15:18 / 22.03.2020
27590
OTMlardagi karantin hisobiga yozgi ta'til muddati qisqarishi mumkin

Karantin davrida berilgan rejadan tashqari ta'til tufayli talabalarning yozgi ta'til muddati qisqarishi mumkin. Bu hada Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov ma'lum qildi.

Foto: KUN.UZ

«Karantin sabab yozdagi ta'til muddati qisqarishi tabiiy, uning muddati karantin sababli berilgan ta'tilning qancha vaqt davom etishiga bog‘liq.

Hozir navbatdan tashqari ta'til necha kunga cho‘zilishidan qat'i nazar, biz talabalarga masofaviy va mustaqil ta'lim olish orqali o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishlariga imkoniyat yaratib beryapmiz», – deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Begimqulov karantin ta'tili haqida qo‘shimcha ma'lumotlarni ham keltirib o‘tdi.

«Ta'lim muassasalaridagi ta'til ta'lim shaklidan qat'i nazar barcha talabalarga tegishli. Nafaqat kunduzgi yoki sirtqi ta'limdagi, balki qayta tayyorlash va malaka oshirishda o‘qiyotgan va o‘qishi lozim bo‘lganlarga ham ta'til taalluqli.

Shu bilan birga, professor-o‘qituvchilarni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida masofaviy ta'lim to‘liq joriy etilgan, sirtqi ta'lim uchun ham yetarli elektron resurslar mavjud.

23 martdan boshlab Toshkent shahridagi OTMlarning professor-o‘qituvchi va xodimlarining aksariyat qismi belgilangan tartibda mehnat ta'tiliga chiqariladi, qolgan xodimlarning faoliyati maksimal darajada masofadan turib tashkil etiladi», – dedi vazir o‘rinbosari.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top