01:19 / 22.03.2020
54423
Barcha mavsumiy kasalliklar ham koronavirus bo‘lavermaydi
Foto: KUN.UZ

Maqola mavzusiga e'tibor qaratadigan bo‘lsangiz bugun dunyo e'tiborida turgan asosiy masala - koronavirus infeksiyasi vahimasiga nisbatan munosabat bildirmoqchiman.

Jamiyatimizdagi ayrim insonlar kundalik turmushning ijobiy tashvishlari va harakatlarini o‘ylab, hayotning bebaho xazinasi sanalmish – salomatlik, tibbiy savodxonlik tushunchasini biroz nazardan chetda qoldirayotanliklari ayon bo‘lib qolmoqda. Ishonch telefonlariga bo‘layotgan minglab qo‘ng‘iroqlarning mazmuni, internet saytlaridagi kunlik ma'lumotlar va ba'zi asossiz SMS xabarlarni tahlil qila turib, bunga amin bo‘lish mumkin. Ko‘rinib turibdiki, tibbiy bilim savodxonlik tushunchalari bo‘yicha hali ko‘p-ko‘p ishlashimiz kerakligi, targ‘ibot tadbirlarini tizimli, maqsadga yo‘naltirilgan tartibda tashkil etish hamda unda keng jamoatchilik e'tiborini qaratish zarurligi to‘g‘risida xulosa qilish mumkin bo‘ladi.

Koronavirus infeksiyasi yer yuzining 160ga yaqin davlatlarida qayd etildi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan qit'alararo tarqalganligini e'tiborga olib pandemiya deb belgilandi. Kuzatilgan noxush epidemik vaziyat insonni salomatligiga e'tiborli bo‘lish kerakligini, viruslar keltirib chiqaradigan yuqumli kasalliklarning nechog‘lik xavfli ekanligini yana bir bor isbotlab berdi.

Har qanday yuqumli kasallikka mavsumiylik xos.

Nafas yo‘llarining yuqumli kasalliklari asosan kuz, qish va ma'lum daraja bahor fasllarida ko‘plab kuzatiladi. Koronavirus infeksiyasi bo‘yicha dunyodagi epidemik vaziyatdan kelib chiqib, Prezidentimiz tomonidan belgilangan profilaktik hamda epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi, manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek keng jamoatchilik ishtirokida maqsadga yo‘naltirilgan tartibda amalga oshirilayotganligi natijasida, qolaversa mavsum o‘zgarishi bilan bu xavf ortda qoladi,  koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik barqarorlik ta'minlanadi.

Koronavirus pandemiyasi insoniyatga qo‘lni tez tez va qay tartibda yuvishni, niqob (maska) taqish samarasini, immun tizimni mustahkamlash uchun yo‘naltirilgan to‘g‘ri ovqatlanish tartibini o‘rgatdi, har bir inson bu haqida o‘ziga-o‘zi  savol bersa, bunga javob topishi aniq.

Vaqt o‘tadi, o‘tkazilayotgan profilaktik hamda epidemiyaga qarshi tadbirlar o‘z samarasini beradi, xalq tilida aytganda insoniyat koronavirus ustidan g‘alaba qozonadi va odamlar sekin-asta kasallikni yoddan chiqaradi, bu tabiiy.

Har bir mavsumda uchraydigan yuqumli kasalliklar bor, ular chegara bilmaydi, qolaversa, O‘rta Osiyo davlatlari ba'zi yuqumli kasalliklarning tabiiy o‘choqlari hisoblanadi va mavsumga qarab ushbu o‘choqlarning faollashuvi kuzatiladi.

Inson salomatligi bog‘liq bo‘lgan omillar:

– 55 % turmush tarzi (yashash, ovqatlanish, zararli odatlar);

– 20 % atrof-muhit (suv, havo, tuproq);

– 15 % irsiy omillar (qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, erta va kech tug‘ruq);

– 10 % tibbiy yordam (diagnostika va davolash). 

Mazkur omillar ta'sirida esa:

– nosog‘lom turmush tarzi – yurak-qon tomir, asab, qandli diabet, oshqozon-ichak, tayanch harakat kasalliklari;

– atrof-muhit ifloslanishi – o‘tkir va surunkali zaharlanish, allergik, nafas, onkologik, endokrin, jigar, buyrak, o‘t-tosh, yuqumli va parazitar kasalliklar;

– irsiy o‘zgarish – tug‘ma nuqson, nasliy kasallik, homilaning bevaqt nobud bo‘lishi, kasalliklarga moyillik kabi kasalliklar kelib chiqadi.

Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tish joiz, insoniyatni o‘ylantirib kelayotgan nosog‘lom turmush tarzi orqali yuzaga keladigan kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha asosiy e'tibor va harakatlarimizni yo‘naltirishimiz kerak.

Yuqumli kasalliklar to‘g‘risida so‘z borganda, tibbiyotda “iflos qo‘llar kasalligi” degan ibora yuritiladi. Evolyutsion ta'limot nuqtai nazaridan kelib chiqib aytadigan bo‘lsa, inson qo‘llar orqali hayot davomiyligi va harakatli turmushning barcha zaruriyatlarini muvofiqlashtiradi. Qo‘llarni gigenik jihatdan toza tutish, bu orqali ezgu amallarga yo‘naltirish inson salomatligi va kamolotida yo‘lida faqat ijobiy iz qoldiradi.   

Koronavirus va boshqa yuqumli kasalliklarni oldini olish borasida soha olimlari, tajribali tibbiyot xodimlari tomonidan ommaviy axborot vositalari, matbuot, internet saytlarida va  boshqa targ‘ibot yo‘nalishlari orqali foydali maslahatlar va zarur tavsiyalar berib borilmoqda.

Har qanday rejalashtirilgan ish “tilda-dilda-amalda” bo‘lsa, kutilayotgan ijobiy natijaga erishish mumkin.

Agarda, ushbu bosqichning biror bo‘g‘inida amal qilinmasa, rejalashtirilgan tadbirlar samarasini bermaydi.

Shunday ekan, jamiyat rivoji yo‘lida vazifalarda va berilayotgan  tavsiyalarga har bir inson amal qilib borsa, yaqin yillarda O‘zbekiston dunyo mamlakatlari orasida xalqi baxti hayot kechiradigan, sog‘lom jamiyat va uzoq umr ko‘rish davomiyligi borasidagi tajribalarini namuna qilib ko‘rsatadigan darajaga erishamiz degan umiddaman.  

Shunday ekan, biz asossiz ma'lumotlar, insonni sarosimaga soladigan yolg‘on xabarlarga e'tibor bermasdan, kundalik hayotda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalariga, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilsak, jamiyat rivoji va kelajak poydevori uchun foydali ishlar bilan shug‘ullansak, bu orqali eng avvalo o‘zimizni, yaqinlarimizni, qo‘ni-qo‘shnilarimizni va atrofdagilar salomatligini saqlashga, asosiysi sog‘lom jamiyatni shakllantirishda  katta hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik 
osoyishtalik agentligi axborot tahlil bo‘limi boshlig‘i, 
tibbiyot fanlari nomzodi -  Nuriddin Toshboyev

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top