19:42 / 20.03.2020
9841
Rasmiylashtirilmagan chempionlik va London inqirozi. Premer-liga koronavirusgacha nimasi bilan yodda qoldi?
Foto: AFP/Getty Images

Koronavirus pandemiyasi Yevropada jadallik bilan tarqaldi va deyarli barcha futbol ligalari faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi. Istaymizmi-yo‘qmi aprel oyiga qadar katta futbol ko‘ra olmaymiz. Shu bois, oraliq natijalarni sarhisob qilish vaqti keldi. Agarda mavsum oxiriga yetkazilmaydigan bo‘lsa, eng ko‘p daromad yo‘qotadigan ligadan boshlaganimiz ma'qul.

Angliyada shunday qimmat televizion shartnomalar borki, chempionatning qoldirilgan o‘yinlari uchun liga 750 mln funt miqdoridagi zarar ko‘rishi mumkin. Albatta, bu holatda eng katta yo‘qotish «Liverpul» hissasiga to‘g‘ri keladi. «Qizillar» nafaqat moliyaviy tomondan balki 30 yil davomida kutilgan chempionlikdan ham quruq qolishlari mumkin. Yurgen Kloppning «Liverpul»ini hech kim to‘xtata olmayotgan bir paytda, COVID-19 koronavirusi jamoaga «qarshilik» ko‘rsata oldi. Bunday sharoitda futbol haqida gapirishning o‘zi noto‘g‘ri, ammo mersisaydliklar chempionlikni talab qilish huquqiga egalar. Agar chempionat to‘xtatilmaganda, jamoa shundoq ham bunga erishgan bo‘lardi. Yana boshqa bir jihat borki, Klopp shogirdlari bundan mamnun bo‘lishlari aniq. Gap shundaki, jamoa fevral oyida juda yomon o‘yin namoyish etdi. Chempionatdagi birinchi mag‘lubiyat va Chempionlar Ligasidagi muvaffaqiyatsizlik paytida tanaffus ayni muddao bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.

 «Liverpul»ga yetib olish imkonsizligini yaxshi anglagan jamoalar majburiy to‘xtalishdan oldin yevrokuboklar uchun qizg‘in kurash olib borayotgandi. Bu yo‘lda «Manchester Siti», «Manchester Yunayted», «Chelsi» va avvalgi mavsumlarda ko‘pchilikning “suyuklisi”ga aylangan «Lester» klublari kurash olib borishayotgandi. Hatto «Sheffild Yunayted» hamda «Vulverhempton» ham Chempionlar ligasining guruh bosqichiga umid bog‘lashgandi va hali ham bundan umidvor. Xullas, Angliya Premer-ligasida juda ko‘p qiziqarli voqealar sodir bo‘ldi.

«Liverpul» chempionlikka haqli

Ochig‘ini aytganda, buning uchun chempionatni yakunlashning ham hojati yo‘q. Nima sababdan «Tottenhem» va «Vest Hem» egalari ushbu mavsum natijalarini bekor qilinishini talab qilganlari ma'lum. Chunki London jamoalari uchun bu mavsum o‘zlari xohlagandek o‘tmadi. Fikrimizcha, chempionni tayinlash borasida qandaydir muammo bo‘lishi bema'nilikdir. «Liverpul» g‘oliblikka shunchalik yaqinki, «Siti»ning birgina qoqilishi jamoaga oltin medallarni taqdim etishi mumkin. «Qizillar» «shaharliklar»ni 25 ochko ortda qoldirishmoqda. 29ta o‘yinda 27ta g‘alaba, to‘qqizinchi turdagi yagona durang va fevral oyining oxirgi kunidagi birigina mag‘lubiyat. Saloh, Firmino va Mane raqiblar darvozasini 38 bor ishg‘ol etishdi. Bu ko‘rsatkich «Sheffild Yunayted» yoki «Everton»ning umumiy gollaridan ko‘proqdir. Kloppning noodatiy futboli bu mavsumda na muxlislarga va raqiblarga tinchlik berdi. «Liverpul» Chempionlar ligasidagi ishtirokini yakunladi, ammo Premer-ligada haqli ravishda chempionlikni qo‘lga kiritdi, deyish mumkin. Agar Angliya chempionati davom ettirilsa, «Liverpul» buni rasmiylashtirib qo‘yadi, xolos. To‘xtatilgan taqdirda liga vakillari turnirdagi mavjud vaziyatga qarab chempionlikni Mersisayd klubiga topshirishlari adolatdan bo‘lardi.

