15:30 / 21.03.2020
68649

Ekologlar qayoqqa qarayapti? Oltinko‘l tumanidagi daryoda bir kun qizil, bir kun ko‘k suv oqmoqda

 Andijon viloyati Oltinko‘l tumanining markaziy hududida “Asaka tashlamasi” soyi “Ulug‘nor” kanaliga quyilib, bitta “Ulug‘nor” kanaliga aylanadi. Uning bir irmog‘i esa Qoradaryoga qo‘shilib ketadi. 

Ayni paytda sekundiga 30 kubometr suv oqimiga ega mazkur kanal “ekologik halokatli” holatda. Sababi, kanalning suvi bir kun qizil, bir kun ko‘k rangda boshqa paytlarda esa turli ranglarga bo‘yalib oqmoqda.

Daryo suvining rangi hududdagi, “KONTEKS-TASHKENT” trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonasining bo‘yoq sexida matolarning qaysi rangga bo‘yalishiga bog‘liq.

 “KONTEKS-TASHKENT” korxonasi ishlab chiqarish jarayonida vujudga keladigan, katta ehtimol bilan ekologiya uchun zararli bo‘lgan chiqindilarni fabrika yonidan oqib o‘tuvchi kanalga oqizib yuboryapti. Oqibatda, daryodagi baliqlar, boshqa suv jonivorlari, suvda yashovchi bori tirik organizmlar qirilib ketmoqda. Bundan besh yil oldin ham bu daryoda baliqning 15ga yaqin turi, ondatra va qisqichbaqalar uchrar edi. Hozirda esa ular deyarli yo‘q bo‘lib ketgan.

Biz daryo suvi to‘q ko‘k rangda oqayotgan paytda kanal yoqalab borib “KONTEKS” korxonasi kanalizatsiya quvuridan quyuq rangli suyuqlik daryo suviga qo‘shilayotganiga guvoh bo‘ldik. Korxonadan oqayotgan chiqindi suv miqdorining ko‘pligidan daryo suvi ham qora rangga kirgan edi.

Daryoning holidan xabar oladigan tashkilot bormi?

Oqin daryo yoqasida yashovchi aholi vakillari bilan suhbatlashdik.

“Biz Oftobachek mahallasi fuqarolari Asaka tashlamasi atrofida yashaymiz. Mana shu soyda yoshligimizdan beri cho‘milib katta bo‘ldik. Chorva hayvonlari, tomorqalarimizni shu soydan sug‘orib kelganmiz. Toza ichimlik suvi to‘xtab qolgan paytlarda soy suvidan iste'mol qilar edik.

 Fabrikada ishlab chiqarish ishlari yana qayta yo‘lga qo‘yilgach, soydagi suv o‘zgarib qoldi. Ya'ni, oxirgi 4-5 yil davomida fabrika qizil rangli “futbolka” chiqargan kuni soyda qizil rangli suv oqadi, qora “futbolka” chiqargan kuni qora. Fabrikada ishlovchi yigitlarning aytishicha, ishlab chiqarishdan hosil bo‘lgan va bo‘yoq sexidagi zaharli har xil kislotalarning barchasi soyga oqiziladi. Shu soy boshida korxonaning kanalizatsiya tashlamasi bor. O‘sha yerdan har xil quyuq chiqindi suvlar oqadi.

Ilgari bu soyda baliq juda mo‘l, qarmoqda tutish juda oson edi. Hozirgi kunda esa hech qanday baliq yashamay qo‘ygan. Uydagi parrandalarimiz bu suvdan ichsa, kasal bo‘lib qolmoqda. Bu suvdan iste'mol qilgani ham qo‘rqib qoldik. Yoz kunlari ba'zan yosh bolalar shu yerda cho‘milishyapti. Oqibatda bolalarning badanlariga har xil toshmalar toshib ketyapti. Bu muammo bo‘yicha fabrikaga bir-ikki marotaba murojaat qildik. Lekin hech kim gapimizga quloq solmadi. Undan tashqari, mahallaga Toshkentdan kelgan komissiyaga ham shu masala bo‘yicha murojaat qildik. Ular “Bu yerda ishlovchi ishchilar soni ko‘p ekan”, deyishdi. Xullas, natija bo‘lmadi.

