18:56 / 22.03.2020
11790
Xorijdan kelgan fuqarolarni karantinda saqlash xarajatlari davlat budjetidan qoplanmoqda

Xorijdan charter reyslar bilan olib kelingan O‘zbekiston fuqarolarini karantinda saqlash bilan bog‘liq barcha xarajatlar davlat budjeti mablag‘laridan qoplanmoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Xorijdan olib kelingan o‘zbekistonliklar 14 kunlik karantinda saqlanish mobaynida bepul oziq-ovqat bilan ta'minlanmoqda. Ularning 3 mahal issiq ovqat bilan ta'minlanishi, madaniy hordiq chiqarishlari ― hammasini davlat o‘z zimmasiga olgan.

Bundan tashqari, ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy, maishiy xizmatlar ham davlat budjeti mablag‘lari asosida qilinyapti», – dedi Almatov 22 mart kungi brifingda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Inqirozga qarshi jamg‘arma tashkil etilib, unga 10 trillion so‘m ajratilishi belgilangan. Shundan 1 trillion so‘m mablag‘ – koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Foto: Moliya vazirligi

O‘zbekistonning bosh davlat sanitariya vrachi charter reyslar bilan olib kelinayotgan fuqarolar karantinga joylashtirilayotgan binolar haqida ham axborot berdi.

«Respublikada 11ta xalqaro aeroport bor. Aeroportlarning yo‘lovchi qabul qilish quvvati, ularni 14 kun saqlash imkoniyatiga ega bo‘lgan muassasalarga yaqinligi nuqtayi nazaridan ularning yaqinida karantin uchun joy ajratilmoqda. Xalqaro aeroportlar yaqinidagi shunday binolarning barchasi o‘rganib chiqilgan.

Hozirgacha charter reyslar orqali 6 ming nafardan ortiq fuqaromiz chet eldan olib kelinib, sanatoriya, shifoxona va boshqa moslashtirilgan binolar ― dam olish, sog‘lomlashtirish oromgohlariga joylashtirib, karantinda saqlanmoqda», dedi Bahrom Almatov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top