11:11 / 20.03.2020
8708
«Haydovchi qayta imtihondan o‘tishga yo‘naltirildi». 63-avtobusdagi holat bo‘yicha izoh berildi

Haydovchi avtobusdagi GPS nazorat tizimini qasddan o‘chirib, masofani qisqa muddatda bosib o‘tish maqsadida tezlikni oshirgan

Foto: Toshshahartransxizmat

Joriy yilning 17 mart kuni 2-avtosaroy tasarrufidagi 63-yo‘nalishda qatnovchi, saf raqami 70 bo‘lgan avtobusning tezligini haddan oshirgani va keskin to‘xtashga harakat qilgani yo‘lovchilarning noroziligini keltirib chiqardi va ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

“Toshshahartransxizmat” xabariga ko‘ra, mutasaddilar mazkur voqeani o‘rganganlarida, haydovchi K.R avtobusdagi GPS nazorat tizimini qasddan o‘chirib, masofani qisqa muddatda bosib o‘tish maqsadida tezlikni oshirgani, yo‘ldagi noqulay vaziyat sabab keskin to‘xtashga harakat qilgani natijasida chiptachining avtobus salonida yiqilgani ma'lum bo‘ldi.  

Bildirilishicha, ushbu xatti-harakat atroflicha o‘rganilib, haydovchi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasidan yo‘l va yo‘lovchi tashish qoidalari bo‘yicha qayta imtihondan o‘tishga yo‘naltirildi.

“Hurmatli yo‘lovchi! Agarda siz mazkur holat kabi qoidabuzarliklarga duch kelsangiz, zudlik bilan jamiyatning 1062 ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qiling! Zero, yo‘lovchi hayotini xavfga solishga hech kimning haqqi yo‘q!” - deyiladi ma'lumotda. 

Top