22:19 / 21.03.2020
61950
«Koronavirusga qarshi karantin qoidalariga rioya qiling!» - maxsus komissiya murojaati

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha maxsus komissiya fuqarolarga murojaat yo‘lladi.

Foto: Toshshahartransxizmat

«Koronavirus tarqalishi oldini olishning eng muhim sharti – karantin qoidalariga qat'iy va istisnolarsiz rioya etishdir.

Shuning uchun, chet eldan qaytib kelayotgan vatandoshlarimiz, faoliyatida cheklovlar o‘rnatilgan tashkilotlar va muassasalar, tadbirkorlik sub'yektlari va umuman mazkur cheklovlar tegishli bo‘lgan barcha-barcha sub'yektlar, jismoniy va mansabdor shaxslar davlat tomonidan belgilangan karantin qoidalari va talablarini so‘zsiz bajarishlarini qat'iy so‘raymiz.

Amalga oshirilayotgan keng qamrovli tushuntirish ishlari va choralar, jumladan murakkab sharoitda va tezkor ravishda chet eldan qaytib kelayotgan ko‘p sonli vatandoshlarimiz uchun Respublika hududlarida sharoitlar yaratilganiga qaramasdan, 20 mart kuni Samarqand viloyatida karantinga olingan maskandan ikki fuqaro qochib ketgan.

O‘zining bunday mas'uliyatsiz xatti-harakati bilan bu fuqarolar boshqalarning va yaqinlarining hayotini xavfga qo‘ygan va bu bilan O‘zbekiston qonunlarini qo‘pol ravishda buzgan. Bu fuqarolar hozirda ushlangan va izolyatsiya qilingan. Ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Shu munosabat bilan yana bir marta barchani alohida ogohlantiramiz hamda o‘z harakatingiz bilan nafaqat o‘zingiz, balki oila a'zolaringiz va xalqimizga ziyon yetkazishingiz mumkinligini doimo esda tutishingizni so‘raymiz.

Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun O‘zbekiston qonunchiligida juda qattiq javobgarlik choralari ko‘zda tutilgan. Jinoyat kodeksiga asosan shunday huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslar 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin. 

Virus keng tarqalishining oldini olish uchun fuqarolar jamoat joylariga iloji boricha chiqmasligi, o‘z harakatlanishini keskin cheklashi va umuman olganda jamiyatda odamlar orasida masofa saqlashi zarur.

Hurmatli fuqarolar, barcha qoida va cheklovlarga tartibli ravishda amal qilinsagina, tegishli tashkilotlar talabi qat'iy bajarilsagina, butun dunyoda tarqalayotgan bu virusga qarshi birgalikdagi, hamjihatlikdagi kurashimiz samara beradi. Barchangizni shunga chaqiramiz.

O‘z navbatida, tegishli mutasaddi mas'ul idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari va xodimlari karantin bilan bog‘liq talablarga rioya etilishini 24 soat ta'minlab borilishiga shaxsan javobgarligini ta'kidlaymiz», - deyiladi murojaatda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top