22:55 / 22.03.2020
9510
Moliya vaziri: Xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘larini olishda hech qanday muammo bo‘lmaydi

2020 yilda budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari va boshqa manbalar hisobidan 1 mlrd AQSh dollari miqdorigacha tashqi qarz mablag‘larini jalb qilish choralari ko‘riladi.

O‘zbekiston xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli qarzlarini qisqa muddatlarda jalb qilish bo‘yicha hech qanday muammo bo‘lmaydi. Bu haqda O‘zbekiston moliya vaziri Timur Ishmetov “O‘zbekiston” telekanaliga bergan intervyusida ma'lum qildi.

Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro moliya tashkilotlari rivojlanayotgan davlatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘lar ajratadi. Bu mablag‘lar ishlab chiqarish, bandlikni ta'minlash, aholi farovonligini yaxshilashga qaratilgan siyosatni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

“O‘zbekistonda so‘nggi uch yil davomida amalga oshirilayotgan beqiyos islohotlarning natijalarini butun dunyo ko‘rib turibdi. Xalqaro moliya institutlari mazkur islohotlarni takror-takror e'tirof etib kelmoqda. Bu islohotlar ana shu mablag‘larning tezkorlik bilan jalb qilinishiga zamin yaratgan.

Ayni kunlarda dastlabki muloqotni boshladik. Xalqaro moliya tashkilotlari vakillaridan biri O‘zbekiston prezidentining “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonini shu kungacha dunyo mamlakatlari tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlar orasida eng mukammali deb e'tirof etdi. Ularni ayniqsa farmonning ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilgan qismi hayratga soldi. Xalqaro moliya tashkiloti vakillarining ta'kidlashicha, ular bu farmonni qisqa muddatda, 4-6 hafta ichida ajratilishi ko‘zda tutilgan mablag‘ning berilishiga kafolat deb hisoblashmoqda”, dedi moliya vaziri.

Eslatib o‘tamiz, 20 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, 2020 yilda budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari va boshqa manbalar hisobidan 1 mlrd AQSh dollari miqdorigacha tashqi qarz mablag‘larini jalb qilish choralari ko‘riladi.  

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top