropa yetakchilari hozircha inqirozga qarshi choralar qachon susaytirilishi mumkinligi haqida gapirishmayapti.

Yevropa Ittifoqida qat'iy chegara nazorati o‘rnatilgan. Ittifoqqa a'zo bo‘lmagan davlatdan kelgan sayohatchi chegaradan o‘tkazilmaydi va ortiga qaytariladi. YeIning 27 mamlakati o‘z hududiga kirishga 30 kunlik cheklov o‘rnatgan.

Ispaniyada so‘nggi bir kunda yana 210 kishi koronavirusdan vafot etdi va jami qurbonlar soni 1041 nafarga yetdi. Virus yuqtirganlar soni 2335 nafarga ko‘paygan va jami holatlar soni 20412taga yetgan. Bemorlarning 1588 nafari to‘la sog‘ayib ketgan.

Germaniya kansleri Angela Merkel millatga murojaat qildi. «Vaziyat jiddiy. Jiddiy munosabatda bo‘ling. Birlashuv davridan buyon (1991 yil, Berlin devori qulashi), hatto Ikkinchi jahon urushi davridan buyon mamlakatimiz bunday og‘ir muammoga duch kelmagandi, bu kurash natijasi bizning birdamligimizga bog‘liq», degan u.

Germaniyada koronavirus tarqalishiga qarshi kurash choralari Ispaniya va Italiyadagi kabi keskin emas. Hukumat maktablarni yopgan, ko‘plab kompaniyalar ishlamayapti.

Mamlakat aholisi ko‘chada o‘zaro uchrashishi va vaqtni birgalikda o‘tkazishi mumkin, ammo nemis nashrlarining yozishicha, Merkelning murojaati ehtimoliy majburiy karantin arafasidagi so‘nggi ogohlantirish bo‘lishi mumkin.

Juma kungi ma'lumotlarga ko‘ra, Germaniyada virusdan zararlanganlar soni 3474 nafarga oshib, jami 18794 nafarga yetgan. O‘lim holatlari soni 53 nafar (+9).

Boshqa davlatlar

  • Avstriya 5 aprelga qadar Tirol provinsiyasini to‘liq yopdi, bu hudud mamlakatda virus tarqalishi o‘chog‘i bo‘ldi. Bu yerga faqat mahalliy aholi vakillari va ayrim ishchi-xodimlar, shuningdek, mahsulotlar kiritilishi mumkin;
  • Sloveniyada juma kunidan jamoat joylarida yig‘ilish taqiqlandi;
  • Portugaliya 15 kunlik favqulodda holat haqida e'lon qildi, ammo bosh vazir Antonio Kosta bu choralar yana bir necha oyga cho‘zilishi mumkinligidan ogohlantirdi - qirollikda virusdan zararlanganlar soni mingdan oshdi;
  • Ispaniya qiroli Filipp IV telemurojaatida virus millatni yenga olmasligi, aksincha fuqarolarni birlashtirishi haqida gapirdi. Madriddagi keksalar uyida 19 kishi vafot etgach, jiddiy tekshiruvlar boshlangan;
  • Norvegiyada parlament aholi bandligi va sog‘liqni saqlash sohasidagi vaziyat bo‘yicha choralar bo‘yicha qonun loyihasini qabul qildi. Bu mamlakatda ham vaziyat og‘irlashmoqda - virus yuqtirganlar soni 2 mingga yaqinlashdi;
  • Serbiyada koronavirusning ilk qurboni qayd etildi, bu mamlakatda bemorlar soni 135 nafar.

Bundan tashqari, Polshada epidemiya davri rejimi joriy etildi, Ukrainada Kiyevda va yana ikki oblastda favqulodda holat rejimi joriy qilindi, Gruziya butun dunyo davlatlari bilan aviaqatnovlarni to‘xtatdi, Indoneziya poytaxti Jakartada favqulodda holat e'lon qilindi, Gaiti, Kabo-Verde va Madagaskarda virusdan zararlanishning ilk holatlari, Peruda virusdan ilk o‘lim holati qayd etildi, Burkina-Fasoda ta'lim vaziri virus yuqtirib oldi, Saudiya Arabistonida jamoat transporti faoliyati to‘xtatildi, butun Argentina bo‘ylab karantin holati joriy etildi, Braziliya va Marokashda ham favqulodda holat rejimi joriy qilindi.

  • So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, koronavirusga chalingan bemorlar soni butun dunyodagi 170dan ortiq mamlakatda 268 mingdan oshib ketdi, ularning 90 mingdan ortig‘i sog‘aygan, 11187 kishi vafot etgan.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top