15:05 / 22.03.2020
15030
Talabalar, kollej va litsey o‘quvchilari uchun televizion darslar yo‘lga qo‘yilmoqda

Ta'lim muassasalarida karantin tufayli darslar to‘xtatilgani bois talaba va o‘quvchilar uchun o‘tiladigan masofaviy ta'lim grafigi ma'lum qilindi.

Foto: Fotolia

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari karantinga yopilgani bois talabalar hamda o‘quvchilarga telekanallar va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalar orqali masofaviy ta'lim yo‘lga qo‘yiladi.

Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov AOKA qoshidagi maxsus shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda ma'lumot berdi.

«Oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalarida o‘quv dasturlarimizdagi mavzularni onlayn o‘tkazib borish tizimini yo‘lga qo‘ydik. Ta'til vaqtida talabalarning bilim olish darajasini masofadan turib qo‘llab-quvvatlash maqsadida Telegram ijtimoiy tarmog‘ida @eduuz_online loyihasi yo‘lga qo‘yildi. OTMlarning eng malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan videoma'ruzalar ushbu kanalga muntazam joylashtirib boriladi», deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, UzReport va «Mening yurtim» (MY5) telekanallari orqali ham oliy o‘quv yurtlari talabalari va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari o‘quvchilari uchun aniq grafik asosida videodarslar uzatiladi.

«Mening yurtim (MY5) telekanalida haftaning dushanbadan juma kuniga qadar soat 10:30dan 12:00gacha OTM talabalari uchun psixologiya va ingliz tili fanlaridan ma'ruza mashg‘ulotlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilmoqda.

UzReport telekanali bilan hamkorlikda tashkil etigan «Teledars» ko‘rsatuvi ham o‘quvchilarga uydan chiqmasdan sifatli ta'lim olish imkonini beradi.

«Teledars»da dam olish kunlaridan tashqari har kuni 10:15da geografiya, 11:15da matematika, 12:15da fizika fanlaridan darslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatiladi», dedi Uzoqboy Begimqulov.

Qo‘shimcha qilinishicha, «Teledars» dasturini UzReport telekanalning Facebook va YouTube manzillari orqali bevosita onlayn efirda ko‘rish, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Facebook sahifasi va YouTube kanalida ham masofaviy darslarni kuzatib borish mumkin.

«Respublika OTMlarida o‘quv jarayoni uzluksizligini ta'minlash hamda talabalarning bilim olish darajasini masofadan turib metodik qo‘llab-quvvatlash maqsadida masofaviy ta'lim platformasi ishlab chiqildi.

Fanlarning elektron o‘quv-resurslari (video, audio, multimediyali materiallar, taqdimot va boshqalar)ni yaratish hamda platformaga joylashtirish ishlari olib borilmoqda. Talabalar uchun masofaviy ta'lim platformasidan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqildi.

Ushbu platformalar kelgusi haftadan boshlab ishga tushiriladi.

Bu esa ta'tildan so‘ng ham talabalarga mustaqil o‘rganish imkoniyatini berib, vaqtdan tejashimizga yordam beradi.

Shuningdek, ma'lum bir fanlarni individual grafik asosida o‘zlashtirish imkoniyati ko‘rib chiqiladi», – deya ma'lum qild Uzoqboy Begimqulov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top