10:29 / 20.03.2020
3052
Kann kinofestivali boshqa sanaga ko‘chirildi

Fransiyada o‘tkaziluvchi Kann kinofestivali tashkilotchilari koronavirus epidemiyasi sababli joriy yildagi kinofestivalni boshqa sanaga ko‘chirishga qaror qilishdi. May o‘rtalarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan festival iyun oxiri-iyul boshida o‘tkazilishi mumkin.

Foto: EPA

Bu haqda festival tashkilotchilarining bayonotida ma'lum qilingan. 

Nufuzli kinofestival 12-23 may kunlari o‘tkazilishi kerak edi.

“Bugun biz Kann kinofestivalini belgilangan muddat – 12 maydan 23 maygacha o‘tkaza olmasligimiz haqidagi qarorga keldik. Ayni vaqtda uni o‘tkazish muddatlari bo‘yicha bir necha variant o‘rganilmoqda, ulardan eng asosiysi festivalni iyun oxiri-iyul boshiga ko‘chirish hisoblanadi”, deb aytilgan bayonotda. 

Tashkilotchilarning ta'kidlashicha, Fransiya va dunyoda koronavirus epidemiyasi bilan bog‘liq vaziyat festivalni o‘tkazishga imkon berishi bilanoq bu haqda xabar qilinadi. 
 
Kinofestival Fransiyaning Lojuvard sohilida 1946 yildan beri har yili o‘tkazib kelinadi. Joriy yilda u 73-marotaba o‘tkaziladi. Festival 1948 va 1950 yillardagina mablag‘ yetishmovchiligi sababli o‘tkazilmagan. 

2019 yilda festivalning bosh mukofotini janubiy koreyalik rejisssyor Pon Chjun Xoning “Parazitlar” filmi qo‘lga kiritgandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top