19:00 / 20.03.2020
63430
Koronavirusga qarshi choralar: Prezident farmonida nimalar ko‘zda tutilgan?

​​​​​​​20 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Hujjat bilan ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi. Jumladan:

Soliq sohasida

  • 2020 yilning 1 aprelidan 1 iyuliga qadar turistik (mehmonxona) yig‘im hisoblash va undirish to‘xtatiladi;
  • Qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlarni sug‘orishda foydalanilgan suv resurslaridan foydalanganlik uchun hajmlar bo‘yicha soliq stavkalari 2020 yilda belgilangan stavkalarning 50 foiziga kamaytiriladi;
  • Jismoniy shaxslarning 2019 yil uchun yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish muddati 2020 yil 1 avgustgacha uzaytiriladi;
  • Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini to‘lash muddati 2020 yil 15 oktyabrgacha uzaytiriladi;
  • 2020 yil 1 apreldan jismoniy shaxslarning xayriya tashkilotlaridan moddiy manfaat ko‘rinishida oladigan daromadlari soliqqa tortishdan ozod etiladi;
  • Tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlariga faoliyati turizm sohasiga bevosita yoki bilvosita bog‘liq bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslar daromad solig‘iga belgilangan stavkani 30 foizga kamaytirish tavsiya qilindi.
  • Mahalliy hokimiyat organlari tadbirkorlik sub'yektlariga mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lash muddatini foizlarsiz 6 oyga kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) imkoniyatini taqdim etadi. Bunda, ushbu soliqlarni kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) soliq to‘lovchining arizasi va Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligining hududiy boshqarmalari rahbarlarining xulosalari asosida boshqa hujjatlarni talab qilmasdan taqdim etiladi.

2020 yilning 1 aprelidan 1 oktyabriga qadar:

  • yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning eng kam miqdori oyiga BHMning 50 foiziga kamaytiriladi;
  • alkogol mahsulotlari bilan ulgurji savdo qiluvchi korxonalarning ajratmalari 5 foizdan 3 foizga kamaytiriladi;
  • alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun umumiy ovqatlanish tashkilotlarining yig‘im miqdori belgilangan miqdordan 25 foizga kamaytiriladi.

2020 yil 1 oktyabrgacha:

  • xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitorlik qarzdorliklari uchun jarimalar qo‘llash to‘xtatiladi;
  • soliq organlari vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga mol-mulk, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lovlari bo‘yicha penya hisoblanishini to‘xtatib turadi hamda soliq qarzlarini majburiy undirish choralarini ko‘rmaydi.
  • Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatining soliq tekshiruvi 2021 yil 1 yanvargacha to‘xtatib turiladi, jinoyat ish doirasida yoki yuridik shaxs tugatilganligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan soliq tekshiruvlari bundan mustasno.

Ijtimoiy sohada

  • Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganligi yoki kasallik yuqtirganlikda gumonlanib karantinga joylashtirilgan ota-onalarga (ularning o‘rnini bosadigan shaxslarga, vasiylarga otaliqqa olganlarga), shuningdek ularning 14 yoshga to‘lmagan farzandiga qarayotgan shaxslarga o‘rtacha ish haqining 100 foizi miqdorida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to‘lanadi;
  • Koronavirus infeksiyasini yuqtirgan yoki karantinga joylashtirilgan farzandning hamda 14 yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasi (uning o‘rnini bosuvchi shaxs, vasiy, otaliqqa oluvchi) bo‘lgan xodim bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:

  • 2020 yil 1 apreldan 14 yoshgacha bo‘lgan farzandlari bor ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar sonini 10 foizga oshirish, bolani ikki yoshga to‘lgunga qadar boqish va moddiy yordam berish bo‘yicha choralar ko‘radi;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda tibbiy, sanitariya-epidemiologiya va boshqa xodimlarga koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlarida ishtirok etganliklari uchun oylik maoshining 6 foizi miqdorida kunlik qo‘shimcha to‘lov joriy etadi;
  • davlat budjetidan moliyalashtiriladigan va faoliyati to‘xtatilgan maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta'lim, sport va madaniyat muassasalari xodimlariga ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishini ta'minlaydi;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir hafta ichida aholiga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi hujjatlarni berishning soddalashtirilgan tizimini tashkil etish choralarini ko‘radi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bir hafta ichida quyidagilar ko‘zda tutilgan tartibni ishlab chiqadi:

  • maktabgacha ta'lim muassasalari va umumta'lim maktablari faoliyati to‘xtab turgan davrda tarbiyalanuvchilar va boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalariga yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga yillik mehnat ta'tilidan foydalanishning yillik rejasidan qat'i nazar yillik mehnat ta'tili (olti oydan kam ishlaganlarga ham) taqdim etiladi;
  • karantin choralari davrida ish beruvchilar xodimlarni, ayniqsa homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan va surunkali kasalliklarga chalingan shaxslarni ularning roziligi bilan masofadan ishlashga, moslashuvchan ish jadvali yoki uydan turib ishlashga o‘tkazishlari mumkin.

Inqirozga qarshi jamg‘armadan Jamoat ishlari jamg‘armasiga qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘lar odamlarni ish bilan ta'minlash, buning uchun mahallalarda qo‘shimcha infratuzilma obektlari qurishga yo‘naltiriladi.

Davlat budjeti va moliya sohasida

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

  • O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasini moliyalashtirishni ta'minlash maqsadida 2020 yilda budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari va boshqa manbalar hisobidan 1 mlrd AQSh dollari miqdorigacha tashqi qarz mablag‘larini, shuningdek, iqtisodiyotning real sektori korxonalari, eksport qiluvchilar va tijorat banklarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish choralarini ko‘radi;
  • ikki hafta muddatda soliq va bojxona ma'murchiligini takomillashtirish orqali ishga solinmagan zaxiralarni izlab topish, hisoblangan soliqlar to‘liq to‘lanishini ta'minlash, «yashirin» iqtisodiyotni qisqartirish hamda soliq va bojxona ma'murchiligining yangi samarali shakllarini joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlaydi.
  • Shuningdek, pul-kredit siyosati instrumentlaridan faol foydalanish hisobiga pul bozoriga har oyda umumiy summasi 1 trln so‘mgacha likvidlik taqdim etiladi;
  • bankomatlar yetarli miqdordagi naqd pul mablag‘lari bilan uzluksiz ta'minlanadi;
  • masofaviy bank xizmatlari rivojlantiriladi.

Tijorat banklari tomonidan:

  • turistik operatorlarga, mehmonxona biznesi sub'yektlariga, transport-logistika kompaniyalariga va turizm tarmog‘ining boshqa korxonalariga, shuningdek, tashqi savdo operatsiyalariga joriy etilgan cheklovlar tufayli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha umumiy summasi 5 trln so‘mlik qarzdorliklarni to‘lash bo‘yicha kechiktirish (jarima sanksiyalarini hisoblamagan holda) 2020 yil 1 oktyabrga qadar uzaytiriladi;
  • xususiy tadbirkorlik korxonalariga taqdim etilgan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun, shu jumladan, iste'mol bozorini eng zarur tovarlar bilan to‘ldirish uchun qayta tiklanadigan revolver kreditlar ajratiladi.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top