14:37 / 22.03.2020
37585

Karantin qoidalarini buzgan 3 kishiga jinoiy ish ochilgan, 4 kishi ma'muriy javobgarlikka tortildi – Po‘lat Bobojonov

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov karantin qoidalarga amal qilmagan 7 nafar fuqaro javobgarlikka tortilgani haqida ma'lumot berdi. Rossiyadan qaytgach Samarqand va Qoraqalpog‘istondagi karantin hududiga joylashtirilgan, ammo u yerdan qochib ketgan 3 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Ayrim fuqarolar bugungi vaziyatda mavjud qonun-qoidalarga rioya qilish va shu orqali sanitariya-epidemiologik vaziyat barqarorligiga hissa qo‘shish o‘rniga o‘zi va boshqalarning hayotini xavf ostida qoldirib, epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir etmoqda.

Jumladan, 2020 yilning 16 mart kuni Janubiy Koreya respublikasidan Moskva shahriga va u yerdan poyezdda Samarqand shahriga kelgan, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro A.Ashurov kuzatuvga olinib, Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Ushbu fuqaro 20 mart kunidan 21 mart kuniga o‘tar kechasi epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzib, o‘zboshimchalik bilan kasalxonadan qochib ketgani aniqlangan. Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida u Surxondaryo viloyati, Denov tumanida ushlanib, umumiy karantinga joylashtirilgan. 

Joriy yilning 18 mart kuni Moskva shahridan poyezdda Toshkent shahriga kelgan, 1954 yilda tug‘ilgan fuqaro T.Eshov kuzatuvga olinib, Samarqand tumanidagi «Do‘stlik» oromgohiga karantinga joylashtirilgan. T.Eshov ham epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzib, o‘zboshimchalik bilan 20 mart kunidan 21 mart kunga o‘tar kechasi karantin zonasidan qochib ketgan. Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasidan T.Eshov Toshkent viloyati, Parkent tumani, Zarkent mahallasidagi yashash xonadonida ushlangan. 

Moskva-Toshkent yo‘nalishidagi poyezd orqali 19 mart kuni Qoraqalpog‘istonga kirib kelgan, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.Ravshanov kuzatuvga olinib, Nukus shahridagi kasalxonaga karantinga joylashtirilgan. Biroq, ushbu fuqaro ham epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, 21 mart kuni kasalxonadan qochib ketgan. Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari natijasida u Buxoro viloyati, Shofirkon tumani, Zarchabek mahallasidagi yashash uyida ushlanib, karantinga olindi. 

Yuqoridagi holatlar yuzasidan aybdorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 2571-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda», deydi Ichki ishlar vaziri.

Po‘lat Bobojonovning ma'lum qilishicha, karantin bilan bog‘liq mavjud tartiblar va sanitariya cheklovlarini buzganligi uchun hozirgi vaqtga qadar 4 nafar shaxs ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

«Xorazm viloyatining Xiva shahrida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro M.Taxirov mast holda bo‘lgan fuqaroning yerda yotgan holatini uyali telefoni orqali videotasvirga tushirib, ushbu fuqaroni koronavirus infeksiyasiga chalingan, deb aholi orasida vahimaga sabab bo‘luvchi ma'lumotlarni internet tarmog‘i orqali tarqatib yuborgan. Mazkur holat yuzasidan ushbu fuqaroga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi hujjatlar rasmiylashtirilib, 1 million 115 ming so‘m miqdoridagi jarima jazosi belgilandi.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan mamlakatimizdagi haqiqiy vaziyatni soxtalashtirib talqin qilayotgan, aholi orasida vahima keltirib chiqarishga qaratilgan uydirmalar, shuningdek, asossiz ma'lumotlarni tarqatayotgan akkauntlarni aniqlash va ularning egalariga nisbatan qonunda belgilangan tartibda huquqiy ta'sir choralarini ko‘rish ishlari ham olib borilayotganligini yana bir bor eslatib o‘tmoqchiman. 

Koronavirusga qarshi birgalikda kurash olib borib, karantin qoidalari va sanitariya cheklovlariga rioya qilish o‘zimiz va oila a'zolarimiz hamda yurtdoshlarimizning salomatligini asrash borasidagi eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini unutmaylik», deydi u.

Avvalroq Ichki ishlar vaziri 15 martidan 22 mart kuniga qadar koronavirus aniqlangan 42 kishining 16 nafari bitta bemor bilan aloqda bo‘lganini ma'lum qilgan edi. 12731 nafari tibbiy kuzatuvda qolmoqda. Ayni paytda tibbiy kuzatuvdagi shaxslardan 7416 nafari shifoxonalarda, 5315 nafari «oilaviy karantin»da saqlanmoqda. Uy sharoitida karantin o‘tayotgan fuqarolar, belgilangan qoidalarga rioya qilishlari, karantin tartiblarini buzib tashqariga chiqishlarini oldini olish va aholining xotirjamligini ta'minlash maqsadida, jami 9564 nafar, ya'ni har bir uyga bir nafardan profilaktika inspektori, mahalla raisi va tibbiyot xodimi biriktirilgan.

  • Yangi karantin choralariga ko‘ra, O‘zbekistonda 23 martdan jamoat joylarida shaxsiy himoya vositalari (niqob)siz bo‘lgan shaxslarga «ogohlantirish» beriladi. 
  • 25 mart kuni soat 6:00dan boshlab ushbu holat qayd etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida (223 ming so‘m), mazkur holat yana qaytariladigan bo‘lsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari (669 ming so‘m) miqdorida jarima qo‘llanadi.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top