Xo‘p, fabrikada ishchilar soni ko‘p bo‘lsa, topayotgan daromadidan tozalovchi uskuna sotib olishi kerak emasmi?! Ishlab chiqarish bo‘lgani va aholi ish bilan ta'minlangani yaxshi albatta. Lekin, ming nafar fuqaroni ish bilan ta'minlayman deb, bu yoqda o‘n ming nafar odamga ziyon yetmasligi kerak-da! Boshqa narsalarga ham pul sarflashyapti-ku. O‘sha yerda tozalovchi uskunalar o‘rnatilsa, hech kimda e'tiroz ham, shikoyat ham bo‘lmaydi.

Hali u tashkilotga, hali bu tashkilotga murojaat qilyapmiz. Aslida murojaat qilishimiz kerakmi? Avvallari ekologiya tashkiloti tekshirib turar edi. Yaqin o‘n yil ichida esa tekshirilganini ham bilmaymiz.

Avvallari bu soyga chiqindi oqizish kechqurunlari amalga oshirilar edi. Hozirgi kunga kelib, kunduzi ham oqizyapti. Qo‘rqmay qolishdi. Mana ko‘rib turganingizdek, suv ko‘m-ko‘k bo‘lib oqyapti. Bugun fabrikada ko‘k rangli futbolka chiqarishyapti shekilli”, - deydi Oftobachek mahalla fuqarosi Sherzodbek Sulaymonov.      

 “KONTEKS” korxonasida..

 Korxonaga kirib, mutasaddilar bilan uchrashdik. “KONTEKS” menejyeri Jahongir Sotvoldiyev masalani eshitgach, korxonada mavjud chiqindilarni filtrlab tozalovchi uskunalar dunyodagi eng so‘nggi rusumdagisi ekanligini aytdi.

 “Korxonamizdan chiqayotgan chiqindi suvlar atrof-muhit va daryo suvlariga umuman zarar yetkazmaydi. Eng zamonaviy uskunalar bilan tozalasak ham, bo‘yoqning rangini yo‘qota olmayapmiz. Qolgan savollarga alohida mutaxassisimiz javob beradi”, dedi Jahongir Sotvoldiyev.

 O‘zini Sherzodbek deya tanishtirgan va familiyasini aytishni istamagan korxonaning eksport-import bo‘yicha mutaxassisi muammoli holat bo‘yicha o‘z izohini bildirdi:

 “Ta'sischimiz tozalash uskunalarini Turkiyadan mutaxassis olib kelib ishga tushirgan. Chiqayotgan chiqindi-oqavamizdagi rangni ko‘rib aholi vahima qilyapti. Aslida, korxonamizdan daryoga oqib tushayotgan chiqindi suyuqlikning umuman zarari yo‘q. Bu haqda Andijon viloyati Ekologiya atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi laboratoriyasining tahlil natijalari ham bor”, dedi mutaxassis va qo‘limizga ana shu xulosani taqdim etdi.

Mutaxassis chiqindilarni qayta ishlab tozalovchi inshootning ishlash jarayonini kuzatish uchun jamiyatning ta'sischi rahbari ruxsat berishi kerakligini aytdi.

 Xulosa

 “KONTEKS” jamiyatida faoliyat yuritayotgan ishchilar soni bir yarim mingdan ziyod. U Oltinko‘l tumanidagi eng yirik sanoat korxonasi. Mutasaddi tashkilotlar aynan fabrikadagi ishchi o‘rinlari va eksport salohiyatini o‘ylab, uning atrof-muhitga ziyon yetkazayotganligiga ko‘z yumayotgan bo‘lishsa ne ajab.

Korxona bizga Andijon viloyati Ekologiya atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi laboratoriyasining tahlil natijalarini ham taqdim qildi. Balki, tahlil natijalari yozilgan qog‘ozda hammasi me'yordadir. Biroq, aqlga ega har bir inson qip-qizil yoki qop-qora kimyoviy bo‘yoqqa bo‘yalib, bo‘tana holda oqayotgan suvni ko‘rgach uning zaharli ekanini laboratoriya tahlilisiz ham biladi.

 Korxonadan daryoga oqayotgan zaharli kimyoviy chiqindi tufayli daryodagi tirik jonzotlar va atrofdagi aholi zarar ko‘rmoqda. 

O‘ylaymizki, Andijon viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, mahalliy hokimiyat vakillari, O‘zbekiston ekologik partiyasi “Asaka tashlamasi” va “Ulug‘nor” kanallaridagi holatni nazoratiga olishlari zarur. 

Kun.uz muxbiri Sarvarbek Nazarov
Tasvirchi - Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top