10:05 / 22.03.2020
210365
O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanishning yana bir holati qayd etildi

O‘zbekistonda yana bir kishida koronavirusdan zararlanish holati qayd etildi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, ushbu infeksiya aniqlangan fuqaro Shveytsariyada bo‘lib qaytgani ma'lum bo‘ldi.

Endilikda O‘zbekistonda koronavirus bemorlari soni 42 nafarni tashkil qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayevning telegram kanalida ma'lum qilishicha, ayni vaqtda virusologiya ilmiy tekshirish institutida bo‘lib turgan 42 nafar bemorning 9 nafarida o‘pkaning yallig‘lanishi, ya'ni pnevmoniya holati qayd qilingan. Og‘ir ahvoldagi bemorlar yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda virusdan zararlanishning ilk holati 15 mart kuni qayd etilgan, Parijdan uchib kelgan ayolga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgandi. Keyinroq London, Istanbul va Dubaydan kelgan aviareyslar yo‘lovchilarida hamda ular bilan aloqada bo‘lganlarda virus aniqlandi. Shveytsariyadan kelgan reys O‘zbekistonga virus kirib kelgan beshinchi yo‘nalish bo‘ldi.

  • So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, butun dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 308 mingdan ortiqni tashkil qilmoqda, 95 mingdan ortiq kishi tuzalgan, qurbonlar soni 13 mingdan ortiq.
  • Ayni vaqtda virusdan eng ko‘p jabr chekayotgan davlatlar (Xitoydan keyingi o‘rinlarda, virus o‘chog‘i bo‘lgan bu davlatda virus tarqalishiga deyarli barham berildi) Italiya (53578 bemor, 4825 qurbon), AQSh (26867 bemor, 348 qurbon), Ispaniya (25364 bemor, 1381 qurbon), Germaniya (22364 bemor, 84 qurbon), Eron (20620 bemor, 1556 qurbon) va Fransiya (14459 bemor) bo‘lib turibdi.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top