22:18 / 20.03.2020
24450

Tashqi ishlar vazirligi “Vnukovo” va “Sheremetevo” aeroportlaridagi vaziyat to‘g‘risida ma'lumot berdi

2020 yil 19 martdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Rossiya Federatsiyasi hududida  vaqtinchalik bo‘lish muddatini uzaytirishlari mumkin.

Foto: avia.tutu.ru

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi “Vnukovo” va “Sheremetevo” aeroportlaridagi vaziyat to‘g‘risida ma'lumot berdi.

“O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, ayni paytda Moskva shahrining “Vnukovo” va “Sheremetevo” xalqaro aeroportlarida ikki mamlakat o‘rtasida havo, avtomobil va temir yo‘l aloqasi to‘xtatilgani tufayli mamlakatimizga parvoz qila olmagan hamyurtlarimiz mavjud.

Elchixona tomonidan “Vnukovo” aeroporti rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida yurtdoshlarimizning vaqtincha qolishi uchun “B” terminali ajratildi. Bu yerda zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lib, jumladan, tibbiyot punkti, hammom va hojatxonalar mavjud, issiq ovqat berilishi yo‘lga qo‘yilgan, mebellar (kreslo, divanlar, stol va stullar) o‘rnatilgan. Qator tushuntirishlarga qaramay, fuqarolarimiz maxsus belgilangan hududga borishdan bosh tortib, hali hamon “Vnukovo” aeroportining ro‘yxatdan o‘tish joyida qolmoqdalar”, deyiladi unda.

Yurtdoshlarimizdan  mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda iloji boricha tezroq “B” terminalga o‘tishlari so‘ralmoqda.

Qayd etilishicha, elchixona “Sheremetevo” aeroportidagi vaziyatni ham nazorat ostiga olgan hamda hozirda Rossiya hukumati bilan boshqa davlatlardan Moskvaga tranzit orqali uchib kelgan fuqarolarimizni olib chiqish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. O‘zbek diasporasi vakillari va homiylar bilan birgalikda vatandoshlarimizni issiq ovqat bilan ta'minlash masalasi ham hal etilmoqda.

“Yana bir bor Rossiya hududidagi vatandoshlarimizni xotirjamlikka chorlab, imkon qadar, ehtiyot choralariga qat'iy rioya qilgan holda doimiy/vaqtinchalik yashash joyini tark etmasliklarini so‘raymiz.

Avval xabar qilinganidek, 2020 yil 19 martdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Rossiya Federatsiyasi hududida  vaqtinchalik bo‘lish muddatini uzaytirishlari mumkin. Buning uchun ular o‘zlari bo‘lgan joyga eng yaqin Ichki ishlar vazirligi hududiy bo‘limiga tegishli ariza bilan murojaat qilishlari lozim”, deyiladi TIV matbuot xizmati xabarida.

Top