 «Qaynayotgan qozon»

Hamma kurash «Liverpul»ning ortida ro‘y bermoqda. Hozirgi vaziyatda qaysi jamoalarning yevrokuboklarga yo‘llanma olishini taxmin qilish mushkul. U yerda «jang» endi boshlandi. Ta'kidlash joizki, da'vogarlar ro‘yxati 12-pog‘onagacha saflangan. Bu yo‘lda Karlo Anchelotti ustozligidagi «Everton» ham kurashga bel bog‘lagan. Jamoa mavsumni omadsiz boshlagandi, biroq italiyalik murabbiy kelgach klubning natijalari yaxshilanib, turnir jadvalida yuqorilay boshladi. «Everton»ni xalqaro maydondan atigi olti ochko ajratib turibdi. Bu yili grandlarga anchagina boshog‘riq bo‘layotgan «Vulverhempton» ham o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygan. Nunu Eshpiritu Santu shogirdlari uchun Yevropa ligasi allaqachon zerikarli bo‘lib, ular endi chempionlar ligasiga qo‘shilishni istashmoqda. Buning uchun beqaror «Chelsi»ni 5 ochkoga ortda qoldirish kerak bo‘ladi. Eshpiritu Santu buni amalga oshirish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Angliya chempionatining eng ko‘p zarba beruvchi futbochisi va jamoaning eng yaxshi to‘purari – Raul Himenes (75ta zarba, 13ta gol), Diogo Jota, Adama Traore, Mett Dogerti kabi qator mahoratli o‘yinchilar va ajoyib darvozabon Rui Patrisiu uning ixtiyorida.

Nomini tiklayotgan «MYu» va «Chelsi» hamda ertakchi «Lester»

Frenk Lempardning Premer-ligadagi birinchi mustaqil mavsumini sarguzashtlarsiz, ammo ijobiy baholash mumkin. «Ko‘klar» afsonasi transfer taqiqiga qaramay, yosh o‘yinchilar bilan jamoani kuchli to‘rtlikda ushlab turibdi. Lempard kamtarona tarkib bilan yangi taktik sxemalarni tuza oldi. O‘ziga kerakli o‘yinchilarni esa jamoa zaxira o‘rindig‘idan topdi. Uning qo‘l ostida Temmi Abraham eng yaxshi to‘purar bo‘lishga erishdi (13ta gol). Jiru va Batshuayi esa zaxirada qoldirilgan bo‘lsa, yarimhimoyada Meyson Maunt o‘zini ko‘rsatdi. U klubning ikkinchi to‘purari bo‘lib turibdi - 6 ta gol. Qolaversa, «Chelsi»ning faxriy o‘yinchilari – Aspilikueta, Kante, Villian jamoa o‘yiniga o‘ziga xos uyg‘unlik bag‘ishlamoqda.

 Ngoloning sobiq klubi «Lester» bu mavsumda ikkinchi navqiron davrini o‘tkazmoqda deyish mumkin. «Tulkilar» chempionat boshida g‘oliblikka da'vogar edi, hozirda esa Chempionlar Ligasining guruh bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga yaqin turishibdi. Brendan Rojyers boshchiligida futbolchilar jamoaviy o‘yinni yo‘lga qo‘yishdi va APLdagi eng yaxshi pressing qayd etgan klub bo‘lishdi. Vardining faollashishi va yangi o‘ylangan kombinatsiyalar bilan «Lester» ajoyib natijalarga erishmoqda - jadvalda uchinchi pog‘onada joylashgan. Chempionlar ligasi uchun «Chelsi» va «MYu»ga qarshi kurashda ajoyib imkoniyatga ega.

