21:17 / 21.03.2020
10321
O‘zbekistonda karantin vaqtida internet tezligi, ortiqcha yuklanish darajasining oldini olish bo‘yicha ishlar qay ahvolda?

Bugun axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Foto: Fotolia

Qahramon Yuldashev aholining asosiy qismi uyda bo‘lib turgan ayni kunlarda internet tezligi, o‘ta yuklanish darajasining oldini olish bo‘yicha ishlar, respublikaning olis tumanlarida internet bilan qamrab olish ishlari to‘g‘risida ma'lumot berdi.

“Xalq ta'limi vazirligi va Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan tayyorlanayotgan videodarslardan bemalol foydalanish uchun internet provayderlar va mobil aloqa operatorlari tomonidan joriy yilning 1 may kuniga qadar eduportal.uz, kitob.uz, edumarket.uz, online-maktab.uz, talim.uzedu.uz, utube.uz, itschool.uz, coronavirus.uz veb-saytlarga kirishni (dostup) bepul amalga oshirilishi ta'minlandi”, dedi u.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, karantin davrida internet trafik, mobil va telefon aloqa trafigi o‘zgarishlari doimiy nazoratga olingan. Yuklanish o‘ta yuqori darajada oshib ketadigan holatlarda amalga oshiriladigan ishlarning rejalari tayyorlangan.

“Yana shuni aytish joizki, internet xizmati tezligi foydalanilayotgan texnologiya bilan chambarchas bog‘liqdir. Ya'ni optik tolali aloqa liniyalari orqali xizmat taqdim etilgan hollarda kompaniya yuqori tezliklarda - 100 Mbit/sekundgacha tezlikda internet xizmatini ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Shuningdek, abonentlar foydalanayotgan tarif rejasi ham internet tezligiga chambarchas bog‘liq. Ya'ni 4 Mbit/sek tezlikda internet xizmati taqdim etiladigan tarif rejasida undan katta tezlikda internetdan foydalanish imkoni mavjud emas”, dedi u. 

Qahramon Yuldashevning ma'lumot berishicha, O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi bo‘yicha e'lon qilingan karantin rejimi vaqtida mobil aloqa operatorlar tomonidan o‘rnatilayotgan tayanch stansiyalari uchun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan baza stansiyalarini ishga tushirish tartibini soddalashtirish, jumladan paralel loyihalash uchun ruxsatnomalar taqdim etilishi yo‘lga qo‘yildi. 

“Bugungi kunga kelib, ushbu soddalashtirilgan tartib bo‘yicha 100 dan ortiq baza stansiyalar muddatidan avval ishga tushirilmoqda”, dedi Yuldashev.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top