13:35 / 22.03.2020
49069
O‘zbekistonga qaytishni so‘rab murojaat qilgan xorijdagi vatandoshlar soni ochiqlandi

22 mart holatiga ko‘ra, operativ shtablarga 5800dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytishni so‘rab murojaat qildi. 7ta charter reysi orqali 1750dan ortiq vatandosh O‘zbekistonga olib kelindi.

Foto: Uzbekistan Airways

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va respublikaning chet eldagi 53ta elchixona va konsulxonalarida operativ shtablar tuzilgan.

22 mart holatiga ko‘ra, operativ shtablarga 5800dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi va 2800dan ortiq chet el fuqarosi vatanga qaytishni so‘rab murojaat etgan.

Bu haqda vazir maslahatchisi Jahongir Xidayxo‘jayev 22 mart kuni AOKA qoshida koronavirusga qarshi maxsus tashkillashtirilgan shtabda, «UzReport» telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatilgan brifingda ma'lum qildi.

«Rossiya, Turkiya, Misr, Hindiston, Malayziya, Koreya Respublikalaridan 7ta charter reyslari orqali jami 1750dan ortiq fuqarolarimiz vatanga qaytarildi. Ular 14 kunlik karantinga olingan.

Turli yo‘nalishlarda charter reyslar tashkil etish bo‘yicha ishlar davom etmoqda», – dedi vazir maslahatchisi.

Xidayxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, diplomatik vakolatxonalarning barcha xodimlari operativ shtablarga biriktirilgan, vakolatxona rahbarlari esa shtab faoliyatiga shaxsan boshchilik qilmoqda.

Operativ shtablar quyidagilar bilan shug‘ullanmoqda:

  • O‘zbekistonga qaytishni istagan fuqarolarning ro‘yxatini shakllantirish;
  • xorijiy davlatlarning o‘z fuqarolarini O‘zbekistondan olib chiqish bo‘yicha murojaatlarini o‘rganish;
  • Respublika maxsus komissiyasiga charter reyslarni tashkillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish;
  • hamyurtlarimizning chet el hududida qonuniy bo‘lib turishlari viza va boshqa turdagi ro‘yxatdan o‘tish masalalarini hal qilishda amaliy ko‘mak berish;
  • chet el davlatlaridan tibbiyot sohasining tajribali mutaxassislarini jalb etish;
  • koronavirusni aniqlash vositalarini mamlakatimizga olib kelish bo‘yicha choralar ko‘rish;
  • koronavirusga qarshi kurashishda xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish va O‘zbekistonning vakolatli tashkilotlariga yetkazish;
  • fuqarolarimizning ahvolini o‘rganish va ular bilan doimiy muloqotda bo‘lish.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top