 Chempionat to‘xtatilishidan oldin «Manchester Yunayted»da “uyg‘onish davri” kuzatilib, «qizil iblislar»ning imkoniyati yuqori baholanmoqda. Brunu Fernandesh kelgach, u jamoaning o‘yiniga kuch va ijodkorlik bag‘ishlay oldi. Portugaliyalik futbolchi darhol fevral oyining eng yaxshi o‘yinchisiga aylandi va gol+pas tizimida 7 ochko (3ta gol, 4ta assist) to‘plab, nimalarga qodir ekanini isbotladi. U kelganidan beri «Manchester Yunayted» hali biron bir o‘yinda yutqazmadi. Fevral oyida Sulsher shogirdlari Premer-ligada uchta g‘alaba va ikkita durang qayd etishdi. Markus Reshford tuzalgach, «MYu»ning to‘liq kuchini ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi.

 London inqirozi

Poytaxt klublari mavsumni muvaffaqiyatsiz o‘tkazishmoqda, «Chelsi»ning nisbatan yaxshiroq natijaliriga qaramay, qolgan ikki sovrindor klub o‘z o‘yinlari bilan maqtana olmaydi. Bunga sabab ular musobaqa jadvalining o‘rtasida borishmoqda. «Arsenal» va «Tottenhem» uchun bu natijani omadsizlik, deb hisoblash mumkin. Transferlarga ko‘p pul sarflagan poytaxtning yana bir jamoasi «Vest Hem» bundan-da yomonroq natija ko‘rsatmoqda. Jamoa xavfli zonada joylashgan. «Uotford» va «Bornmut»dan faqatgina kiritilgan gollar evaziga ustun bo‘lib turibdi.

«Arsenal» va «Tottenhem» ushbu mavsumdagi maqsadlardan jamoani qayta qurish uchun voz kechgandi, ammo ijobiy o‘zgarishlar ko‘rinmayapti. Mikel Arteta va Fredrik Yungberg tandemi juda istiqbolli ko‘ringandi, biroq hozircha qandaydir natija yo‘q. Shunchaki, Obameyang, Lyakazett va Pepening individual mahoratlarigina klubga qiyin vaziyatlarda asqotmoqda. Ammo bu «Nyukasl», «Everton» va «Vest Hem»ga qarshi o‘yinlarda g‘alaba qozonish uchun kifoya qilmadi. Jamoa mehmonda «Bernli» va «Kristal Pelas»ni ham mag‘lub eta olmadi.

Londonda yana bir muammo borki, bu tartib-intizom masalasi. Ayni paytda Angliyada bu ko‘rsatkich bo‘yicha eng yomon natijani aynan «Arsenal» va «Tottenhem» qayd etgan. Ularning hisobida 63ta sariq va 3ta qizil kartochka bor.

Londonning ikkinchi top klubi kelasi mavsumda yevrokuboklarsiz qolishi mumkin. Chempionlar ligasining 1/8 finalida ushbu bosqichning debyutanti – Germaniyaning «Leypsig» klubi «Tottenhem»ga chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘ydi. «Shporlar» har ikkala o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchrashdi. Ammo Mourino aslo tushkunlikka tushmadi va o‘zidan tezda natija talab etilmaydigan joyda ishlash niyati borligini ta'kidladi.

U bu gaplari bilan o‘zini yaxshi sug‘urtalay oldi, «Tottenhem» «Sauthempton»ga qarshi bahsda mag‘lubiyatga uchradi, «Norvich» bilan durang qayd etdi. Jamoaning ishlari ko‘ngildagidek ketmayotgan bir paytda, so‘nggi jang uchun chiqilgandek «Siti» mag‘lub etildi. Hozirda Jozeda pauza bor va u bu vaqt davomida jamoaning o‘yinini ijobiy tomonga o‘zgartirishi mumkin. Keynning jarohatdan forig‘ bo‘lishi, Mourinoning hech bo‘lmaganda Pochettinoning natijalarini takrorlashiga yordam bera oladimi? Buni faqat vaqt ko‘rsatadi.

Top