22:17 / 22.03.2020
11547
Eron AQShning yordam berish taklifiga shubha bildirdi

Eron oliy yetakchisi oyatulloh Ali Xominaiy AQShning koronavirusga qarshi kurashda Eronga yordam berish taklifi “shubhali va taajjubli” ekanini aytdi. 

Ali Xominaiy / Foto: TASS

Bu haqda Mehr axborot agentligi xabar berdi.  

Avvalroq AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Vashington Eronga tibbiy yordam ko‘rsatishga tayyorligini aytgandi. “Bu juda taajjubli so‘zlardir”, deb aytgan Xominaiy. Uning ta'kidlashicha, Vashingtonning bu taklifi AQShda dori-darmon taqchilligi mavjudligi haqida xabarlar tarqalayotgan bir vaqtda taajjublidir.    

Eron oliy yetakchisining ta'kidlashicha, koronavirusning amerikaliklar tomonidan yaratilgani haqida taxminlar mavjud. “Men bu ayblovlar qanchalik haqiqatligini bilmayman, biroq bunday ayblovlar bor bo‘lganda, qaysi aqli raso odam sizdan dori qabul qiladi?”, deb aytgan Xominaiy va AQSh tomonidan taklif qilinuvchi dorilar Eronda virusning yanada tarqalishiga qaratilgan bo‘lishi mumkinligini ta'kidlab o‘tgan. “Sizga ishonib bo‘lmaydi”, deb o‘z so‘zlarini yakunlagan Xominaiy.

Avvalroq AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Eronga insonparvarlik yordami AQSh Tehronga qarshi kiritgan sanksiyalar ostiga tushmasligini va AQSh ma'muriyati Eronga dori-darmon yetkazib berishga tayyorligini aytgan.

Ayni vaqtda AQShda koronavirusga chalinganlar soni 30 mingdan, Eronda esa 21 mingdan oshib ketgan. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top